platina.uz
Jamiyat

Prezident sudlar faoliyatiga aralashishni jiddiy qoraladi

Qonunchilikda korrupsiyaviy jinoyatlarning aniq roʻyxati yoʻqligiga eʼtibor qaratildi. 

Prezident sudlar faoliyatiga aralashishni jiddiy qoraladi

Davlatimiz rahbari sud tizimida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni oldini olish, odil sudlov sifati va samaradorligini oshirish doimo diqqat markazida boʻlishi zarurligini taʼkidladi.

Soʻnggi yillarda sudlar mustaqilligini taʼminlash boʻyicha katta islohotlar amalga oshirildi. Lekin sudyalarni majlisga chaqirish, ularga vakolatiga kirmaydigan vazifalarni yuklash holatlari ham uchrab turgani qayd etildi.

Shuningdek, ayrim idoralar tomonidan sudga taʼsir oʻtkazishga urinishlar hali-hanuz davom etayotgani koʻrsatib oʻtildi.

“Barcha rahbarlarni qatʼiy ogohlantiraman. Sudlar faoliyatiga har qanday aralashish odil sudlovga soya solish, deb baholanadi. Bu boʻyicha soʻrov ham, javobgarlik ham qattiq boʻladi”,- dedi Prezident.

Odil sudlovni amalga oshirishda advokatlar oʻrni juda muhim. Bu borada advokatlarga himoyasidagi fuqaroga oʻz vaqtida huquqiy yordam koʻrsata olishlari uchun imkoniyat yaratish kerakligi qayd etildi.

Mutasaddilarga uch oy ichida sifatli yuridik yordam koʻrsatilishida advokatlar faoliyatiga toʻsqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish boʻyicha qonun loyihasini kiritish topshirildi.

Hozirda qonunchilikda korrupsiyaviy jinoyatlarning aniq roʻyxati yoʻqligiga eʼtibor qaratildi.

Parlament tasdiqlagan qonunda asosan jazoni kuchaytirishni oʻzi bilan cheklanib qolingani, korrupsiyani oldini olish, odamlarimizni bunga toqatsizlik ruhida tarbiyalash, profilaktika mexanizmlarini yaratish, jinoyatni fosh etishga yordam berganlarni ragʻbatlantirish kabi masalalar aks etmagani koʻrsatib oʻtildi.

Shuning uchun Prezident bu qonunni qayta ishlash uchun qaytarishini aytdi.

Shu bilan birga jinoiy daromadlarni legallashtirish bilan bogʻliq jinoyatlar uchun javobgarlikni ham xalqaro standartlarga moslashtirish lozimligi qayd etildi.

Misol uchun, Shveysariya, Avstriya, Germaniya, Rossiya, Ozarbayjon qonunchiligida davlat xaridlari va yirik biznes loyihalar parametrlarini oldindan sizdirib (insayderlik), daromad olganlik ham jinoiy daromadlarni legallashtirish, deb baholanadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid