platina.uz

YaNUKOVICh – 25 dan 25 gacha

Uning xalq boshiga ish tushgan paytda sharmandalarcha qochib ketishi Ukraina tarixidagi eng ogʻir siyosiy inqirozga turtki berdi, bu esa fuqarolik urushiga, keyinchalik Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirib, Qrim va 4 ta ukrain viloyatini anneksiya qilishiga turtki boʻldi.

Maqola
25-fevral, 20:27
YaNUKOVICh – 25 dan 25 gacha
Fotokollaj: Platina.uz

Roppa-rosa 15 yil oldin, 2010 yil 25 fevralda, Ukraina Oliy Radasining sessiya zalida Viktor Yanukovichning prezident lavozimini egallashiga bagʻishlangan inauguratsiya marosimi boʻlib oʻtdi. Oradan rosa toʻrt yil oʻtgach – 2014 yil 25 fevralga oʻtar kechasi, u davlat toʻntarishi va ehtimoliy jazodan qochib, prezidentlik muddati tugashidan oldin Rossiyaga qochib qoldi.

Yanukovichning xalq boshiga ish tushgan paytda sharmandalarcha qochib ketishi Ukraina tarixidagi eng ogʻir siyosiy inqirozga turtki berdi, bu esa fuqarolik urushiga, keyinchalik Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirib, Qrim va 4 ta ukrain viloyatini anneksiya qilishiga turtki boʻldi.

Viktor Yanukovich mutlaq hokimiyatga ega boʻlib, “Yevromaydon” inqilobi va Kiyevda qon toʻkilishining oldini olishi mumkin edi. Ammo noʻnoq prezident vaziyatni faqat ogʻirlashtirdi va hal qiluvchi pallada ojizlik koʻrsatdi.

Viktor Yanukovich hokimiyatga keldi, qanday qilib mamlakatni yoʻqotdi va qanday qochib ketdi. Mazkur tahlilimiz shu savollar atrofida boʻladi.

Donbassdan boshlangan siyosiy parvoz

Viktor Yanukovich 1950 yilda Donetsk viloyatining mittigina Yenakiyevo shahrida tugʻilgan. 100 mingdan sal koʻproq aholisi boʻlgan bu shaharda oʻnlab konlar, metallurgiya va koks-kimyo zavodlari bor edi. Boʻlajak davlat rahbari sanoat muhitida oʻsdi.

Viktor Yanukovich – Ukraina tarixida jinoiy ishlar boʻyicha sudlangan yagona prezident hisoblanadi!

Yosh Viktor 1967 yilda talonchilik uchun, 1970 yilda esa oʻrtacha ogʻir tan jarohati yetkazgani uchun sudlangan. Biroq keyinchalik har ikkala ish ham Yanukovich qudrati va pullari evaziga yopilgan va sudlanganlik holati jinoiy tarkib yoʻqligi sababli bekor qilingan.

Nima boʻlganda ham, qamoqdan chiqqanidan soʻng, 30 yoshli Viktor Yanukovich zavodga ishga joylashdi, Donetsk politexnika institutining sirtqi boʻlimida oʻqishni tugatdi va asta-sekin, ammo ishonchli ravishda yuqoriga koʻtarila boshladi.

Uning 90-yillardagi faoliyati haqida maʼlumot kam. Ayrim taxminlarga koʻra, Viktor Yanukovich Donbassda paydo boʻlgan eng yirik oligarxik klanlardan birini shakllantirishda muhim rol oʻynagan. Shu davrda u butun mintaqaning norasmiy rahbari Rinat Axmetov bilan yaqin boʻlib oldi.

1996-1997 yillarda, SSSR parchalanib, vaziyat barqarorlashganida, Viktor Yanukovich Donetsk viloyati maʼmuriyatida karera pillapoyalaridan kutilmaganda tez yuqoriga koʻtarildi va yetarli muddat oʻtib, uning raisiga aylandi.

Ayrim manbalarga koʻra, oʻsha paytdagi Ukraina prezidenti, “Yujmash” zavodining sobiq direktori Leonid Kuchma Viktor Yanukovich bilan 1994 yilgi saylov kampaniyasi davomida tanishgan. 1999 yil kuzida, prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida, Yanukovich Kuchmaning Donetsk viloyatida 52,9 foiz ovoz bilan gʻalaba qozonishida hal qiluvchi rol oʻynadi.

Kezi kelganda taʼkidlash lozim, Donbass mintaqasi, anʼanaviy ravishda “qizil” (kommunistik) hudud boʻlib, kommunistlar yetakchisi Pyotr Simonenkoni qoʻllab-quvvatlashi mumkin edi. Ammo Viktor Yanukovich vaziyatni Kuchma foydasiga oʻzgartirishga muvaffaq boʻldi va shu bilan uning ishonchini qozondi.

2000-yillar boshida, muxolifat jurnalisti Georgiy Gongadze yoʻqolib qolib, kasseta mojarosi boshlanganida, Yuliya Timoshenko prezident bilan ziddiyatga kirishdi. Shu paytda Yanukovich yana Kuchmani himoya qilib chiqdi va birinchi shaxsga sodiqligini koʻrsatdi. Shu paytdan uning hokimiyat tepasiga tez koʻtarilishi boshlandi.

Yanukovichning nafaqat yuqori rahbariyat bilan yaqinligi, balki mahalliy iqtisodiy yutuqlari ham uning karerasiga yordam berdi. U gubernator lavozimida boʻlganida, Donetsk viloyatida ogʻir sanoat tiklandi, mintaqaga maxsus soliq imtiyozlari joriy etildi.

2000 yildan boshlab Donetsk viloyati Ukrainada YaIM (yalpi ichki mahsulot) oʻsishi boʻyicha yetakchiga aylandi. Shu yili Yanukovich Ukraina hududiy partiyasining asoschilaridan biri boʻldi.

2002 yilda “Merosxoʻr” operatsiyasi boshlandi: Kuchma bosh vazir Anatoliy Kinaxni isteʼfoga chiqarib, uning oʻrniga Yanukovich nomzodini koʻrsatdi. Oliy Rada bu tayinlovni maʼqulladi.

Ayrim maʼlumotlarga koʻra, bu voqealardan yarim yil oldin “Shaxtyor” klubi sohibi va oligarx Rinat Axmetov Kiyevga muxlislarni ommaviy ravishda yuborishni boshlagan. Hukumat bu “tinch kuch” siyosiy maqsadlarda ishlatilishi mumkinligidan xavotirga tushgan. Kuchma parlament fraksiya rahbarlaridan Donetsk elitasini provokatsiya qilmaslikni va Yanukovichni qoʻllab-quvvatlashni soʻragan.

Gubernator tafakkuridagi bosh vazir

Yangi bosh vazir kelishi bilan, u Donbassda takomillashtirgan boshqaruv uslublarini olib keldi. Buning natijasida 2004 yilda Ukraina iqtisodiyoti rekord darajaga yetdi – YaIMning oʻsish surʼati 14 foizni tashkil etdi. Toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalari bir necha milliard dollarga oshdi. Soliq va pensiya islohotlari amalga oshirildi, xususiylashtirish faollashtirildi va ijtimoiy minimal meʼyorlar sezilarli darajada koʻtarildi.

Viktor Yanukovich, oʻsha paytga kelib, partiya nomenklaturasida koʻp yillik tajribaga ega boʻlgan va qatʼiy boshqaruv tarafdori sifatida tanilgan shaxs sifatida, Leonid Kuchma va uning yaqinlari uchun hokimiyat tranzitini amalga oshirish va xotirjam keksalik gashtini surish imkoniyatini taʼminlash maqsadida asosiy nomzod sifatida tasdiqlandi.

Leonid Kuchma jamoasi "Merosxoʻr" operatsiyasini tayyorlar ekan, oʻshanda uni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun barcha sharoitlarni yaratganday koʻrinar edi.

Biroq barcha omillar inobatga olinmagan edi

Lekin siyosiy texnologlar mamlakatdagi inqiroz chuqurligini hisobga olmadilar: jamiyat total korrupsiyadan charchagan, haqiqiy islohotlarga boʻlgan umidlar soʻnayozgan va sudlangan (hatto ikki marta jinoiy jazoga hukm qilingan) Donetsk gubernatorini prezident lavozimida koʻrishni istamas edi.

Ukraina ikki lagerga boʻlindi.

Gʻarbiy qismiga Viktor Yushchenko jamoasi yetakchilik qilar, “zargʻaldoq” inqilob rangiga boʻlgan, Yevropa Ittifoqi hamda AQSh bilan yaqinlashuv tarafdori edi.

Sharqiy qismi esa Viktor Yanukovich boshchiligidagi sobiq kommunistlar, rusparast va sevetparastlar boʻlib, anʼanaviy ravishda Rossiya bilan aloqalarni mustahkamlash tarafdori edi.

2004 yil 31 oktabrda boʻlib oʻtgan prezidentlik saylovlarining birinchi turida bosh vazir ikkinchi oʻrinni egalladi, Viktor Yushchenkoga 1 foizdan kam farq bilan yutqazdi: 39,26 foizga qarshi 39,90 foiz ovoz oldi.

Shu yilning 21 noyabrida boʻlib oʻtgan ikkinchi turda esa rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Viktor Yanukovich 49,46 foiz ovoz toʻplab gʻalaba qozondi. Biroq, muxolifat saylov natijalarini tan olmadi va keng koʻlamli soxtalashtirishlar haqida bayonot berdi.

Inqirozlar arafasida

Viktor Yanukovich 2004 yilda hokimiyatni qoʻlga kiritishi mumkin edi. Ammo hokimiyatga yoʻlni “zargʻaldoq” inqilob bayroqlari ostidagi ommaviy norozilik namoyishlari toʻsdi. Natijada prezidentlik kursisiga Viktor Yushchenko oʻtirdi.

Bir necha vaqt davomida qarama-qarshilik natijalari nomaʼlum edi. Viktor Yanukovich tarafdorlari muxolifatning uchinchi saylov turini oʻtkazish talablariga qarshi chiqib, Kiyevdagi namoyishlarga javob berishga tayyorlanayotgan edi. Janubi-sharqiy hududlar aholisining katta qismi bu norozilik harakatlarini gʻazab bilan qabul qildi, chunki ular Viktor Yushchenko hokimiyatga kelgan taqdirda, Ukrainada aksilrossiya siyosati kuchayib, majburiy ukrainalashtirish boshlanishidan xavotirda edilar.

2004 yil 28 noyabrda Severodonetsk shahrida umummilliy qurultoy oʻtkazildi. Viktor Yanukovich tarafdorlari boʻlgan 3,5 mingdan ortiq delegatlar yigʻilib, ommaviy noroziliklarni qoraladilar va Janubi-sharq aholisining manfaatlarini himoya qilish uchun Ukraina tarkibida avtonom hudud tashkil etish zarurligini taʼkidladilar.

Shu vaqtga kelib, Ukraina jiddiy siyosiy inqirozga yuz tutgan edi. Jamiyatdagi boʻlinish mamlakatni ilk bor keng koʻlamli nizolar chegarasiga olib keldi.

Biroq Ukraina federalizatsiyasi boʻyicha referendum oʻtkazilmadi. Viktor Yanukovich mojaroni kuchaytirishdan voz kechdi va tomonlar murosaga erishdilar: ikkinchi tur natijalarini "qayta koʻrib chiqish" uchun uchinchi tur saylov oʻtkazishga qaror qilindi.

Saylovlarda magʻlub boʻlgan Viktor Yanukovich muxolifat rahbariga aylandi.

Rossiya tomon ogʻish davri

Mazkur magʻlubiyatdan soʻng, Viktor Yanukovich "Mintaqalar partiyasi"ni qayta tashkil etishga kirishdi. U parlament saylovlaridan soʻng bosh vazir lavozimini egallash yoki hech boʻlmaganda hukumatda katta taʼsirga ega boʻlishni vaʼda qildi. Buning uchun unda real imkoniyatlar mavjud edi.

Chunki Viktor Yushchenko prezidentligining ilk yiliyoq "zargʻaldoq" inqilob umidlarining qulash davriga aylandi. Ilgari muxolifatda birlashgan kuchlar oʻzaro mojaroga kirishdi, prezident esa hukumat ustidan nazoratni yoʻqotib, Viktor Yanukovich jamoasi oldindan taxmin qilgan narsani tasdiqladi: milliy siyosatda radikal oʻzgarishlar qildi, Rossiya bilan ziddiyatga kirishdi va Donbassga eʼtiborsizlik qila boshladi.

Natijada, 2006 yilgi parlament saylovlarida "Mintaqalar partiyasi" 32,14 foiz ovoz toʻplab, birinchi oʻrinni egalladi. Viktor Yanukovich bosh vazirlikka munosib nomzod sifatida koʻrildi. Biroq "zargʻaldoq" inqilob yetakchilaridan biri, sobiq bosh vazir Yuliya Timoshenko ham ushbu lavozimga daʼvogarlik qildi.

Prezidentning pozitsiyasi shu qadar zaiflashdiki, u kechagi raqibi bilan ittifoq tuzishga majbur boʻldi va "Mintaqalar partiyasi" hamda "Bizing Ukraina" bloki oʻrtasida keng koalitsiya tuzishga rozi boʻldi.

2006 yil 4 avgust kuni Viktor Yanukovich yana Ukraina bosh vaziri boʻldi. Biroq, oradan yarim yil oʻtar-oʻtmas, hokimiyatning yuqori pogʻonalarida prezident bilan hukumat va parlament oʻrtasida yangi qarama-qarshilik yuzaga keldi. Bu ziddiyat tezda keskin toʻqnashuvga aylandi. Sababi Viktor Yanukovich “Ukrainaning NATOga aʼzo boʻlish uchun harakat rejasi”ni taqdim etishdan bosh tortgan edi.

Bu esa 2007 yilda parlamentning tarqatilishiga va Yuliya Timoshenko boshchiligida yangi hukumat tuzilishiga olib keldi.

Prezidentlik oʻyinchoq emas

2007-2010 yillar oraligʻida Ukrainaning uzoq yillik kelajagini belgilab bergan bir nechta voqealar sodir boʻldi.

Avvalo, yuz bergan iqtisodiy inqiroz “cheksiz” iqtisodiy oʻsish va isteʼmol “portlashi” haqidagi qisqa muddatli illyuziyalarga barham berdi.

Qolaversa, 2008 yil aprelida Buxarestda boʻlib oʻtgan NATO sammitida aʼzo davlatlar “Ukrainaga aʼzolik harakatlar rejasi”ni berishni rad etdi. Shuningdek, Viktor Yanukovich Abxaziya va Janubiy Osetiya atrofidagi nizoda Rossiyani qoʻllab-quvvatladi, Yuliya Timoshenko esa neytral pozitsiyani egalladi. Bu uning safdoshlari tomonidan xiyonat sifatida baholandi va partiyaning koalitsiyadan chiqishiga olib keldi. Koalitsiya tarqab ketgach, prezident muddatidan avvalgi saylovlarni eʼlon qildi.

Yuliya Timoshenkoning hokimiyatni saqlab qolish imkoniyatlari uning koʻz oʻngida kamayib borardi. Timoshenkoning “Hududlar partiyasi” bilan ittifoq tuzishga urinishlari samarasiz boʻldi. 2009 yilda Viktor Yanukovich bu kelishuvdan voz kechdi, chunki u kelayotgan prezidentlik saylovlarida oʻz gʻalabasiga ishonar va toʻliq hokimiyatni qoʻlga kiritishni maqsad qilgan edi.

Nihoyat prezident kursisida

2010 yil 17 yanvarda boʻlib oʻtgan prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichida Viktor Yanukovich 35 foiz ovoz toʻplab, gʻolib chiqdi, Yuliya Timoshenko esa 25 foizga ega boʻldi. Ikkinchi tur 7 fevralda oʻtkazildi va Yanukovich 48,95 foiz ovoz bilan raqibasidan 3,5 foiz ustunlik qildi.

Viktor Yanukovich – xotini Lyudmila Yanukovich bilan prezidentlik davrida birga yashamagan yagona Ukraina prezidenti. Bu davrda Lyudmila Donetskda yashagan va deyarli barcha prezidentlik tadbirlari va marosimlari uning ishtirokisiz oʻtgan.

Hokimiyatga Rossiyaga tarafdor hukmdor sifatida kelgan Viktor Yanukovich va “Hududlar partiyasi” aslida Rossiya bilan ortiqcha yaqinlashishdan xavfsirar edi. Ular Rossiyani Ukrainaga va uning zaif sanoatiga xavf soluvchi sobiq metropoliya deb bilishar, chunki bu sanoat oʻsha davrda mamlakatning oligarxlar qoʻlida boʻlgan farovonligining asosi edi. Shu sababli, “Bojxona ittifoqi” asosida boʻlajak Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) yoki Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) doirasidagi chuqurroq integratsiya boʻyicha takliflar muntazam rad etildi.

Biroq Yevropa Ittifoqi ham Yanukovich uchun nisbatan xavfli oʻyinchi edi. Yanukovich Yevropa Ukraina ichki bozoriga kirib, uni oʻz nazoratiga olishga urinyapti, degan fikrda edi. Shu bois Ukraina hokimiyati Rossiya va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida muvozanat saqlab, har ikki tomondan imtiyozlar olishga harakat qilardi.

Shunga qaramasdan, Rossiya tomoniga ham bir qator yon berishlar amalga oshirildi. 2010 yilda Viktor Yanukovich Rossiya bilan Qora dengiz floti Qrimda qolish muddatini 2017 yildan 2042 yilgacha uzaytirish boʻyicha shartnoma imzoladi. Buning evaziga Ukraina Rossiyadan import qilinuvchi gaz narxi boʻyicha imtiyozlarga ega boʻldi. Shuningdek, mamlakat qonunchiligidan NATOga integratsiya haqidagi maqsadlar chiqarib tashlanib, Ukrainaga neytral maqom beruvchi huquqiy meʼyor qoʻshildi.

Biroq geosiyosiy frontda barqarorlik taʼminlanmadi. Rossiya bilan gaz inqirozlari, Yevropa Ittifoqi va AQSh bilan keskinlik kuchayib bordi. Gʻarb davlatlari Yuliya Timoshenkoning lavozim vakolatlarini suiisteʼmol qilganlik aybi bilan 7 yilga qamalganini keskin tanqid qilardi. Eng yomoni, ukrain jamiyatida rus tilining maqomi borasida bahs yanada kuchaydi.

Bu vaqtga kelib, Viktor Yanukovich jamoasi radikallarni “qulay” muxolifat sifatida shakllantirishga harakat qilayotgani haqida gap-soʻzlar tarqaldi. Ular nafaqat Ukraina jamoatchiligi, balki Gʻarb hamkorlari uchun ham qoʻrquv manbasiga aylantirilmoqchi edi.

Bir yil oʻtib, 2012 yilda “Ozodlik” partiyasi parlament saylovlarida 10 foizga yaqin ovoz olib, ilk bor Oliy Radaga kirdi. Keyingi yillarda esa milliyatchi kuchlarning harakatlari jamiyat uchun “meʼyor” darajasida qabul qilina boshlandi.

Shunday vaziyatda Viktor Yanukovich oʻzining saylovoldi vaʼdasidan – rus tiliga ikkinchi davlat tili maqomini berish gʻoyasidan voz kechdi. Biroq 2012 yilda “Davlat tili siyosati asoslari toʻgʻrisida”gi qonunni imzoladi, u rus tili va boshqa tillarga koʻpchilik aholi uchun asosiy til boʻlgan hududlarda mintaqaviy maqom berdi. Bu qonunga koʻra, hududlarda rus tilida ish yuritish, taʼlim olish va ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritish mumkin boʻldi.

Viktor Yanukovich geosiyosiy jihatdan murakkab oʻyin oʻynashga qaror qildi. U Rossiya va Yevropa Ittifoqidan maksimal foyda olishni maqsad qilib, oʻzi esa ularga hech narsa bermaslikka urindi. Ammo bu siyosat ikki tomonning ham qattiq noroziligiga sabab boʻldi va Ukraina geosiyosiy toʻsiqqa duch keldi.

“Bizdan hech kim teng imkoniyatli Ukraina haqidagi, Yevropa Ukrainasi haqidagi orzumizni oʻgʻirlay olmaydi. Shuningdek, bu orzu sari olib boradigan haq yoʻldan ham bizni hech kim ogʻdirolmaydi”, – Viktor Yanukovich.

Viktor Yanukovich – oʻz ziddiyatlarining qurboni

Viktor Yanukovich oʻzining nomuvofiq siyosatining tuzogʻiga tushib qoldi. Oxirgi daqiqada u Ukraina va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi assotsiatsiya bitimini imzolashdan voz kechdi va buning oʻrniga Rossiya bilan kelishuvga erishdi.

Bu qaror Gʻarb va Ukrainadagi gʻarbparast kuchlarning qattiq tanqidiga sabab boʻldi. Hukumatning ushbu geosiyosiy manyovridan soʻng “Yevromaydon” inqilobi boshlandi.

Shu bilan birga, hokimiyat oʻz tarafdorlari qoʻllab-quvvatlovini ham tezda yoʻqotdi. Viktor Yanukovich va uning atrofidagi siyosatchilar Yevroittifoq bilan yaqinlashish yoʻlini tanlab, oʻzlarining Rossiya tarafdori saylovchilarini himoyasiz qoldirishdi, siyosiy nomuvofiqlik esa koʻplab tarafdorlarining undan yuz oʻgirishiga sabab boʻldi.

Qochish oldidan siyosiy oʻlim talvasasi

2013 yil oxiriga kelib, mamlakatdagi vaziyat nihoyatda murakkab tus oldi. Bir tomondan, namoyishlarga qaramay, hokimiyat qulagani yoʻq: Viktor Yanukovich oʻz lavozimini saqlab qoldi, kuch ishlatar tuzilmalar esa unga sadoqat koʻrsatdi.

Boshqa tomondan, prezident zaifligini namoyon eta boshladi. U namoyishchilarning lagerini bostirishdan choʻchir, muxolifat bilan muzokara oʻtkazishga urinayotgan edi. Kuch bilan tarqatishga harakat qilingan hollarda esa AQShdan kelgan qoʻngʻiroqlar buni toʻxtatib turardi.

Ayrim maʼlumotlarga koʻra, Yanukovichni qoʻgʻirchoq kabi boshqargan Rossiya prezidenti Putin Yanukovichga namoyishchilarni ayab oʻtirmaslikni, hatto otishni ham buyurgan. Biroq Yanukovich bunday qadamdan avvaliga choʻchigan. Toʻgʻri, keyinchalik namoyishchilarga qarshi qurol va boshqa vositalar ishlatilgan boʻlsa-da, bu choralar, ular oqibatida yuz bergan oʻlim va boshqa koʻngilsiz hodisalar namoyishchilarni qoʻrqitmadi, aksincha, norozilik koʻlamini battar kengaytirdi.

Keyinchalik Putin ham bu voqealar haqida gapirganda, Yanukovichdan namoyishchilarga nisbatan “qattiqqoʻlroq” boʻlishni talab qilgani, ammo Yanukovich uning gapiga kirmaganini tan oldi.

Chunki Viktor Yanukovich Gʻarb bilan aloqalarni butunlay uzishdan xavfsiragan edi. Rossiyalik ekseprtlarning fikricha, aynan shu ikkilanish uning tanazzuliga olib keldi. Kuchayib borayotgan norozilik va hokimiyatning tartib oʻrnatishdagi toʻliq ojizligi mamlakatni halokatli natijaga olib keldi.

2014 yil 19-21 fevral kunlari Kiyev markazida kuch ishlatar tuzilmalar namoyishchilarni ommaviy oʻqqa tutib, bir necha kishining oʻlimiga sabab boʻldi. Xalq tugʻyonga tushdi. Yanukovich endi nafaqat Putin qoʻgʻirchogʻi va rossiyaparast hukmron, balki qonxoʻr va zolim diktator sifatida ifodalana boshladi.

Bu esa Viktor Yanukovichning avval poytaxtdan, keyin esa mamlakatdan qochishiga sabab boʻldi. Uning oʻrnini Aleksandr Turchinov va Arseniy Yatsenyuk egalladi.

Putin oʻz odamining Ukraina tepasidan ketishiga chiday olmadi. Inqiroz, tartibsizlik va hokimiyatsizlikdan makkorona foydalangan holda shu yili Qrim yarim orolini imi-jimida bosib oldi. Keyinchalik bunga ham qanoat qilmay, Donbass mintaqasiga turli niqoblar ostida nomuntazam qoʻshinlar joʻnatdi. Ularni hamda rossiyaparst kuchlarni faol qurollantira boshladi. Natijada Ukrainada fuqarolik urushi boshlandi.

Kim kimni aldadi?

“Meni axmoq qilib aldashdi”, – degan edi Ukraina sobiq prezidenti Viktor Yanukovich toʻntarishning besh yilligi munosabati bilan oʻtkazilgan matbuot anjumanida. U 2014 yil 21 fevralda Kiyevda sodir boʻlgan voqealarni izohlagan paytda aytgan bu gapi Putinga tegishlimi yoki boshqagami, nomaʼlum.

Biroq shunisi aniqki, Yanukovich muxolifat yetakchilari bilan kelishuvni imzolagan zahoti Yevromaydon bosimi ostida poytaxtdan qochdi. U toʻplagan pullarini koʻtarganicha vertolyotga ortib, Donetsk tomon uchdi. Bu yerda ham Ukrainaning yangi, muvaqqat hukumati tomonidan hibsga olinish xavfi paydo boʻldi. Shuning uchun u Azov dengizi qirgʻogʻiga yoʻl oldi. Yanukovichni u yerdan Rossiya harbiy vertolyotlari evakuatsiya qildi va Rossiyaga olib ketdi. Turli manbalarga koʻra, Viktor Yanukovich hamon oʻsha yerda yashamoqda.

Ayni paytda esa Ukrainada unga nisbatan bir nechta jinoiy ish qoʻzgʻatilgan. 2013 yilda Kiyevning Obolon tuman sudi uni davlatga xiyonat va “agressiv urush” olib borishga koʻmaklashganlikda ayblab, sirtdan 13 yillik qamoq jazosiga hukm qildi.

Shu bilan birga, Ukrainada Viktor Yanukovich korrupsiyada ayblangan. Uning “Mejigore” rezidensiyasi avval davlat mulki hisoblangan boʻlsa-da, keyinchalik prezidentning deyarli qirolona hayoti ramziga aylandi. 2014 yildan soʻng esa bu joy muzey boʻldi.

Boylik orttirish yoʻlida xalqiga xiyonat qilgan hukmdor

Viktor Yanukovich hukmronligi yillarida jurnalistlar “Oila” fenomeni haqida koʻp yozar edilar. Bu atama uning oʻgʻillari va eng yaqin atrofidagi odamlarining mamlakat boshqaruvidagi ustuvor rolini ifodalardi.

Peterson nomidagi Xalqaro iqtisod institutining katta ilmiy xodimi, Ukraina hukumatining sobiq iqtisodiy maslahatchisi Anders Oslund hisob-kitoblariga koʻra, Yanukovich oilasining boyligi 12 milliard dollarga teng.

Dastlab Yanukovich ukrainalik oligarxlar Rinat Axmetov, Andrey Klyuyev, Sergey Lyovochkin va Dmitriy Firtash ishtirokida siyosatdan boyish yoʻlida foydalanishning hadisini oldi. Lekin keyinchalik Yanukovich oligarxlarga qarshi muvozanat yaratish maqsadida ular qatoriga Yuriy Ivanyushchenko, Sergey Kurchenko va oʻz oʻgʻli Aleksandr Yanukovichni ham qoʻshdi.

Natijada, oligarxlarning mamlakat siyosiy hayotiga taʼsiri keskin kamaydi. Bu esa ularning noroziligiga sabab boʻldi va 2013 yilga kelib ular prezidentdan asta-sekin yuz oʻgirishdi. Bu omilni Yanukovich hokimiyatidagi birinchi darz ketishi, deyish mumkin.

Nima boʻlganda ham, Yanukovich Ukraina tarixida bahsli shaxs sifatida qoldi. Uning siyosati va qarorlari mamlakat kelajagiga katta taʼsir koʻrsatganini eʼtirof etish lozim.

Yanukovich davri Putinning asil maqsadi – Ukrainani Rossiya tobeʼligida ushlab turish gʻoyasining parchalanishini ifoda qiladi.

Yanukovich davri Putin Ukraina tepasida “oʻz odami” agʻdarilganidan alami kelib va oʻz taʼsir doirasidan chiqqanlarni jazolash, aslida esa bolalik orzusi – SSSRni qayta tiklash borasidagi siyosiy ambitsiyalarining hayotga tatbiq etilishini koʻrsatib beradi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+