Ochilmagan sirlar: “noqulay” arxeologik topilmalar
Bir necha ming yillar avval yasalgan va foydalanilgan kompyuter, samolyot, vertolyot, batareya va boshqa sirli kashfiyotlar tarix haqidagi tushuncha va xulosalarimizni shubha ostiga qoʻyadi.

Insoniyat tarixi sirlarga toʻla va arxeologiya muntazam ravishda oʻtmishning umumiy qabul qilingan rasmiga toʻgʻri kelmaydigan kashfiyotlarni taqdim etadi. Ulardan baʼzilari shunchalik gʻayrioddiyki, ularning mavjudligi bizning qadimgi sivilizatsiya texnologiyalari haqidagi bilimlarimizni shubha ostiga qoʻyadi. Ularning eng mashhur 20 tasining tavsiflari ham kishini oʻyga toldiradi.
1. “Bagʻdod batareyasi”
1936 yilda Bagʻdod yaqinida tarixchilar va arxeologlarni hayratga solgan qadimiy artefakt topildi. U "Bagʻdod batareyasi" deb ataladigan narsa – mis silindr va temir tayogʻi boʻlgan sopol idish edi. Bu sol koʻza ichiga kislota yoki gidroksid eritma quyilsa, qurilma elektr energiyasi ishlab chiqarishni boshlaydi. Rasmiy tarixga koʻra, insoniyat elektr energiyasini faqat XVIII – XIX asrlarda oʻzlashtirgan, ammo miloddan avvalgi 250-yillarga toʻgʻri keladigan bu artefakt tarixchilarni oʻylantirib qoʻydi.
1940-yillarda nemis arxeologi Vilhelm Kyonig bu metallar ustiga boshqa metalni yopishtirish – elektr galvanika uchun ishlatilgan qadimiy elektr akkumulyatori ekanini taxmin qilgan.


2. Erondagi qadimiy akkumulyatorlar
“Bagʻdod akkumulyator”idan tashqari, xuddi shunday qurilmalar, goʻyoki galvanizatsiya uchun ishlatilgan koʻzalar Eronda ham topilgan boʻlib, ularning yoshi 2000 yildan oshadi.

3. Antikitera mexanizmi
1901 yilda Gretsiyaning Antikitera oroli qirgʻoqlarida choʻkib ketgan kemada astronomik kompyuterning qadimiy analogi hisoblangan qurilma – uzatmalar tizimiga ega, bronzadan yasalgan qadimiy analog hisoblash mexanizmi topilgan. Uning yoshi 2000 yildan oshadi, ammo muhandislik darajasi oʻsha davrdagi barcha maʼlum texnologiyalardan ustun turadi.
1950-yillarda ingliz olimi Derek de Solla Prays bu mexanizm astronomik hisoblar uchun moʻljallanganini taxmin qilgan.

4. Kosta-Rikadagi tosh sharlar
1930-yillarda Kosta-Rikada diametri bir necha santimetrdan ikki metrgacha boʻlgan yuzlab ulkan, mukammal yumaloq tosh sharlar – petrosferalar topilgan. Baʼzilarining ogʻirligi 16 tonnadan oshadi. Zamonaviy texnologiyalar bunday sharlarni yaratishga imkon beradi, ammo ming yillar oldin bu sharlarni kim va nima uchun yasagani sirligicha qolmoqda.
Amerikalik arxeolog Semyuel Lotrop 1940-yillarda ushbu sharlarni oʻrganib chiqdi va ular hokimiyat timsollari yoki nimalardir uchun moʻljal belgilari boʻlishi mumkinligini taxmin qilgan.

5. London bolgʻasi
1934 yilda Texasda qisman toshga kirib qolgan temir bolgʻa topildi. Uning atrofidagi ohaktoshning yoshi 400 million yildan ortiq ekani aniqlangan. Bolgʻaning oʻzi korroziyaga duchor boʻlmaydigan – zanglamaydigan gʻayrioddiy tarkibga ega boʻlgan metalldan yasalgan.
Baʼzi tadqiqotchilar bu kashfiyotni soxalashtirilgan deb hisoblashsa, boshqalari bolta tasodifan qadimgi qatlamlarga tushib qolgan boʻlishi mumkinligini taxmin qilishadi.

6. Qadimgi Misrdagi “Dendera elektrlampasi”, vertolyotlar, samolyotlar va kompyuter
Misrdagi Denderadagi maʼbadning devorlarida elektr lampalari hamda vertolyot, samolyot va kompyuterga oʻxshash narsalar tasvirlangan. Misrshunoslarning fikriga koʻra, bu ramziy tasvir, ammo baʼzi tadqiqotchilar qadimgi misrliklarda yorugʻlik texnologiyasi boʻlgan boʻlishi mumkin deb hisoblashadi.


2006 yilda esa Misrdagi qabrlardan birida mexanik kalkulyatorga oʻxshash qurilma topilgan.
Shuningdek, kompyuter sichqonchasi ham:
Misrshunos Zaxi Xavas kompyuterga oʻxshash topilma murakkab astronomik asbob boʻlishi mumkinligini taxmin qiladi.
Vertolyot va samolyotlarning tasvirlari esa shunchaki tasodifan hozirgi uchish apparatlariga oʻxshaydigan, ammo mutlaqo boshqa narsalarni anglatadigan iyerogliflar, deb taxmin qilinadi.

7. Xitoy alyuminiy artefaktlari
1950-yillarda Xitoyda arxeologik yoshi 2000 yildan ortiq boʻlgan alyuminiy buyumlar topilgan.
Xitoy arxeologlari bu tabiiy alyuminiydan yasalgan buyumlar boʻlishi mumkinligini taxmin qilishdi, ammo ularning kelib chiqishi sirligicha qolmoqda. Chunki atigi 2 asr avval alyuminiyni metall holida ajratib olishgan. Alyuminiydan esa faqat XIX asrga kelib, keng miqyosda buyumlar yasala boshlangan.
8. Janubiy Afrikadagi qadimiy mixlar
1980-yillarda Janubiy Afrikadagi yer qatlamlaridan 200 million yildan ortiq yoshga ega metall mixlar topilgan. Tarix faniga koʻra, bu davrda metallni eritib, ishlov berish uyoqda tursin, insoniyat ham mavjud boʻlmagan. (Homo sapiens 300 000 yil avval paydo boʻlgan deb ishoniladi) Eramizdan avvalgi 1000-yillarga kelibgina temirdan foydalanish boshlangan xolos.
Janubiy Afrikalik geologlar bu topilmani kelib chiqishi nomaʼlum artefakt deb gumon qilishadi.
9. Puma Punku
XIX asrda Boliviyada aql bovar qilmaydigan aniqlik bilan yaratilgan megalitik inshootlarning xarobalari topilgan. Sovet arxeologi Artur Poznanskiy bu strukturaning yoshi 14 000 yildan ortiq boʻlishi mumkinligini taxmin qildi. Tarix faniga koʻra, bu davrda insoniyat toshni bu qadar tekis va aniq kesish va tekislash texnologiyalariga ega boʻlmagan.
10. Turkiyadagi ulkan oyoq izlari
1970-yillarda Turkiyada 200 million yildan oshiq yoshga ega inson izlariga oʻxshash toshga aylangan oyoq izlari topilgan. Garchi ular nibatan juda aniq oyoq izlari boʻlsa-da, geologlarning fikricha, bu tabiat oʻzgarishlari, yemirilishlar natijasida oʻz-oʻzidan shakllangan boʻlishi mumkin.
Janubiy Afrikada ham shunday bahaybat odamlarning oyoq izlari topilgani aytiladi.

11. Saksayxuaman
XVI asrda ispanlar Peruda ajoyib aniqlik bilan bajarilgan siklop tosh devorlari topdilar.
Peru arxeologlari bu ink qabilalarining ishi ekaniga ishonishadi, ammo qurilish usuli sirligicha qolmoqda.
12. Antarktida tasvirlangan qadimiy xaritalar
1513 yilda turk admirali Piri Rais dunyoning aniq xaritasini chizib qoldirgan. Ushbu xaritada qitʼalarning chegaralari va orollarning qirgʻoqlari juda aniq tasvirlangan. Hatto oʻsha davrda hali kashf etilmagan va xaritalarga tushirilmagan Antarktida qitʼasi muz qoplamisiz koʻrsatilgan. Zamonaviy ilm-fan yaqinda sunʼiy yoʻldoshlar yordamida bunday tasvirlarni olishga muvaffaq boʻlgan xolos.

Tarixchilar mazkur xaritalar qadimgiroq manbalarga asoslangan boʻlishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.
13. Dehlidagi temir ustun
Hindistonda 1600 yil oldin yaratilgan sof temirdan yasalgan, gʻalati va ulugʻvor ustun deyarli zanglamasdan qoʻr toʻkib turibdi. Zamonaviy texnologiyalar bunday himoyani tushuntirishi mumkin, ammo rasmiy tarixga koʻra oʻsha davrda zanglamaydigan temir ustun yasash texnologiyalari mavjud boʻlmasligi kerak edi.
Hindiston metallurglari ushbu ustunning siri – temirning maxsus tarkibida, deb hisoblashadi.
14. Oklaxomadagi Oopart
1912 yilda yoshi 300 million yil boʻlgan, koʻmir qatlami ichidan chiqqan choʻyan idish topilgan. Yuqorida taʼkidlanganidek, bu davrda metaldan foydalanishning imkoni boʻlmagan.
Baʼzi olimlar buni soxta, boshqalari esa qadimgi sivilizatsiyalar mavjudligining dalili deb hisoblashadi.

15. Iki qora toshlari
Peruda odamlar, kenguru va dinozavrlar tasvirlari va yurakni koʻchirib oʻtkazish kabi murakkab jarrohlik amaliyotlari tasviri oʻyib tushirib tasvirlangan minglab toshlar topildi. Ularning yoshi bir necha ming yil deb hisoblanadi.





16. Homila rivojlanishi aks etgan “genetik lagan”
Kolumbiyada embrion rivojlanishi bosqichlari aks “genetik disk” topilgan. Mazkur tosh aylanada odam embrionining rivojlanishi toki urugʻlanishdan boshlab, odam shakliga kirgunicha boʻlgan bosqichlari suratlarda koʻrsatilgan. Zamonaviy tibbiyotdagi embrionologiya fani esa faqat XVI boshlab bu bosqichlarni tavsiflab bergan xolos. Qolaversa, bu diskdagi jarayonlarning ayrimlarini faqat mikroskopda kuzatish mumkin. Miksroskop esa bu disk yasalgan davrda mavjud boʻlmagan.
Mazkur lagan borasida olimlar turlicha taxminlar qilishgan, ammo birortasi ilmiy asoslab berilmagan. Ayrim mutaxassislar esa ularni soxta, keyinchalik yasalgan artefaktlar deb hisoblashadi.
17. Akambaro haykalchalari
Meksikada dinozavrlar va odamlar birgalikda tasvirlangan minglab qadimiy haykalchalar topildi. Ushbu topilmalar rasman yolgʻon deb hisoblanadi, ammo ularning juda koʻp soni va sifati savollar tugʻdiradi. Soxtalashtirishni istagan odam bu artefaktlarni minglab miqdorda yasab, tarqatishi mantiqqa zid. Qolaversa, dinozavrlar yashab oʻtgani yaqin tarixda aniqlangan xolos.
18. Yevropadagi yer osti tunnellari
Butun Yevropada yoshi 12 000 yil boʻlgan qadimiy yer osti tunnellari – erdstollar topilgan. Ular aql bovar qilmaydigan aniqlik bilan oʻyilgan. Ammo qadimgi odamlar qanday qilib zamonaviy asboblarsiz bunday lahmlarni yaratishi mumkin, degan savol hamon ochiq qolmoqda. Qolaversa, ular nima maqsadda qazilgani ham mavhum.
19. Dinozavrlar yonida inson izlari
Texasning Paluksi shahrida dinozavr izlari yonidan odam izlari topildi. Rasmiy fan odamlar va dinozavrlar hech qachon birga yashamaganini daʼvo qiladi, ammo bu kabi topilmalar rasmiy tarix xulosalarini shubha ostiga qoʻyadi.
20. Choʻzilgan shakldagi bosh chanoqlari
Sayyoramizning koʻpgina bir-biridan uzoq joylarida gʻayritabiiy choʻzinchoq shakldagi tabiiy bosh suyaklari topilgan. Ulardan eng mashhurlari Peru va Meksikada aniqlangan.
Baʼzilar buni sunʼiy bosh deformatsiyasining natijasi, yaʼni qandaydir (ehtimol diniy yoki tibbiy) sababga koʻra sunʼiy ravishda chaqaloqlikda bosh chanogʻi qolip ostida qoldirilib, shunday natijaga erishilgan, deb hisoblashadi. Biroq bir qator tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, bu bosh suyaklarining miya hajmi odamnikidan kattaroq. Bu esa rasmiy izohlar toʻgʻriligiga shubha tugʻdiradi. Kim biladi deysiz, balki bir paytlar shunday odamlar irqi yashagan boʻlib, keyin yoʻq boʻlib ketgandir. Yoki bu oʻzga sayyoraliklarning bosh suyaklarimikin?!
Xulosa
Ushbu topilmalar bizni oʻtmish haqidagi bilimlarimiz, zamonaviy tarix fani qanchalik nomukammal ekani haqida oʻylashga majbur qiladi. Ehtimol, qadimgi sivilizatsiyalarning koʻplab sirlari hamon kashf etilishini va izoh berilishini kutmoqda. Payti kelib bu kabi har bir yangi arxeologik kashfiyot insoniyat tarixining rivojlanishi haqidagi tushunchalarimizni hamda tarixi fani kitoblarini oʻzgartirib yuborishi mumkin.
Abulfayz Sayidasqarov