Germaniyada aeroport xodimlari ommaviy ish tashladi
Bu ish tashlash 500 mingdan ortiq yoʻlovchiga taʼsir qilishi kutilyapti.

Germaniya aeroportlarida milliy ish tashlash tufayli yuzlab reyslar bekor qilindi.
Aeroport ishchilarining ish tashlashi 9 mart kuni Gamburg aeroportida boshlangan va shundan soʻng butun mamlakat boʻylab ish tashlashga aylangan.
Nemis OAVlari kun davomida minglab reyslar bekor qilinishini, bu esa 500 mingdan ortiq yoʻlovchiga taʼsir qilishi haqida xabar bermoqda.
Gamburg aeroportida dushanba kuniga rejalashtirilgan 143 ta reysning barchasi bekor qilindi. Myunxen aeroporti “parvozlar jadvali sezilarli darajada qisqargani” haqida ogohlantirdi va bugun kutilayotgan 820 ta reysning aksariyat qismini bekor qildi.
Frankfurtda joylashgan Lufthansa oʻz yoʻnalishlari boʻylab "kechikishlar va keng qamrovli bekor qilishlarni" tasdiqladi.
Aviakompaniyaning bugungi kunga rejalashtirilgan 1770 ta reyslarining aksariyati allaqachon bekor qilingan.
Shtutgart, Dyusseldorf, Kyoln va Berlinda yana yuzlab bekor qilinishi kutilmoqda.
Germaniya davlat sektori va transport xodimlari vakili boʻlgan Verdi kasaba uyushmasi vakili ish tashlash koʻplab yoʻlovchilarga taʼsir qilishini tan oldi, ammo ish beruvchilardan yaxshiroq shartlarni yutib olish zarurligini aytdi.
Kasaba uyushmasi aeroport ishchilarining maoshini 8 foizga oshirishni (oyiga kamida 350 yevro), shuningdek, bonuslar va qoʻshimcha dam olish vaqtini oshirishni talab qilmoqda. Ish beruvchilar hozirgacha bu talablarni bajarib boʻlmaydigan deb rad etishdi.
Verdi aeroportdagi ish tashlashdan tashqari, Germaniyaning bir qancha shaharlarida, jumladan, oʻtgan haftadan beri chiqindi qutilari boʻshatilmagan Berlin, Essen va Kiyelda ham chiqindi yigʻuvchilarni ish tashlashga chaqirdi.