Ravshanbek Begmatov Oʻzbekiston tumani hokimi etib tayinlandi
Avval bu lavozimda Sherzod Yuldashev ishlayotgandi.

Oʻzbekiston tumaniga yangi hokim tayinlandi.
11 mart kuni Xalq deputatlari Oʻzbekiston tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi. Sessiyada lavozimidan ozod etilgan Sherzod Yuldashev oʻrniga yangi tuman hokimini tayinlash bilan bogʻliq tashkiliy masala koʻrildi.
Hozirga qadar Suv xoʻjaligi vazirligi irrigatsiya tizimlaridan va yirik gidrotexnika inshootlaridan foydalanish boshqarmasi boshligʻi boʻlib ishlab kelgan Ravshanbek Begmatov Oʻzbekiston tumani hokimi etib tasdiqlandi.
Ravshanbek Begmatov 1984 yilda Dangʻara tumanida tugʻilgan. Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutini tamomlagan.
Mehnat faoliyatini 2007 yilda Fargʻona viloyati “Suvnazorat” inspeksiyasi yetakchi mutaxassisi vazifasida boshlagan.
2011-2020 yillarda Fargʻona viloyati “Suvnazorat” inspeksiyasi boshligʻi, Sirdaryo-Soʻx irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari, Katta Fargʻona magistral kanali boshqarmasi boshligʻi, Fargʻona vodiysi kanallaridan foydalanish boshqarmasi boshligʻi lavozimlarida ishlagan.
2020-2024 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati boʻlgan.