Pokiston bosh vaziri Oʻzbekistonga keladi
Sammit yakunida Qoʻshma deklaratsiya va qator ikki tomonlama hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif 25-26 fevral kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda boʻladi.
Boʻlajak oliy darajadagi muzokaralar kun tartibidan Oʻzbekiston-Pokiston strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari oʻrin olgan.
Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, transport bogʻliqligini kuchaytirish va tranzit salohiyatini roʻyobga chiqarish, yengil va charm sanoati, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, elektrotexnika va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish borasidagi qoʻshma rejalar diqqat markazida boʻladi.
Madaniy-gumanitar va turizm aloqalarini faollashtirish masalalari ham koʻrib chiqiladi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashiladi.
Sammit yakunida Qoʻshma deklaratsiya va qator ikki tomonlama hujjatlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida yetakchilar Oʻzbekiston-Pokiston qoʻshma biznes forumida ham ishtirok etadilar.