platina.uz
Siyosat

Ijtimoiy sohalarni DXSh asosida moliyalashtirish kengaytiriladi

Hududlardagi markaziy shifoxonalarda tibbiyot bilan bogʻliq boʻlmagan xizmatlar xususiy sektorga oʻtkaziladi.

Ijtimoiy sohalarni DXSh asosida moliyalashtirish kengaytiriladi

Shavkat Mirziyoyev 28 fevral kuni ijtimoiy sohada davlat-xususiy sheriklik loyihalarini samarali tashkil qilishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki hamda boshqa hamkorlar bilan birgalikda sogʻliqni saqlash sohasida jami qiymati 1,2 milliard dollarlik 5 ta, maktabgacha va maktab taʼlimi sohasida 745 million dollarlik 6 ta hamda oliy taʼlim sohasida 100 million dollarlik loyihalarni amalga oshirish choralari belgilab olindi.

Xususan, Toshkent, Fargʻona, Buxoro, Andijon va Samarqand shaharlarida koʻp tarmoqli zamonaviy klinikalar quriladi. Hududlardagi markaziy shifoxonalarda tibbiyot bilan bogʻliq boʻlmagan xizmatlar xususiy sektorga oʻtkaziladi.

Madaniyat va sport sohalaridagi ayrim faoliyatlarga xususiy sektorni jalb qilish masalasi ham koʻrib chiqildi. Hozirgi kunga qadar 43 ta madaniyat markazi xususiy sektorga berilgan boʻlib, yana qoʻshimcha 127 tasini berish imkoniyati aniqlangan.

Shu kabi boʻsh turgan basseyn, sport zali va maydonlarini ham yangilab, sogʻlomlashtirish xizmatlarini kengaytirish zarurligi qayd etildi. Buning uchun madaniyat va sport inshootlarini soddalashgan tartibda xususiy sheriklikka berish taklifi ilgari surildi.

DXSh ijtimoiy sohalarda yaxshi natijalar berayapti. Masalan, 1 million 200 ming oʻrinli xususiy bogʻchalar ochilgani tufayli qamrov darajasi 77 foizga chiqdi. Oliy taʼlim tizimida 57 ta loyiha samarasida 29 ming talaba yotoqxona bilan taʼminlandi. Tibbiyotda otolaringologiya, diagnostika, laboratoriya kabi xizmatlarda xususiy sektor ulushi ancha yuqori.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid