Turkiyadagi oʻzbekistonliklar jiddiy ogohlantirildi
Ayrim shaxslar aeroportlarda yoʻlovchilardan oʻz yuklarini Oʻzbekistonga yetkazib berishni iltimos qilishi mumkin.

Oʻzbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi fuqarolarni ogohlantirdi.
Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi aviaqatnovlar davomida ayrim shaxslar aeroportlarda sizdan oʻz yuklarini Oʻzbekistonga yetkazib berishni iltimos qilishi mumkin.
Ular turli bahonalar bilan (masalan, ogʻir kasal qarindoshi borligi yoki yukni joʻnatish imkoniyati yoʻqligi) sizni ishontirishga harakat qilishadi.
"Biroq, bunday vaʼdalarga ishonmang va begona yukni hech qanday holatda qabul qilmang", deyiladi xabarda.
Oʻtgan yillarda bir necha Oʻzbekiston fuqarolari aynan shunday vaziyatlarga tushib qolgan va noqonuniy yuklarni, jumladan narkotik moddalar va soxta hujjatlarni bilmasdan olib oʻtganlari uchun hibsga olingan:
2023 yil – Istanbul aeroportida 27 yoshli Oʻzbekiston fuqarosi nomaʼlum shaxsning iltimosiga binoan yukni olib oʻtishga rozi boʻldi. Biroq, chegarada tekshiruv vaqtida yuk ichidan katta miqdorda narkotik moddalar topildi.
Natijada, u 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.
2022 yil – Antaliya shahridan Toshkentga qaytayotgan yana bir fuqaro oʻziga notanish kishining yukini olib oʻtishga rozi boʻlgan. Yuk tarkibida soxta pasport va noqonuniy hujjatlar borligi aniqlanib, fuqaro bir necha yilga ozodlikdan mahrum etildi.