platina.uz
Jamiyat

Soliq, bojxona, bank xodimlari va hokim oʻrinbosari ishtirokidagi jinoiy toʻda aniqlandi

Ular soxta korxonalar ochib, xorijga amalda eksport qilinmagan mebel mahsulotlari uchun qaytarilgan QQS summasidan 24 mlrd. 580 mln. soʻmni talon-toroj qilishgan. 

Soliq, bojxona, bank xodimlari va hokim oʻrinbosari ishtirokidagi jinoiy toʻda aniqlandi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish yoʻnalishida tezkor-qidiruv tadbirlari olib borilgan.

Unda 17 nafar soliq idoralari xodimlari, 1 nafar bojxona organi xodimi, 1 nafar bank xodimi, 1 nafar tuman hokimining birinchi oʻrinbosari va 18 nafar tadbirkorlik subʼektlarining mansabdor shaxslaridan iborat uyushgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi.

Aniqlanishicha, ushbu guruh tomonidan 2020-2023 yillar davomida 8 ta soxta korxona tashkil qilinib, xorijga soxta eksport qilingan mebel mahsulotlari uchun qaytarilishi belgilangan 15 foiz qoʻshilgan qiymat soligʻining (QQS) salbiy farq summasini asossiz qaytarib olish orqali, ular jami 24 mlrd. 580 mln. soʻm byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilishgan.

Jinoiy guruh faoliyatini soliq idoralarining sobiq xodimi muvofiqlashtirib borgan va aynan mazkur shaxs norasmiy rahbarlik qilgan korxonalar Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumanida roʻyxatdan oʻtgan boʻlsada, ularning yuridik manzillari asossiz ravishda tez-tez oʻzgartirilib, ularga rasmiy rahbar sifatida ishga aloqador boʻlmagan shaxslarning nomlari kiritilgan.

Shuningdek, korxonalarning faoliyat turi sifatida mebel ishlab chiqarish bilan shugʻullanish belgilangan boʻlsada, aslida ular hech qanday ishlab chiqarishni amalga oshirishmagan.

Bundan tashqari, hisobot hujjatlarida goʻyoki ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlar Qirgʻiziston Respublikasiga eksport qilinganligi aks ettirilgan.

Lekin, tekshiruvlar jarayonida eksport operatsiyalari amalga oshirilmaganligi, korxonalarning muhrlari uyushgan guruh tomonidan soxtalashtirilganligi va eksport shartnomalari shakllantirilganligi hamda davlat byudjetidan yuqorida koʻrsatilgan qoʻshilgan qiymat soligʻi pul mablagʻlari noqonuniy qaytarib olinganligi aniqlandi.

Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 167, 179, 184, 209 va 228-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borildi.

Tergov davomida 6 mlrd. 808 mln. soʻm davlat hisobiga undirildi. Shuningdek, yetkazilgan zararni qoplash uchun 6 mlrd. 300 mln. soʻmlik mol-mulk, jumladan 1 ta koʻp qavatli xususiy tibbiy klinika binosi, 1 ta avtomobillar yuvish shahobchasi, 2 ta xonadon, 6 ta avtomashina hamda telefon va kompyuter jihozlari xatlandi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudi tomonidan 38 nafar sudlanuvchilarning 14 nafariga 5 yil 6 oydan 7 yil 6 oy muddatgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, 18 nafar shaxsga nisbatan turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, ularga Jinoyat Kodeksining 72-moddasini qoʻllagan holda 2 yil muddat ichida yetkazilgan moddiy zararni qoplash majburiyati bilan 3 yil sinov muddati tayinlandi.

Bundan tashqari, sudlanuvchilarning 6 nafariga nisbatan 2 yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid