platina.uz

Yaponiya moʻʼjizasi: sabablar va asoslar

Qadimgi feodal davrdan tortib, modernizatsiya va urushdan keyingi qayta tiklanishigacha boʻlgan yoʻlda Yaponiya oʻz madaniyati, anʼanalari va texnologiyalarni rivojlantirish orqali dunyodagi eng rivojlangan davlatlardan biriga aylandi.

Maqola
24-fevral, 13:52
Yaponiya moʻʼjizasi: sabablar va asoslar
Fotokollaj: Platina.uz

Yaponiya – bugungi kunda texnologiya, iqtisodiyot va madaniyat sohasida dunyoga namuna boʻlgan davlat. Ammo bu mamlakatning tarixida qanday voqealar yuz bergani, qanday qiyinchiliklarga duch kelgani va qanday sabablar tufayli ulugʻlikka erishganini tushunish uchun uning oʻtmishiga nazar tashlash kerak. Yaponiyaning iqtisodiy va texnologik buyuk davlatga aylanish yoʻli qadimiy zamonlardan boshlanib, ayniksa, XIX-XX asrlardagi oʻzgarishlar bilan chambarchas bogʻliq.

Qadimgi va feodal davr

Yaponiyaning tarixi ming yillarga toʻgʻri keladi. Qadimgi davrda Yaponiya Xitoy va Koreya taʼsirida boʻlgan, ammo oʻziga xos madaniyatni shakllantira olgan. Feodal davrda (XII-XIX asrlar) Yaponiyada samuraylarning hukmronligi oʻrnatilgan. Bu davrda mamlakat ichki jihatdan parchalangan holatda boʻlib, doimiy feodal urushlar boʻlib turardi. Ammo XVII asrda Tokugava syogunati davrida Yaponiya ichki va tashqi siyosatda nisbiy barqarorlikka erishdi. Bu davrda Yaponiya deyarli tashqi dunyo bilan aloqani uzdi, "izolyatsiya siyosati"ni olib bordi.

Medzi islohotlari va modernizatsiya

XIX asr oʻrtalarida Yaponiya uchun katta oʻzgarishlar boshlandi. 1853 yilda Amerikaning Sharqiy Hind eskadra floti Kommodori Mettyu Perri boshchiligidagi “qora kemalar” (yaponcha 黒船 Kurofune) Yaponiya sohillariga kelib, mamlakatni tashqi savdoga majbur qildi. Bu voqea Yaponiyada "qora kemalar" deb atalgan krizisga olib keldi. Yaponiya bu davrdagi qoloqligidan shunchalik uyalganki, hatto kemadagilar koʻrmasin deb, qirgʻoq boʻylab matodan devor tortib chiqilgan ekan.

Bunday jarayonlar natijasida, 1868 yilda Medzi restavratsiyasi boshlandi. Bu davrda Yaponiyada monarxiya tiklandi, syogunat tugatildi va mamlakat tezlik bilan modernizatsiya yoʻliga oʻtdi.

Medzi islohotlari Yaponiyaning iqtisodiyoti, armiyasi va jamiyatini yangilashga qaratilgan edi. Yaponiya Gʻarb mamlakatlaridan texnologiya va bilimlarni oʻzlashtirishni boshladi. Masalan, temir yoʻl, telegraf, zamonaviy armiya tizimi joriy etildi. Shuningdek, Yaponiya konstitutsiyani qabul qilib, parlament sistemasini yoʻlga qoʻydi. Bu islohotlar Yaponiyani Osiyodagi eng kuchli davlatlardan biriga aylantirdi.

Ikkinchi jahon urushigacha boʻlgan davr

XX asrning boshlarida Yaponiya imperialistik siyosatni olib bordi. 1904-1905-yillarda Rossiya bilan boʻlgan urushda Yaponiya gʻalaba qozonib, Osiyodagi taʼsirini kuchaytirdi. Birok bu davrda Yaponiyada militarizm kuchli rivojlandi. 1930-yillarda Yaponiya agressiv tashqi siyosatni olib borib, Xitoyga bostirib kirdi. 1941 yilda Yaponiya Perl-Xarborga hujum qilib, ikkinchi jahon urushiga kirdi.

Urush davrida Yaponiya keng hududlarni egallab, Osiyo va Tinch okean mintaqasida oʻz hukmronligini oʻrnatdi. Biroq 1945 yilda Xirosima va Nagasakiga atom bombalari tashlanishi bilan Yaponiya magʻlub boʻlib, urushni tugatdi.

Urushdan keyingi qayta tiklanish va va iqtisodiy hayot

Ikkinchi jahon urushidan keyin Yaponiya oʻz tarixining eng qiyin davriga kirdi. Mamlakat iqtisodiyoti va infratuzilmasi xarob boʻlgan edi. Aholi qashshoq va nochor edi. Mamlakatdagi koʻp shaharlar bombalar ostida vayron boʻlib, ishlab chiqarish obʼektlari, transport tizimi va uy-joylar zararlangan edi. Bu sharoitlarda Yaponiyaning qayta tiklanishi uchun tashqi yordam muhim ahamiyat kasb eta boshladi. Yaponiya bu qiyinchiliklarni yengib, qayta tiklanish yoʻliga oʻtdi.

Ayniqsa, Amerika Qoʻshma Shtatlari Yaponiyaning qayta tiklanshida muhim rol oʻynadi. Garchi “Marshall rejasi” asosan Gʻarbiy Yevropa mamlakatlariga yordam berish uchun moʻljallangan boʻlsa-da, Yaponiyaga ham foydasi tekkan. 1945 yilda Yaponiyaning magʻlubiyatidan keyin Amerika mamlakatni okkupatsiya qilib, uning iqtisodiyotini qayta tiklash uchun katta qadamlarni qoʻydi.

Amerika taʼsiri ostida Yaponiyada demokratik islohotlar amalga oshirildi. 1947 yilda Yaponiyaning yangi konstitutsiyasi qabul qilindi, unda mamlakatning "urushdan voz kechishi" eʼlon qilindi. Bu konstitutsiya orqali Yaponiyada parlament demokratiyasi tizimi oʻrnatildi, axolining xuquq va erkinliklari kafolatlandi.

Shu tariqa 1952 yilgacha davom etgan davrda mamlakatda katta islohotlar amalga oshirildi. Demokratik tuzum oʻrnatildi, iqtisodiy islohotlar boshlandi.

Amerikaning yordami, siyosiy va iqtisodiy islohotlar

1949 yilda Amerikaning iqtisodiy mutaxassisi Jozef Dodj Yaponiyaga kelib, mamlakatning iqtisodiy tizimini isloh qilish boʻyicha reja taqdim etdi. Bu reja "Dodjning iqtisodiy islohotlari" deb atalib, Yaponiyaning iqtisodiyotini barqarorlashtirishga qaratilgan edi. Dodjning islohotlari orqali Yaponiyada inflyatsiyani qisqartirish, davlat byudjetini muvozanatlashtirish va ishlab chiqarishni koʻpaytirish maqsadi koʻzlangan edi.

Amerika Yaponiyaga naqd pul, texnika va ekspertlar yordamini koʻrsatdi. 1945 yildan 1952 yilgacha boʻlgan davrda Amerika Yaponiyaga 2 milliard dollardan ortiq moliyaviy yordam koʻrsatdi. Bu pullar asosan infratuzilmani qayta tiklash, sanoatni rivojlantirish va taʼlim tizimini yaxshilash uchun sarflandi.

Iqtisodiy moʻʼjizaning boshlanishi

1950-yillardan boshlab Yaponiyaning iqtisodiyoti tezlik bilan rivojlana boshladi. Amerikaning yordami va Dodjning islohotlari natijasida inflyatsiya barham topdi, ishlab chiqarish koʻpaydi va eksport hajmi oshdi. 1960-yillarga kelib Yaponiya dunyoning eng tez rivojlanuvchi iqtisodiyotiga aylandi.

Masalan, 1960-yillarda Yaponiyaning YaIM (yalpi ichki mahsuloti) yillik oʻsishi 10% dan ortiq boʻldi. "Toyota", "Sony", "Panasonic" kabi shirkatlar dunyo bozorida oʻz mahsulotlari bilan tanila boshladi. Yaponiyaning avtomobil, elektronika va boshqa sohalardagi mahsulotlari dunyo boʻylab talabgor tovarlarga aylandi. Bu kompaniyalar zamonaviy ilmiy innovatsiyalar va ixtirolarni oʻzlashtirib, ularni takomillashtirib, haqiqiy texnologik moʻʼjiza yaratishdi. Bir paytlar qoloqliq va jangovarlik timsoli boʻlgan Yaponiya texnologik kashfiyotlar va ilmiy ishlanmalar vatani sifatida mashhur boʻldi. Tasmali va kassetali audio va videomagnitofonlar, turli zamonaviy elektron asbob-uskunalar, iqtisodiy tejamkor va samarali avtomobillar, robotlar, robotlashgan tizimlar va boshqa minglab yangiliklar aynan Yaponiyada ixtiro qilindi, birinchi boʻlib ishlab chiqarildi va butun dunyo boʻylab sotilib, ommalashtirildi.

Hatto Yaponiya avtomobilsozligi AQShga kirib borgach, oʻz mahsulotlarining arzonligi va tejamkorligi, zamonaviyligi va qulayligi, chidamli ekani bilan amerika avtomobil sanoatini sindirdi. (Bu sifatlar barcha yapon mahsulotlariga tegishli boʻlgan!)

Yapon avtomobillari Amerika avtosanoati shahri boʻlmish Detroytning boʻshab qolishiga olib keldi. Shu bois bir necha yil avval yapon siyosatchilaridani biri AQShga safari chogʻida “Amerika atom bombasi bilan Nagasaki va Xirosimani vayron qilgan edi, biz avtomobil sanoatimiz bilan Detroyt shahrini agʻdardik”, deb hazillashgan edi.

Yapon avtomobillarining dovrugʻi shu qadar yuksaldiki, hatto, mish-mishlarga qaraganda, sobiq diktator Muammar Qazzofiy “Men jonsiz temirlardan faqat 2 narsaga toʻla ishonaman: Kalashnikov avtomatik miltigʻiga va Toyota Land Cruiser avtomobiliga” degan ekan.

Yaponiyada ishlab chiqarish sohasida, ishlarni tashkil – menejment borasida ham turli yangiliklar kashf eitldi va takomillashtirildi. Masalan, “kaydzen”, “ikigay” kabi atamalar Gʻarb biznesmenlari uchun ham qoʻllanma kabi yangraydi. Yaponlarning ishlab chiqarish jarayonining samaradorligini oshirish hamda kadrlar siyosatini takomilashtirish borasidagi ishlanmalari Gʻarb sanoati uchun ham hozirgacha yoʻriqnoma vazifasini bajaradi.

Yaponiyada, shuningdek, “korxona kulti” ham mavjud. Bu shuni anglatadiki, yaponlar taʼlim olib, mutaxassislik egallagach, biror korxonaga ishga joylashadi va umrining oxirigacha shu yerda ishlaydi. Gʻarbdagi kabi tez-tez ishni almashtirish va mobillik bu yerda salbiy maʼnoni anglatadi. Yapon zavod ishchisi oʻz korxonasini oʻzining ikkinchi uyi va uning xodimlarini oʻzining ikkinchi oilasi deb biladi. Shunga munosib mehnat qiladi, taraqqiyot va samaradorlik uchun intiladi. Bir korxonada toki nafaqagacha ishlab, keyin katta nafaqadan rohatlanib keksalik gashtini surish, sayohat va xobbilar bilan shugʻullanish – oʻsha davrlarda deyapli barcha oʻrta statistik yapon ishchilarining orzusi boʻlgan.

Oʻz navbatida korxonalar ham ishchilarni qadrlagan. Muntazam ularning moddiy va tibbiy taʼminoti hamda mehnat sharoitlarini yaxshilash ustida ishlagan. Har bir ishchiga katta qurilmaning bir murvati emas, nozik tizimning muhim bir omili sifatida qarab, hurmat bilan munosabatda boʻlgan. Xodimlarning kasbiy va lavozim oʻsishlariga eʼtibor bilan qaralgan.

Taʼlim tizimidagi islohotlar

Shu bilan birga Amerika tashabbusi bilan Yaponiyada zamonaviy taʼlim tizimi yaratilgani ham ushbu kunchiqar mamlakat yuksalishida katta rol oʻynagan.

Jumladan, 1947 yilda "Taʼlim toʻgʻrisidagi qonun" qabul qilinib, barcha bolalar uchun majburiy va bepul taʼlim tizimi joriy etildi. Bu islohotlar Yaponiyaning kelajakdagi iqtisodiy va ijtimoiy rivoji uchun asos boʻldi. Bu qonun hamon amal qiladi.

Umuman olganda, yaponlar erta bolalikdan jiddiy va uzluksiz taʼlim olishni boshlaydi. Bolalar nufuzli va oliy toifali maktablarga kirishga, nufuzli universitetlarda oʻqishga, tegishli tanlovlarda qatnashishga, keyin esa yetakchi kompaniyalarda ishlashga intiladi. Yaponiyada yuqori sifatli taʼlim har bir inson uchun kelajakdagi muvaffaqiyat kafolati hisoblanadi.

“Oʻrta taʼlim toʻgʻrisida”gi qonun (1947) bugungi kunda ham amalda boʻlib, taʼlim tizimini quyidagicha belgilaydi:

  • Boshlangʻich taʼlim: 6 yilgacha;
  • Umumiy oʻrta taʼlim: 6 yil;
  • Toʻliq oʻrta maktab: 3 yil;
  • Oʻrta maktab: 3 yil;
  • Oliy maʼlumot:
  • Bakalavr darajasi: 4 yil;
  • Magistratura: 2 yil;
  • Doktorantura: 2 yil.

Yaponiyada taʼlim boshlangʻich va toʻliq oʻrta darajalarda (1-dan 9-sinfgacha) majburiydir. Oʻquv yili apreldan martgacha 11 oy davom etadi. Darslar maktabga qarab haftada 5 yoki 6 kun oʻtkaziladi. Oʻquv yili uch semestrdan iborat boʻlib, ular orasida yozgi, kuzgi va qishki taʼtillar mavjud. Maktablar barcha oʻquvchilar uchun yagona forma tatbiq etilgan. Boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun maktab formasi oʻrta maktab oʻquvchilarining formasidan farq qiladi.

Mamlakatdagi barcha darsliklar bepul! Maktablarda muqobil darsliklardan foydalanishga ham ruxsat beriladi. Bundan tashqari, oʻqituvchilar qoʻshimcha materiallar va oʻquv qurollari bilan taʼminlaydilar. Biroq ushbu materiallardan foydalanishga faqat taʼlim organlari tomonidan tasdiqlanganidan keyin ruxsat beriladi.

Bu mamlakatda oʻqituvchilarni oʻqitish va yollashga juda jiddiy yondashadi. Oʻqituvchilarga qoʻyiladigan talablar juda qattiq va bu talablardan muvaffaqiyatli oʻtgandan soʻng oʻqituvchilar ishga olinadi. Aksariyat oʻqituvchilar darsdan keyin maktabda qolishni va oʻquvchilar bilan soat 21:00 gacha individual ishlashni koʻngilli deb bilishadi.

Yaponiya oʻrta maktablarida oʻqituvchi bitta maktabda 6 yildan ortiq ishlay olmaydi. Bu muddatdan keyin oʻqituvchilar shu prefekturadagi boshqa maktabga yoki boshqa prefekturaga oʻtkaziladi. Oʻqituvchilarni yangi ish joyiga koʻchirish va ularni uy-joy bilan taʼminlash taʼlim organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Ushbu davlatda xorijiy tillarni, ayniqsa, ingliz tilini oʻqitishni rivojlantirishga katta ahamiyat beriladi. Mamlakatda ingliz tilini oʻqitish darajasini oshirish maqsadida hukumat ingliz tilida soʻzlashuvchi mamlakatlardan oʻqituvchilarni Yaponiyada almashish va oʻqish dasturi orqali taklif etiladi.

Yaponiya muvaffaqiyatining asosiy omillari

Yaponiyaning yuksalishidagi asosiy omil sifatida ekspertlar aynan taʼlim tizimidagi islohotlarni misol qilib koʻrsatishadi. Yaponiyada taʼlim yuksak darajada rivojlandi, bu esa mamlakatda muhim kadrlarni tayyorlash imkonini berdi.

Ikkinchidan, Yaponiya jamiyatining mehnatsevarligi va intizomi uning iqtisodiy muvaffaqiyatining asosiy omili boʻldi.

Shuningdek, Yaponiya tabiiy resurslarga boy boʻlmasa-da, uning iqtisodiyoti innovatsiya va texnologiyalarga asoslangan. Mamlakatdagi ilmiy-texnik tadqiqotlar va ishlab chiqarish sohasidagi yangiliklar uning raqobatdoshligini oshirdi.

Eng muhimi, Yaponiyada “inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan shior shunchaki shior emas. U amalda qoʻllaniladi. Garchi mazkur shior shu paytgacha rasman aytilmagan boʻlsa-da.

Umuman olganda, Yaponiyaning buyuk davlatga aylanishi uning qatʼiyatli, mehnatsevar va innovatsion yoʻlining natijasidir. Qadimgi feodal davrdan tortib, modernizatsiya va urushdan keyingi qayta tiklanishigacha boʻlgan yoʻlda Yaponiya oʻz madaniyati, anʼanalari va texnologiyalarni rivojlantirish orqali dunyodagi eng rivojlangan davlatlardan biriga aylandi. Bu mamlakatning tajribasi boshqa davlatlar uchun xam qiziqarli va oʻrnak olishga arziydi.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+