platina.uz

Shavkat Mirziyoyev yangi elchilarni qabul qildi

Ular prezidentga ishonch yorliqlarini topshirdilar.

Siyosat
6-mart, 17:49
Shavkat Mirziyoyev yangi elchilarni qabul qildi

Bugun, 6 mart kuni xorijiy davlatlarning Oʻzbekistonga yangi tayinlangan elchilari tomonidan ishonch yorliqlarini topshirishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev favqulodda va muxtor elchilar – Misrdan Tamer Fatxi, Italiyadan Pergabriyel Papadia de Bottini, Qirgʻiz Respublikasidan Duyshonqul Chotonov, Belarusdan Aleksandr Ogorodnikov, Gruziyadan David Kotariya va Turkiyadan Ufuk Ulutashning ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

Davlat rahbari diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini Yangi Oʻzbekistondagi sharafli missiyasi boshlangani bilan tabrikladi.

Joriy yilda Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarida raislik qilmoqda va Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan tarixiy sammitga tayyorgarlik koʻrmoqda.

Shuningdek, aprel oyida mamlakatda "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" birinchi sammiti, may oyida esa "Markaziy Osiyo - Koʻrfaz arab mamlakatlari" formatidagi ikkinchi uchrashuv boʻlib oʻtadi.

– Islohotlarimizdan koʻzlangan asosiy maqsad – har bir inson manfaatlarini taʼminlash va aholi daromadlarini oshirish, "kelajak iqtisodiyoti" va ilgʻor infratuzilmani barpo etish, jozibador investitsiya va ishbilarmonlik muhitini taʼminlashdan iborat. "Oʻzbekiston - 2030" strategiyasi doirasida belgilab olgan ulkan maqsad va rejalarimizni amalga oshirish uchun bizda yetarli salohiyat va imkoniyatlar, eng muhimi, kuchli intilish va siyosiy iroda bor, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Marosim yakunida diplomatlar samimiy qabul va samarali faoliyati uchun yaratilgan sharoitlarga minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston bilan koʻp qirrali hamkorlikni faol ilgari surish yoʻlida oʻzlarining butun professional tajribasi va bilimidan foydalanishga tayyor ekanini taʼkidladilar.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+