Profilaktika inspektorlari bodi kameralar bilan taʼminlanadi
Yil yakunigacha sunʼiy intellekt yordamida davlat xaridlarida qonunga zid holatlarni aniqlash va oldini olish boʻyicha elektron tizim ishga tushiriladi.

“102” xizmati orqali kelib tushgan jinoyat haqidagi xabarlarni avtomatik tarzda roʻyxatga olish, yaʼni, har bir murojaatni “raqamli izi” qoladigan tizim yaratilgani oʻz natijasini berdi.
Lekin, ayrim tuman va shahar ichki ishlar rahbarlari statistikani yaxshilash uchun jinoyatni yashirayotgani, roʻyxatga olishni oylab choʻzib yurgani qayd etildi.
Yangi ichki ishlar vaziriga har bir mahalladagi profilaktika maskanlarini kuzatuv kamerasi va har bir inspektorni “bodi kamera” bilan taʼminlab, huquqbuzarliklarni roʻyxatga olish boʻyicha yangi platformani ishga tushirish topshirildi.
Jinoyatlarni hisobga olish tizimini toʻliq raqamlashtirish vazifasi qoʻyildi.
Prokurorlar tergov ustidan nazoratni susaytirib yuborgani koʻrsatib oʻtildi. Jumladan, sudlar tomonidan 637 ta jinoyat ishi kamchiliklari uchun tergovga qaytarilgan.
Bosh prokuratura tergov sifatini oshirish hamda jinoyatchilikni oldini olish boʻyicha yanada qattiq ishlashi kerakligi qayd etildi.
Bosh prokuratura ham, ichki ishlar vazirligi ham uygʻonishi, yangicha ishlab, bir-birini tiyib turishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.
Manfaatlar toʻqnashuvi, qimmat narxda tovar sotib olish yoki xizmat koʻrsatish asosan davlat xaridlarida kuzatilayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Umuman, toʻgʻridan-toʻgʻri sotib olsa boʻladigan 50 dan ortiq tovar va xizmat turlari bor. Lekin birorta rahbar buni roʻyxatdan chiqaraylik, hamma tanlov qilib olsin, narx arzon boʻladi, degan taklifni bildirmadi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Hisob palatasiga parlamentning byudjetga masʼul qoʻmitalari bilan birgalikda toʻgʻridan-toʻgʻri xaridlarni 2 karra qisqartirish topshirildi. Yil yakunigacha sunʼiy intellekt yordamida davlat xaridlarida qonunga zid holatlarni aniqlash va oldini olish boʻyicha elektron tizimni ishga tushirish vazifasi qoʻyildi.
Shuningdek, bu borada Ekspert komissiyasi tuziladi. Ushbu komissiya ilgʻor tajriba asosida davlat xaridlarida tovarlarning oʻrtacha bozor narxlari koʻrinib turadigan elektron platforma yaratib, undagi maʼlumot yangilanib turadigan tizim qiladi.
Bunda, davlat xaridlarida sotib olinadigan tovar va xizmatlar narxi oʻrtacha bozor narxidan koʻpi bilan 20 foizdan oshmasligi shart. Ushbu talabni buzganlik uchun qonun bilan javobgarlik va jarimalar joriy qilinadi.
Byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga olinayotgan tovarlarni ham tartibga solish vaqti kelgani taʼkidlandi. Byudjet va byudjetdan tashqari mablagʻ hisobidan asosiy vositalarni xarid qilish boʻyicha talablar kuchaytirilishi belgilandi.
Xizmat transportida yurishni keskin qisqartirib, mahalliy avtomobil va mebeldan foydalanishga oʻtish zarurligi qayd etildi.