Oʻzbekistonda 20 martdan Temu platformasidan foydalanish cheklanadi
Fuqarolardan bugungi kundan boshlab platformada buyurtma bermaslik soʻraladi.

Oʻzbekistonda 20 martdan Temu ilovasidan foydalanish cheklanadi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi xabar berdi.
Fuqarolarga xizmat koʻrsatuvchi xorijiy elektron savdo platformalari faoliyatini oʻrganish jarayonida ayrim elektron savdo platformalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining elektron tijorat, chakana savdo, reklama, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmayotganligi aniqlangan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, qonunchilik talablariga muvofiq, 2025 yil 20 martdan boshlab xorijiy elektron savdo platformalaridan, xususan, Temu platformasidan foydalanish belgilangan tartibda cheklanadi.
Tushunmovchiliklarni oldini olish maqsadida, fuqarolardan bugungi kundan boshlab Temu platformasida buyurtma bermasliklarini soʻralgan.
Bunda, agar buyurtma bundan oldin amalga oshirilgan boʻlsa, platformada toʻlovni qaytarishni tashkil etish tavsiya etiladi.