Jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashishga daxldorlik shakllanadi
Korrupsiyaviy jinoyatlarning 75 foizi tuman va mahallada maishiy korrupsiya shaklida sodir etilmoqda.

Mazkur haftada boʻlib oʻtgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yigʻilishida Davlat rahbari ishtirok etib, yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish boʻyicha qilingan ishlar tahliliga toʻxtalib, kelgusida oldimizda turgan ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Jumladan, Prezident oʻz nutqida korrupsiya amalga oshirilayotgan islohotlar yoʻlidagi eng katta toʻsiq va gʻov ekanini alohida taʼkidladi. Haqiqatdan ham soʻnggi yillarda bu illatga qarshi kurashish boʻyicha qonunlar qabul qilinib, yangi tizim yaratildi. Parlament palatalarida masʼul qoʻmitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.
Ammo, erishilgan yutuqlar va ijobiy natijalarni eʼtirof etish bilan birga korrupsiyaga qarshi kurashish doimiy jarayon ekaninini unutmaslik kerak. Shu bois, yigʻilishda galdagi hal etilishi lozim boʻlgan masalalarga jiddiy eʼtibor qartildi.
Jumladan, huquq-tartibot idoralari, asosan, korrupsiyani aniqlash va jazolash bilan ishlab, korrupsiyaviy omillarni tag-tomiri bilan yoʻqotadigan preventiv choralar eʼtiborsiz qolayotgani qayd etildi.
Korrupsiyaviy jinoyatlarning 75 foizi tuman va mahallada maishiy korrupsiya shaklida sodir etilayapti. Shu bois endi Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari tarkibi toʻliq yangilanadi. Ularga viloyat xalq deputatlari kengashi raislari bosh boʻladi.
Davlat xaridlarida korrupsiyaning oldini olish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maqsadda Ekspert komissiyasi tuziladi. Ilgʻor tajriba asosida davlat xaridlarida tovarlarning oʻrtacha bozor narxlari koʻrinib turadigan elektron platforma yaratiladi. Bunda, davlat xaridlarida sotib olinadigan tovar va xizmatlar narxi oʻrtacha bozor narxidan koʻpi bilan 20 foizdan oshmasligi shart. Ushbu talabni buzganlik uchun qonun bilan javobgarlik va jarimalar joriy qilinadi.
Byudjet va byudjetdan tashqari mablagʻ hisobidan asosiy vositalarni xarid qilish boʻyicha talablar ham kuchaytirilishi belgilandi. Davlat idoralarining xaridlarida mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan transport va mebelga ustuvorlik berish zarurligi qayd etildi. Yirik loyihalarni yuqori darajadagi korrupsiyaga qarshi standartlardan kelib chiqib baholash talabi qoʻyildi.
Umuman olganda yigʻilishda Davlatimiz rahbari 55 ta aniq maqsadga yoʻnaltirilgan tashabbuslarni ilgari surdi. Ular doirasida 5 ta qonun, 12 ta farmon va qarorlar ishlab chiqiladi.
Qolaversa, korrupsiyaga qarshi kurashishda parlament, Milliy va hududiy kengashlar, fuqarolik jamiyati institutlarining roli oshiriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari kuchayadi. Deklaratsiyalash, noqonuniy boylik orttirishga oid yangi tartiblar kiritilishi natijasida korrupsiya omillari cheklanadi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, tashkilotlardagi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati kuchaytiriladi.
Prezident jamoatchilik vakillari va nodavlat notijorat tashkilotlariga murojaat qilib, bu illatga qarshi samarali kurashishda faol boʻlishga chaqirdi. Masalan, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha konvensiya talablarini monitoring qilishga nodavlat tashkilotlar jalb qilinsa, katta samara berishiga ishonch bildirishlarining oʻzi bizga katta masʼuliyatni yuklaydi.
Mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashishda nodavlat notijorat tashkilotlarini faol qoʻllab-quvvatlash, ular bilan birga alohida loyihalarni amalga oshirish maqsadida har yili 10 milliard soʻm mablagʻ ajratib borilishi belgilandi.
Ishonch bilan aytishim mumkinki, NNTlarning ushbu islohotlardagi faol ishtirokining yuzaga kelishi natijasida aholining, ayniqsa, yoshlarning huquqiy ongi yuksaltirilib, jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashishga daxldorlik hissi shakllanadi.
Ismat Naimov, “Buyuk ipak yoʻli” Buxoro viloyati madaniy-maʼrifiy markazi rahbari Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori PhD