“Vahima koʻtarishga asos yoʻq”. Bosh vazir matbuot kotibi ijtimoiy tarmoqlardagi xitoyliklar bilan bogʻliq xabarlarga izoh berdi
Soʻnggi paytlarda baʼzi axborotlarda goʻyoki Oʻzbekiston yerlari Xitoyga oʻtib ketayotgani haqida maʼlumotlar tarqalmoqda va hatto mazkur jarayonda Oʻzbekiston hukumatini harakatsizlikda va chorasizlikda ham ayblashmoqda. Platina.uz soʻroviga javoban Bosh vazir matbuot kotibi bunga munosabat bildirdi.

Soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekistonda xitoyliklar koʻpayib ketayotgani haqida turli xabarlarlar har xil koʻrinishda talqin qilinmoqda. Baʼzi axborotlarda goʻyoki Oʻzbekiston yerlari Xitoyga oʻtib ketayotgani haqida ham maʼlumotlar keltiriladi. Ana shu xabarlarni tarmoqlar orqali keng auditoriyaga tarqatayotganlar hatto mazkur jarayonda Oʻzbekiston hukumatini harakatsizlikda va chorasizlikda ham ayblashmoqda.
Mazkur xabarlar yuzasidan hukumatning munosabatini bilish maqsadida Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov bilan bogʻlandik va izoh oldik.
“Hozir butun dunyoda investitsiyalarning koʻchishi kuzatilmoqda. Prezidentimiz saʼy-harakatlari bilan Oʻzbekistonda iqtisodiyot rivojlanyapti. Ochiq va pragmatik siyosat olib borilyapti. Mamlakatga koʻplab sarmoyadorlar kirib kelmoqda. Albatta, bu rivojlanayotgan davlat uchun normal jarayon.
Qolaversa, mamlakatimizga nafaqat Xitoy, balki boshqa davlatlardan, masalan, Germaniya, Fransiya, Turkiya, Hindiston, Eron, Saudiya Arabistoni, Malayziya kabilardan ham koʻplab investorlar hamda tadbirkorlar kelib, faoliyat yuritmoqda.
Shu jumladan, oʻzbekistonlik tadbirkorlar yoki migrantlar turli davlatlarda, xususan, Xitoyda ham faoliyat yuritmoqda. Hozir dunyoning istalgan mamlakatida oʻzbek mahallalaridan tortib, oʻzbek tilida yozilgan nomlari magazin va milliy oshxonalarigacha topish mumkin.
Xitoy masalasiga kelsak, aholi soni boʻyicha dunyoda yetakchi, hatto Gʻarbiy Yevropa, Shimoliy Amerikada katta diasporalar bor. Lekin hech kim ularning xavfi borligi toʻgʻrisida gapirmaydi. Shunday ekan bu borada hech qanday xavotirga oʻrin yoʻq. Bu huddiki markazlashgan holda uchinchi tomonning manfaati bilan boshqarilayotgan manipulyatsion kompaniyaga oʻxshaydi. Shuning uchun yurtdoshlarimizdan provokatorlarning turli manipulyatsiyalariga ishonmaslikni soʻraymiz.
Xitoy Oʻzbekistonning tarixiy va yaqin hamkori hamda strategik sherigidir. U bizning hududiy yaxlitligimiz va suverenitetimizni hurmat qiladi hamda qatʼiy qoʻllab-quvvatlaydi. Hatto bu boʻyicha alohida shartnoma ham imzolangan. Yaʼni, bundan vahima koʻtarishga asos yoʻq.
Yana bir misol: Oʻzbekistonda tahsil olayotgan talabalar orasida hindistonliklar ham koʻpchilikni tashkil qiladi. Bugungi kunda, agar adashmasam, olti ming nafardan ziyod hindistonlik aynan Oʻzbekiston OTMlarida tahsil olmoqda. Lekin bu degani Oʻzbekistonni hindlar egallab oladi, degani emas-ku!
Qaytaraman, Oʻzbekiston avvalgidek yopiq davlat emas. Odamlardan biroz toqatli boʻlishni, turli xil yolgʻon yoki provokatsion axborotlarga uchmaslikni soʻraymiz”, dedi Bekzod Hidoyatov.