Savdo-sanoat palatasi huzurida Tadbirkor ayollar kengashi tashkil etiladi
"2025 yil ayollar bandligini taʼminlashda hal qiluvchi yil boʻladi. Jami 2 mln ayol bandligi taʼminlanadi", deyiladi prezident nutqida.

Savdo-sanoat palatasi huzurida Tadbirkor ayollar kengashi tashkil etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev xotin-qizlar bayramiga atalgan bayram nutqida maʼlum qildi.
Ushbu kengash joylarda ayol tadbirkorlarni qiynayotgan hayotiy muammolarni hal qilish boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri parlament oldiga masalalar qoʻyadi.
Prezidentga koʻra, Savdo-sanoat palatasi raisi oʻrinbosari Nodira Shotursunova bu ishlarga bosh-qosh boʻladi.
Bu yil 2 million nafar ayollar bandligini taʼminlash, shundan 1 million 300 ming nafar xotin-qizni tadbirkorlikka jalb etish reja qilingan. Buning uchun tijorat banklari tomonidan ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun qulay moliyaviy paketlar taqdim etiladi.
Bu yil mahallalarda ayollar tadbirkorligi loyihalari uchun qoʻshimcha 3,3 trillion soʻm ajratiladi. Xususan, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida yana 100 million dollar beriladi. Bunga qoʻshimcha ravishda tijorat banklari ham 100 million dollar jalb qilib, mahallalarda oʻzini oʻzi band qilgan xotin-qizlarga 50 million soʻmgacha garovsiz kreditlar ajratadi.
Shuningdek, mahallada 5 nafar ayolni biznesga olib kirgan 1 ming nafar “ustoz” tadbirkorlarga 50 million soʻmgacha grant ajratiladi.
Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha 4 bosqichli yangi tizim yoʻlga qoʻyiladi.
"Umuman, 2025 yil ayollar bandligini taʼminlashda hal qiluvchi yil boʻladi. Xotin-qizlarni kasb-hunarga oʻqitish, ishli qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish hisobidan 2 million nafar ayolning bandligi taʼminlanadi", deyiladi prezident nutqida.