Buxoroda prokuror katta yordamchisi ushlandi
Xorazmda esa ishga kiritib qoʻyishni vaʼda qilgan MIB xodimi qoʻlga olindi.

Buxoroda prokuror katta yordamchisi ushlandi.
2024 yilning iyun oyida Jondor tumani prokuraturasi tomonidan paxta va gʻalla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xoʻjalik rahbariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi 2024 yilning noyabr oyida mazkur tuman sudi tomonidan koʻrib chiqilib, sudlanuvchiga nisbatan oylik maoshining 20 foizini ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanadi.
Lekin, sudlanuvchiga ogʻirroq jazo turi tayinlanishi lozimligi yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan sud hukmiga nisbatan kassatsiya protesti kiritiladi.
Vaziyatdan xabardor boʻlgan Jondor tumani prokurorining katta yordamchisi fermer xoʻjalik rahbariga nisbatan dastlabki instansiya tomonidan chiqarilgan hukmni sudya orqali oʻzgartirishsiz qoldirish evaziga 3 ming AQSh dollari talab qilib, dastlab 500 AQSh dollari oladi.
Ammo, u qolgan 2500 AQSh dollarini Buxoro shahrida olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Prokuratura organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Urganch shahrida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda Majburiy ijro byurosining Xorazm viloyati boshqarmasi Surishtiruv va maʼmuriy amaliyot shoʻʼbasi katta surishtiruvchisi oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, Shovot tumanida yashovchi fuqaroni vakolatli hamkasblari orqali MIB tizimiga ishga kiritib qoʻyish evaziga 2 ming AQSh dollari talab qilib, shundan 1800 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.