Tramp va Zelenskiy tortishib qoldi
Yakunda ukrain prezidenti Oq uyni erta tark etdi. Uni hatto odatdagi kechgi ovqatga ham taklif etishmadi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan Oq uyda uchrashdi. OAV xabar qilishicha, Oval kabinetdagi matbuot anjumani asabiy vaziyatda yakunlangan.
Ukraina rahbari Kiyev oʻt ochishni toʻxtatishga tayyor emasligi va Vashingtondan xavfsizlik kafolatiga muhtoj ekanini aytganidan keyin vaziyat taranglashgan.
Bunga javoban Tramp Zelenskiyga AQShga yetarlicha “hurmat koʻrsatmayotganini” va “Amerika oʻzini qanday tutishi boʻyicha koʻrsatma berishga haqqi yoʻqligini” aytgan.
Uning qoʻshimcha qilishicha, Kiyev tinchlik oʻrnatish chogʻida “murosaga” borishi kerak, agar Ukraina hukumati kelishuvdan bosh tortsa, Qoʻshma Shtatlar unda ishtirok etmaydi.
“Siz bizga men buni xohlayman, shuni xohlayman, deb ayta olmaysiz. Bizsiz qoʻlingizda kartalar yoʻq, bizdan minnatdor boʻlishingiz kerak. Biz sizga 350 milliard dollar berdik, siz hozir qiyin ahvoldasiz. Men urushni toʻxtatmoqchi emasman, deya olmaysiz. Yo biz bu bitimni tuzamiz yoki siz undan chiqib ketasiz. Siz minnatdorlik koʻrsatmayapsiz”, dedi Tramp.
“Men bu yerga karta oʻynash uchun kelganim yoʻq”, deb javob berdi Zelenskiy va Makron hamda Merkel ishtirokida Putin bilan shartnoma imzolaganini qoʻshimcha qildi.
Shuningdek, Tramp minerallar boʻyicha kelishuv bugun imzolanishini aytdi. Oq uy rahbariga “Agar oʻt ochishni toʻxtatish roʻy bermasa, Ukrainaga qoʻshimcha qurol joʻnatasizmi?”, deb berilgan savolga u ijobiy javob berdi.
“Ha, biz koʻproq qurol yuboramiz. Ammo urushni tezda tugatib, boshqa ishlar bilan shugʻullanishimizga umid qilamiz”, dedi Tramp.
Yakunda Zelenskiy Oq uyni erta tark etdi. Uni hatto odatdagi kechgi ovqatga ham taklif etishmadi.