Sogʻliqni saqlash boshqarmasi xodimi, muhandis va direktor oʻrinbosari qoʻlga olindi
Boshqarma xodimi tibbiyot buyumlarini xaridorga hujjatlarni qalbakilashtirish orqali salkam 58 ming dollarga sotishga kelishgan.

Sogʻliqni saqlash boshqarmasining maʼsul xodimi, elektr taʼminoti boʻlimi bosh muhandisi va maktab direktori oʻrinbosari qoʻlga olindi.
DXXning Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda Toshkent viloyati Sogʻliqni saqlash boshqarmasining maʼsul xodimi Boshqarmaga qarashli Maxsus tibbiy taʼminot bazasida saqlanayotgan tibbiyot buyumlarini xaridorga hujjatlarni qalbakilashtirish orqali 57 ming 880 AQSh dollariga sotishga kelishib, oldindan 40 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 209-moddasining 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Jizzax viloyatida kuzatilgan holatda esa “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining Jizzax filiali Sharof Rashidov tumani elektr taʼminoti boʻlimi bosh muhandisi mazkur aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Energosavdo” korxonasining tuman boʻlimi nazoratchisi bilan oʻzaro til biriktirib, yakka tartibdagi tadbirkorning M-39 xalqaro avtomagistral yoʻli yoqasida joylashgan yer maydoniga elektromobillarni quvvatlantirish shahobchasini tashkil etishi uchun 400 kVtli transformator oʻrnatish, tegishli tartibda barcha hujjatlarni tayyorlash va tarmoqqa ulab berish evaziga 90 mln. soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 214-moddasi 3-qismi “v,g” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jizzax viloyatida qayd etilgan yana bir holatda, Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida Jizzax shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Namangan shahridagi umumtaʼlim maktablaridan birining direktor oʻrinbosari abituriyentlarga oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda yoʻnalish boʻyicha kimyo va biologiya fanlaridan imtiyoz beruvchi milliy sertifikat olish boʻyicha imtihonlarning test savollari va javoblarini mansabdor tanishlari orqali olib berish evaziga 20 ming AQSh dollari talab qilib, 8 ming AQSh dollari va 156 mln. soʻm olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasining 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.