Tadbirkorlar va sudlar oʻrtasida elektron maʼlumot almashish yoʻlga qoʻyiladi
Sud ishlarini yuritishda qogʻoz shaklidan butunlay voz kechish maqsadida “Raqamli sud” konsepsiyasini amalga oshiriladi.

Shavkat Mirziyoyev 27 fevral kuni sud faoliyatini yanada yaxshilash, ochiqlik va raqamlashtirish darajasini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Yigʻilishda sud ishlarini yuritishda qogʻoz shaklidan butunlay voz kechish maqsadida “Raqamli sud” konsepsiyasini amalga oshirish belgilandi.
Shu maqsadda Oliy sud huzurida Axborot texnologiyalari markazi tashkil etiladi. Ushbu markaz sudlarga zarur axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni yaratish, sunʼiy intellektni joriy etish hamda axborot xavfsizligini taʼminlash bilan shugʻullanadi. Shuningdek, tadbirkorlik subʼektlari bilan sudlar oʻrtasida elektron maʼlumot almashish yoʻlga qoʻyiladi, bu esa ishlarni koʻrib chiqish tezkorligini oshiradi.
Prezident sudlar va barcha aloqador tashkilotlarning axborot tizimlari integratsiyasini taʼminlash muhimligini taʼkidladi. Bu orqali fuqarolar va tadbirkorlar uchun qulayliklar yaratilib, sud ishlarining samaradorligi oshishi kutilmoqda.