Andijonda 300 ming dollarga yer sotmoqchi boʻlgan aka-ukalar qoʻlga olindi
Navoiyda esa xususiy tadbirkor 1 mlrd soʻm olayotganda ushlangan.

Toʻrt viloyatda yer maydonlarini noqonuniy sotish bilan bogʻliq holatlar aniqlandi.
Navoiy viloyatining Karmana tumanida yashovchi xususiy tadbirkor oʻzganing ishonchiga kirib, tuman hokimligi zaxirasida boʻlgan 1 gektar boʻsh yer maydonini goʻyoki oʻziga tegishli ekanligini aytib, unga sotish va mansabdor tanishlari orqali kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 2 mlrd. soʻm talab qiladi.
Ammo, u soʻralgan pul mablagʻidan 1 mlrd. soʻmni Navoiy shahrida olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Andijon viloyatida kuzatilgan holatda esa Xoʻjaobod tumanida yashovchi, 1992 va 1994 yillarda tugʻilgan aka-uka davlat zaxirasida boʻlgan 2 gektar yer maydonini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 300 ming AQSh dollari talab qilishadi.
Lekin, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, ulardan biri soʻralgan pul mablagʻidan 50 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Fargʻona viloyati Uchkoʻprik tumanidagi paxtachilik va gʻallachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjalik rahbari mazkur xoʻjalikning 50 sotix sugʻoriladigan yer maydonini xaridorga 55 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, shundan 45 ming AQSh dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan uning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.
Boshqa holatda esa Quva tumanidagi qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat rahbari mazkur MChJning 10 sotix yer maydonini kadastr tizimidagi tanishlari orqali xaridor nomiga turar-joy sifatida rasmiylashtirib berish evaziga 35 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent shahar boshqarmasi hamda Toshkent shahar IIBB xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda poytaxtda yashovchi, 1964 y.t. fuqaro Toshkent tumanida joylashgan va davlat zaxirasida boʻlgan 16 sotix yer maydonining har bir sotixini 22 ming AQSh dollaridan jami 352 ming AQSh dollariga xaridorga sotishga kelishib hamda yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishni vaʼda qilib, oldindan 30 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning sherigi boʻlgan – Toshkent tumanida yashovchi, 1952 y.t., muqaddam firibgarlik bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan shaxs ham ushbu 30 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.