Prezident Aksilkorrupsiya agentligi faoliyatidan mutlaqo noroziligini aytdi
Bosh vazirga 117 ta vazirlik va idoradagi "korrupsiyaga qarshi ichki nazorat" tuzilmalari rahbarlarini ishdan olish topshirildi.

Prezident yigʻilishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatidan mutlaqo noroziligini aytdi.
Agentlik xodimlari vazirliklarga, hududlarga borib, aniq bir sohani tahlil qilib, muammolarga yechim berish oʻrniga, qoʻzgʻatilgan jinoyat ishlarini sanaydigan quruq statist boʻlib qolgani qayd etildi.
Agentlik rahbariyati korrupsiya holati eng koʻp boʻlgan tuman sogʻliqni saqlash, bandlik boʻlimi yoki bank filialiga borib, holatni oʻrganmagani, yangi zamonaviy tizim boʻyicha taklif bermagani koʻrsatib oʻtildi.
Ushbu sohalarning bevosita rahbarlarining oʻz tizimini “korrupsiyadan xoli” qilish ishlari sustligi tanqid qilindi.
Prezident topshirigʻi bilan investitsiya dasturlari ustidan nazorat kuchaytirilganidan keyin oʻtgan yilni oʻzida 3 trillion soʻm iqtisod boʻldi. Yoki sogʻliqni saqlash tizimida “Situatsion markaz” ishga tushirilgani hisobiga 2024 yilda 1,2 trillion soʻmlik maqsadsiz xarajatlarning oldi olindi.
“Lekin, nega bu ishlar Prezident topshiriq berganidan keyin boshlanishi kerak?”, - deya savol qoʻydi davlatimiz rahbari.
Parlamentdagi byudjet qoʻmitalarida ham har yili byudjetdan eng koʻp mablagʻ oladigan 3 ta vazirlikka borib, korrupsiyaviy omillarni aniqlashda va oʻzgarish qilishda tashabbuskorlik yetishmayotgani qayd etildi.
Bosh vazirga 117 ta vazirlik va idoradagi “korrupsiyaga qarshi ichki nazorat” tuzilmalari rahbarlarini ishdan olish va ularning oʻrniga halol, fidoyi va professional kadrlardan qoʻyish, ularni oldiga aniq vazifalarni belgilab berish topshirildi.
Vazirliklarning hududiy komplayens xodimlarini bevosita vazirni oʻzi ishga qoʻyishi, oʻziga siyosiy masʼuliyat olib, butun tizimidagi korrupsiya uchun shaxsan javob berishi belgilandi.
Agentlikning ish uslubi mutlaqo oʻzgaradi. Buning uchun tajriba tariqasida 5 ta idora: Sogʻliqni saqlash, Qurilish, Suv xoʻjaligi vazirliklari, “Oʻzbekneftgaz” va “Oʻzsuvtaʼminot”ning komplayens nazorati agentlikka oʻtkaziladi.
Yil yakuni bilan bu vazirliklarda qancha korrupsiyaviy omillarni bartaraf qilgani, odamlarga qanday yengilliklar boʻlgani haqida Milliy kengashda hisobot beradi.
Shuningdek, agentlik vazir, hokimlar bilan birgalikda har chorakda korrupsiya yuqori boʻlgan kamida 3 ta sohada tumangacha tushib, maishiy va tizimli korrupsiya omillarini chuqur oʻrganadi, tahlillar asosida qaysi jarayonni raqamlashtirish, qaysi byurokratik tartibni bekor qilish boʻyicha aniq choralarni ishlab chiqadi.
Ikki oyda xalqaro reyting tashkilotlari tavsiyasi asosida “yoʻl xarita”si ishlab chiqilib, har bir vazirlik va idoraga qilinadigan ishlar aniq belgilab beriladi. Sustkashlikka yoʻl qoʻygan rahbarlarni jazolash boʻyicha taklif kiritiladi.