Statistika agentligi qayta tashkil etiladi
Statistika ishlari samaradorligini oshirishning ustuvor yoʻnalishlari ham belgilandi.

Milliy statistika qoʻmitasi tashkil etiladi. Bu haqda prezident farmoni qabul qilindi.
“Statistika ishlarini tashkil etish va yuritish tizimini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF-27-son, 24.02.2025 y.) qabul qilindi.
Farmonga koʻra, Prezident huzuridagi Statistika agentligi Milliy statistika qoʻmitasi sifatida qayta tashkil etiladi.
Statistika ishlari samaradorligini yanada oshirishning quyidagi ustuvor yoʻnalishlari belgilandi, jumladan:
-makroiqtisodiyot va tarmoqlar darajasida statistik kuzatuv oʻtkazish tizimini hamda ularning metodologiyasini xalqaro standart va tavsiyalarga muvofiq takomillashtirib borish;
- integratsiya jarayonlarini kengaytirish orqali statistik hisobotlarni qisqartirish va biznesga hisobot topshirish yukini kamaytirib borish;
-“mahalladan – respublikagacha” tamoyili boʻyicha statistik koʻrsatkichlarni shakllantirish tizimini yaratish orqali maʼlumotlarning ishonchliligini taʼminlash.
2025 yil yakunigacha “Hududlar statistikasi” axborot tizimi ishga tushiriladi.
2025 yil yakuni boʻyicha hisobot davridan boshlab xodimlar soni yillik oʻrtacha 5 kishidan kam boʻlgan va yillik tushumi BHMning 2 000 barobarigacha boʻlgan mikrofirma va kichik korxonalar uchun yillik statistika hisobotini topshirish majburiyatini bekor qilib, har uch yilda bir marotaba statistik hisobot topshirilishi belgilandi.