"Prava"sidan ayrilganlar endi "uchyot"ga qoʻyiladi
Qonunchilik palatasi yigʻilishida bu toʻgʻrisidagi loyiha koʻrib chiqildi.

"Prava"sidan ayrilgan haydovchilar endi profilaktik hisobga qoʻyiladi.
Qonunchilik palatasi yigʻilishida “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.
Loyiha bilan profilaktik hisobga qoʻyiladigan shaxslar doirasi amaldagi 6 toifadan 3 toifaga, maʼmuriy huquqbuzarliklar uchun profilaktik hisobga olinayotgan moddalar 28 tadan 12 taga kamaytirilmoqda. Ular hozirda zaruriy hisoblangan qoʻshimcha 2 ta holat bilan toʻldirilmoqda.
Xususan, oilaviy zoʻravonlik sodir etganligi uchun MJtKning 59-2-moddasiga asosan javobgarlikka tortilgan hamda sodir etgan maʼmuriy huquqbuzarligi uchun sud tomonidan transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilingan shaxslarni profilaktik hisobga olinadigan shaxslar qatoriga kiritish nazarda tutilyapti.
Mazkur qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi.