platina.uz

YHX boʻyicha qogʻozbozlik yoʻqolgani aytildi

Biroq davlat rahbarining topshiriqlari quyi boʻgʻinlarda bajarilmay qolib ketmoqda.

Siyosat
5-mart, 11:28
YHX boʻyicha qogʻozbozlik yoʻqolgani aytildi

Yoʻl harakati xavfsizligi inspektorlari bodi-kamera bilan xizmat oʻtayotgani, avtoraqamlar auksionda sotilayotgani, “qoʻl radari” va qogʻoz bayonnoma tuzish bekor qilingani uchun korrupsiya omillari keskin kamaydi, deyildi prezident boshchiligidagi yigʻilishda.

Qayd etilishicha, aholi va tadbirkorlarga “xalq xizmatidagi davlat” tamoyili asosida xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyilib, 120 turdagi hujjatlarni talab qilish, 160 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilingan.

Natijada 200 mingga yaqin yangi tadbirkorlar bozorga kirib keldi. Chet el ishtirokidagi korxonalar qariyb 5 karra oshib, 23 mingga yaqinlashdi. Elektron davlat xizmatlari soni 15 karra ortib, 721 taga yetdi, ulardan foydalanuvchilar esa 11 milliondan oshdi.

“Oldingi 25 yil davomida bu tushunchalar bizga yot edi. Koʻrib koʻrmaslikka olinardi. Bularni hech biri oʻzidan-oʻzi boʻlgani yoʻq. Hammasiga mashaqqatli mehnatimiz bilan erishdik. Eng muhimi – bularning hisobiga aholi, tadbirkorlar, xorijiy hamkorlarimiz, xalqaro tashkilotlar va investorlarning islohotlarimizga ishonchi mustahkamlandi", dedi Shavkat Mirziyoyev.

Biroq davlat rahbarining topshiriqlari quyi boʻgʻinlarda bajarilmay qolib ketayotgani uchrab turibdi. Masalan, yaqinda Platina.uz aynan shunday holatni oʻrganib, yoritgandi.

Yaʼni amalda talab qilish bekor boʻlib ketgan hujjatni avvaliga YHX xodimlari talab qilgan, keyin esa buni Davlat xizmatlari markazi pulga sotgan edi.

Holat yuzasidan biror tashkilot munosabat bildirgani yoʻq. Platina.uz Adliya vazirligi va DXM matbuot xizmatlari bilan bogʻlangan, ammo haligacha javob olmadi.

YHXX axborot xizmati rahbari esa xizmat tekshiruvi tayinlashi mumkinligini aytgan, lekin bu ham gapligicha qolib ketdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+