platina.uz

Oʻzbekiston va Gruziyaning oʻzaro savdo hajmi 1 mlrd dollarga yetkaziladi

Samarqand va Batumi, Buxoro va Msxeta shaharlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik kuchaytiriladi. 

Siyosat
7-mart, 12:06
Oʻzbekiston va Gruziyaning oʻzaro savdo hajmi 1 mlrd dollarga yetkaziladi

Gruziya bosh vvaziri Irakli Kobaxidze rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonda boʻldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Irakliy Kobaxidze boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv avvalida oliy martabali mehmon davlat rahbariga Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvilining salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport-logistika, turizm va madaniyat sohalaridagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Parlamentlar va hukumatlar darajasidagi aloqalar faollashgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. 2024 yilda oʻzaro tovar ayirboshlash 50 foizga oshdi, qoʻshma korxonalar soni va yuk aylanmasi hajmi koʻpaydi.

Poytaxtlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda gruziyalik investorlar ishtirokida tashkil etilgan raqamli bank faoliyat yuritmoqda. Gumanitar yoʻnalishda oʻtgan yili Tbilisi shahrida Oʻzbekiston madaniyati va kinosi kunlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

Suhbatda shu kunlarda Toshkent shahrida oʻtgan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishining yakunlari yuksak baholandi.

Tovar ayirboshlash surʼatini saqlab qolish, eksport va import mutanosibligini taʼminlash, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ilgari surish, transport-tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, ikki mamlakat hududlarini iqtisodiy hamkorlikka faol jalb qilish boʻyicha oʻzaro muvofiqlashgan choralar koʻrish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, Irakli Kobaxidze dastlab Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida Toshkent shahridagi Texnoparkka tashrif buyurdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida barpo etilgan mazkur zamonaviy innovatsion majmuada 365 million dollardan ortiq toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar evaziga 16 ta ishlab chiqarish maydoni joylashgan.

Gruziya Bosh vaziriga Texnopark korxonalarida ishlab chiqarilayotgan keng turdagi yuqori texnologik mahsulotlar, shu jumladan maishiy texnika, elektron hisoblagichlar, liftlar, suv nasoslari, sanoat konditsionerlari, sovutish uskunalari, lift va boshqalar namoyish etildi.

Soʻngra Toshkent shahrida ikki mamlakat hukumat delegatsiyalarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda tovar ayirboshlash hajmi va uning tarkibi mamlakatlar salohiyatiga mos emasligi, Oʻzbekiston-Gruziya oʻrtasidagi Erkin savdo kelishuvi imkoniyatlarini toʻliq ishga solib, yaqin yillarda savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish uchun barcha zarur shart-sharoitlar mavjudligiga eʼtibor qaratildi.

Bunday natijaga toʻqimachilik, poyabzal va charm, elektrotexnika, oziq-ovqat mahsulotlari, rangli va qora metallar, meva-sabzavot, kimyo mahsulotlari, qurilish materiallari va boshqa tovarlar oldi-sotdisiga keng yoʻl ochish orqali erishish mumkinligi qayd etildi.

Hududlararo hamkorlik oʻzaro munosabatlarning muhim omili boʻlishi mumkinligi, shu maʼnoda, Samarqand va Batumi, Buxoro va Msxeta shaharlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikning yoʻlga qoʻyilishi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalar rivojiga salmoqli hissa qoʻshishiga ishonch bildirildi.

Shuning bilan Gruziya Bosh vaziri Irakli Kobaxidzening mamlakatimizga amalga oshirgan ikki kunlik rasmiy tashrifi yakuniga yetdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+