Qozogʻistonda yetti oʻzbekistonlik is gazidan halok boʻldi
Ulardan besh nafari voyaga yetmagan bolalardir.

Qozogʻistonda oʻzbekistonliklar is gazidan halok boʻldi. Bu haqda Mangʻistov viloyati hokimligi xabar berdi.
2 mart kuni Mangistau viloyatining Munayli tumani, Basquduq qishlogʻidagi xususiy turar-joy binosida bir oilaning zaharlanishi holati qayd etildi. Yordam berish uchun yetib kelgan qutqaruvchilar va tez tibbiy yordam brigadalari voqea joyida yetti kishini, shu jumladan, besh nafar voyaga yetmagan bolaning jasadini topdi.
Mangʻistov viloyati Favqulodda vaziyatlar departamentining dastlabki versiyasiga koʻra, fojia gaz uskunalaridan foydalanish qoidalarini buzish natijasida sodir boʻlgan.
Maʼlum boʻlishicha, marhum Oʻzbekiston fuqarolari boʻlib, Qozogʻiston Respublikasida vaqtinchalik yashab kelgan.
Favqulodda hodisa sabablarini oʻrganish uchun Mangʻistov viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari Erbol Izbergenov boshchiligida komissiya tuzildi.
Vafot etgan oilaning qarindoshlariga har tomonlama, jumladan, dafn etishda yordam koʻrsatiladi.
Vaziyat Mangistau viloyati hokimining shaxsan nazoratida ekani aytilgan.