"Wizzair" oʻzbek tilida xizmat koʻrsatadigan boʻldi
Avvalroq ushbu kompaniya xodimlari va sobiq deputat Rasul Kusherbayev oʻrtasida til masalasida tortishuv yuz bergandi.

Vengriyaning "Wizzair" aviakompaniyasi Oʻzbekistonga reyslarida oʻzbek tilida xizmat koʻrsatishni taʼminlaydigan boʻldi.
Havo transportida xavfsizlik qoidalari hamda maʼlumotlar barcha yoʻlovchilar uchun aniq va tushunarli berilishi muhim.
Uchish davrida xavfsizlik qoidalari haqidagi maʼlumotlar xorijiy tilda berilishi yoʻlovchilarni tushunmovchilik va yoki qiyinchilikka olib kelishi mumkin.
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi Rasul Kusherbayevning “Samarqand-Abu-Dabi” yoʻnalishi bilan “Wizzair” aviakompaniyasi tomonidan koʻrsatilgan xizmatlardan foydalanganda aynan shunday muammoga duch kelgani yuzasidan qoldirgan murojaatini koʻrib chiqdi.
Raqobat qoʻmitasining olib borgan oʻrganishlarida murojaatchining uchish davrida aviakompaniyaning ekipaj aʼzolari tomonidan xorijiy tilda xavfsizlik qoidalari haqida maʼlumot berilgani maʼlum boʻlgan. Bu qoidalarni oʻzbek va rus tillarida tushuntirib berishlari soʻralganida xodim tomonidan unga nisbatan qoʻpol muomalada boʻlingan, bortni tark etishni talab qilingan va shu tarzda fuqaro mazkur reysda Abu-Dabiga yetib borgani maʼlum boʻldi.
Qoʻmita tomonidan Transport vazirligiga oʻrganishlar yuzasidan soʻrov xati yuborildi.
Natijada oʻzboshimchalik bilan xatti-harakatlarni amalga oshirgan mazkur aviakompaniya xodimlariga nisbatan chora koʻrildi. Yoʻl qoʻyilgan qonunbuzilishda yuzaga kelgan kamchilik va xatolarni bartaraf etish maqsadida ekipaj aʼzolariga parvozlar xavfsizligini taʼminlash, muomala madaniyati, har bir mamlakatning parvozga aloqador qonunlari va tartib-taomillari hamda aviayoʻlovchilarni hurmat qilish boʻyicha trening kurslari yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, aviakompaniya 2025 yilda Oʻzbekistonga xizmat koʻrsatuvchi har bir havo kemasida bort kuzatuvchi va xizmat koʻrsatuvchi personallar oʻzbek tilida faoliyat yuritishini yoʻlga qoʻyilishi taʼminlandi.