Taomnomani oʻzbek tilida yozmagan oshxonaga nisbatan ish qoʻzgʻatildi
Korxona masʼuliga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli sud organiga yuborilgan.

Navoiyda taomnomani oʻzbek tilida yozmagan oshxonaga chora qoʻllandi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi xabar berdi.
Fuqaro E.N. Navoiy shahrida joylashgan “NAVOIY-SAXOVAT MANZILI” MChJga tegishli umumiy ovqatlanish maskanida isteʼmolchilar huquqlarini cheklash holatlari mavjudligi yuzasidan Raqobat qoʻmitasining Navoiy viloyati hududiy boshqarmasiga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish davomida isteʼmolchilar uchun jamiyatning toʻliq nomi va soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR) hamda ushbu maʼlumotlarni skanerlash imkonini beruvchi maxsus QR-kod, ish rejimi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va mahsulotlarda narxnomalar qoʻyilmaganligi aniqlangan.
Shuningdek umumiy ovqatlanish mahsulotlarining tayyor taomlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar isteʼmolchiga davlat tilida taqdim etilmaganligi holatlari aniqlandi.
Yuqoridagilarga koʻra, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “NAVOIY-SAXOVAT MANZILI” MChJga nisbatan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 75-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarni) ishlab chiqarish va sotish Qoidalari” talablari buzilishi alomatlari bilan ish qoʻzgʻatilgan.
Qonunbuzilishi holatini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi.
Shuningdek, jamiyat masʼuliga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli sud organiga yuborildi.