Tojikiston va Qirgʻizistondan olib kirilgan 48 kgdan ortiq giyohvand moddalari aniqlandi
Denov tumanida yashovchi shaxsning uyidan narkotik bilan birga kelib chiqishi nomaʼlum 137 ming dollari va 569 mln soʻmdan oshiq pul topildi.

Tojikiston va Qirgʻizistondan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan 48 kgdan ortiq narkotik moddalar musodara qilindi.
DXXning Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda Denov tumanida istiqomat qiluvchi, 1984 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan shaxs Tojikiston Respublikasidan mamlakatimizga aylanma yoʻllar orqali narkotik moddalarni olib kelib, sotish bilan shugʻullanayotganligi holati aniqlanib, uning yashash xonadoni koʻzdan kechirildi.
Natijada xonadon yertoʻlasidan 576 gr. “geroin”, 2 kg. 447 gr. “opiy” va 1 kg. 913 gr. “gashish” moddalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, uning muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan, 1956 y.t. otasidan 9 kg. 62 gr. “gashish” moddasi hamda kelib chiqishi noaniq boʻlgan 137 ming 460 AQSh dollari va 569 mln. 832 ming soʻm olindi.

Bundan tashqari, tezkor tadbir davom ettirilib, uning muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan, 1980 y.t. akasi va Uzun tumanida istiqomat qiluvchi, 1987 y.t. jinoiy sherigi ham qoʻlga olinib, jinoiy sherigining uyidan ham kelib chiqishi noaniq boʻlgan 159 ming 400 AQSh dollari olindi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari va Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi hamkorligida Yangiqoʻrgʻon tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “Yangiqoʻrgʻon-Namangan” yoʻnalishida harakatlanayotgan avtobus toʻxtatilib, koʻzdan kechirildi.
Natijada unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan, mazkur tumanda yashovchi, 1999 va 2002 yillarda tugʻilgan 2 nafar fuqaroga tegishli sumkalarda jami 19 kg. 915 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, ular giyohvandlik vositasini kelgusida sotish maqsadida Qirgʻiz Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelganliklari maʼlum boʻldi.
Andijon viloyatida kuzatilgan holatda esa Marhamat tumanida yashovchi, 1996 y.t., muqaddam sudlangan shaxs “oʻzbek-qirgʻiz” davlat chegarasining mazkur tuman hududidan oʻtuvchi qismiga kelib, avvalroq Qirgʻiz Respublikasi fuqarosi tomonidan kontrabanda yoʻli bilan oʻtkazib berilgan 4 kg. 931 gr. “opiy” va 9 kg. 949 gr. “gashish” moddalarini olib, qaytayotgan vaqtida Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.