Rossiyada oʻzbekistonlik ishchilar oʻrnini hindistonliklar egallashi mumkin
Soʻnggi paytlarda oʻzbekistonliklar uchun Rossiya bozorining jozibadorligi pasaygan. Oqibatda qurilishlarda hind ishchilari koʻpayishi taxmin qilinmoqda.

Hindiston yaqin yillarda Rossiya qurilish maydonlari uchun asosiy ishchi kuchi yetkazib beruvchisiga aylanishi mumkin.
Bu haqda "RIA Novosti" Intrud kompaniyasining boshqaruvchi direktori va hammuassisi Dmitriy Lapshinov maʼlumotiga asoslanib yozmoqda.
Unga koʻra, hindistonlik ishchilar Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻizistondan kelgan muhojirlarni almashtirishi mumkin.
Lapshinov soʻnggi paytlarda oʻzbekistonliklar uchun Rossiya bozorining jozibadorligi pasayganini, chunki ularning vatanida iqtisodiyot va qurilish faol rivojlanayotganini taʼkidladi.
Qirgʻizistonda, deydi ekspert, qurilish jadallashgan, Tojikiston fuqarolarini Rossiyaga jalb qilishda xavfsizlik kuchlari tomonidan qiyinchiliklar mavjud.
Soʻnggi paytlarda Rossiyada muhojirlar yashaydigan hududlarda reyd holatlari keskin oshgan. Yanvar oyi oxirida Sankt-Peterburgdagi qurilish maydonlarida oʻtkazilgan reydlardan soʻng 100 dan ortiq xorijlik politsiya boʻlimlariga olib ketilgan.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari immigratsiya qonunchiligini buzganlarni aniqlash maqsadida profilaktik reydlarni kuchaytirmoqda.
Avvalroq oʻzbekistonliklar ishchilar Rossiyada kamayib, Yevropa va AQShda koʻpaygani xabar berilgandi.
