Suriyada xavfsizlik kuchlari 50 nafardan oshiq alavitlarni otib oʻldirdi
Alavitlar sobiq prezident Bashar Asad mansub boʻlgan qatlam sanaladi.

Suriyaning yangi hukumatiga sodiq xavfsizlik kuchlari gʻarbiy Latakiya viloyatida alavit ozchilikka mansub 52 kishini otib oʻldirgani aytilmoqda.
Bu haqda Britaniyada joylashgan Suriya Inson huquqlari observatoriyasi (SOHR) xabar bermoqda.
SOHR Latakiyadagi uylardan birining bogʻida oʻnlab fuqarolik kiyimidagi jasadlar toʻplanib qolgani aks etgan videotasvirga tayanib maʼlumot bermoqda.
Mamlakat ichki ishlar vazirligidagi manba Suriyaning rasmiy SANA axborot agentligiga bergan intervyusida “individual qoidabuzarliklar” boʻlganini tan oldi va ularni toʻxtatishga vaʼda berdi.
OAV bu odamlar Suriyaning yangi hukmdorlari qoʻl ostidagi kuchlar tomonidan oʻldirilgani haqidagi daʼvolarni tasdiqlay olmagan.
Avvalroq Latakiyada xavfsizlik kuchlari va hokimiyatdan agʻdarilgan prezident Bashar Asad tarafdorlari oʻrtasida toʻqnashuvlar boʻlgani maʼlum boʻlgan edi.
SOHR maʼlumotlariga koʻra, ularda 70 dan ortiq kishi halok boʻlgan.