Nega Tramp Putin pozitsiyasiga oʻtib oldi yoxud Trampning gambit oʻyini
Biznesmen, avtokrat va makkor tadbirkorligi bilan tanilgan Tramp bu yon berishlar ortidan oʻzi va AQSh uchun 10 baravar katta iqtisodiy va siyosiy foydani koʻzlayotgani aniq.

2025 yilning fevral oyiga kelib, AQSh siyosatining Rossiyaga nisbatan yondashuvi keskin oʻzgara boshladi. Prezident Donald Tramp oʻzining ikkinchi prezidentlik muddatida Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilashga urinayotgani aniq koʻzga tashlanmoqda. Bu oʻzgarish nafaqat Vashingtonda, balki butun Yevropa va xalqaro hamjamiyatda keskin bahslarga sabab boʻlyapti.
Yaqin vaqtgacha Vashington Rossiyaga nisbatan qattiq sanksiyalar qoʻllab kelgan va Ukrainaga keng miqyosda yordam koʻrsatayotgan edi. Biroq soʻnggi voqealar shundan dalolat beryaptiki, Tramp bu siyosatni qayta koʻrib chiqa boshladi. Uning keskin bayonotlari va amaldagi harakatlari AQShning anʼanaviy geosiyosiy pozitsiyalaridan chetlashganidan darak beradi. Bu oʻzgarish qanday sabablarga ega va unga nima taʼsir qildi? Bunday tendensiya Tramp sevgan shior – “Amerikani yana buyuk qilamiz” shioriga qanchalik mos keladi?
Tramp va Rossiya: yaqinlashuvning sabablari
Avvalo, Trampning tashqi siyosatdagi ustuvor yoʻnalishi real geosiyoat tamoyillariga asoslanadi. U AQShning siyosiy, aniqrogʻi, iqtisodiy manfaatlarini birinchi oʻringa qoʻyadi va Yevropadagi azaliy hamkorlarini oʻz xavfsizligi uchun zimmasiga koʻproq masʼuliyat olishga chaqiradi. Shu nuqtai nazardan, Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalar AQSh iqtisodiyoti uchun samarasiz ekanini bir necha bor taʼkidlagan va bu rost boʻlib chiqdi. Bundan tashqari, u Ukrainaga ajratilayotgan yordamni ham qisqartirishni boshladi.
Esga oladigan boʻlsak, Donald Tramp 2017-2021 yillardagi birinchi prezidentlik davrida ham Rossiya bilan iliq munosabatlarni yoʻlga qoʻyishga urinib koʻrgan, biroq AQSh Kongressi va oʻz maʼmuriyatidagi baʼzi mansabdor shaxslar unga toʻsiq boʻlgan. Jumladan, 2018 yildagi Xelsinki sammitida u Putinga nisbatan juda yumshoq pozitsiyada turdi, bu esa Amerika siyosiy doiralarida qattiq tanqidlarga uchradi. Shunga qaramay, u oʻsha davrda Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qila olmadi, chunki Kongress bunga yoʻl qoʻymadi.
Ikkinchi muddatda esa Tramp vaziyatni oʻz qoʻliga oldi. Kongressda ham, Senatda ham respublikachilar koʻpchilikni tashkil qilmoqda, bu esa unga ichki va tashqi siyosatda koʻproq manyovr qilish imkoniyatini beradi. Uning administratsiyasida ham Putin bilan muzokaralar oʻtkazish tarafdorlari koʻpaydi. Shuning uchun 2025 yilda Rossiya bilan yaqinlashuv ancha tez amalga oshmoqda.
Shu tariqa, Vashington va Moskva oʻrtasidagi muzokaralar soʻnggi oylarda faollashdi. 2025 yil boshida Tramp va Putin bir necha bor telefon orqali muloqot oʻtkazib, NATO kengayishi va Ukrainadagi vaziyat haqida fikr almashishdi. 12 fevral kuni Davos forumi doirasida oʻtkazilgan uchrashuvda Tramp Rossiyaga qarshi baʼzi sanksiyalarni yumshatish taklifini ilgari surdi. Unga koʻra, agar Moskva Ukraina bilan tinchlik muzokaralarini boshlasa va Qrim masalasida biroz yon bosish qilsa, AQSh Yevropa Ittifoqini ham sanksiyalarni kamaytirishga chorlashga tayyor.
Bu pozitsiya bir qancha sabablarga asoslangan. Trampning fikriga koʻra, Rossiya bilan muloqot va kelishuvlar AQSh uchun iqtisodiy jihatdan manfaatli. U Yevropa davlatlari AQSh yordamisiz ham oʻz xavfsizligini taʼminlay olishi kerakligini aytib keladi.
Ukraina bilan munosabatlarning sovishi
Ukraina AQSh tashqi siyosatining asosiy nuqtalaridan biri boʻlib qolmoqda, ammo Tramp maʼmuriyati Kiyevga yordamni bosqichma-bosqich kamaytirishga kirishdi. Bir necha yil davomida AQSh Ukrainaga 75 milliard dollardan ortiq harbiy va iqtisodiy yordam ajratgan edi. Biroq Tramp bu siyosatni qayta koʻrib chiqib, Zelenskiy maʼmuriyatidan real yon bosishlarni, hatto Kiyevga berilgan pullarni qaytarishni talab qilmoqda.
Yaqinda Vashingtonda oʻtkazilgan yopiq muzokaralarda AQSh rasmiylari Ukrainaga NATOga aʼzo boʻlish masalasi muzokaralar stoliga qoʻyilmasligini bildirishdi. Bu Kiyev uchun jiddiy zarba boʻldi. Shundan soʻng Zelenskiy AQSh bilan munosabatlarida ochiqcha norozilik bildirib, Tramp maʼmuriyatini Ukraina taqdiri haqida Moskvaning pozitsiyasiga mos yondashuvda aybladi. Bu esa Trampning Kiyevga nisbatan pozitsiyasini yanada murakkablashtirdi.
Qolaversa, soʻnggi kunlarda Zelenskiyga nisbatan ritorik tahdidlar va haqoratomuz ayblovlar kuchaygan. AQSh maʼmuriyati Zelenskiyni korrupsiyada, vaqti kelib qolgan saylovlarni oʻtkazmasdan hukmronlik qilayotgan va xalq orasida reytingi 4 foizga tushib qolgan nolegitim diktatorlikda aybladi. Oʻrtada oʻzaro dahanaki jang kuchaymoqda.
Lekin tahlilchilarning fikricha, saylovlar oʻtkazish gʻoyasi Putin komandasidan chiqqan boʻlsa-da, bu bilan Tramp Zelenskiyning oʻrniga oʻz odami, yaʼni muzokaralarda Tramp qoʻyadigan shartlarga, xususan, Ukraina yer osti boyliklarining 50 foizini AQSh nazoratiga oʻtkazishga soʻzsiz rozi boʻladigan prezident boʻlishini xohlayapti.
Yoki Moskva bilan muzokaralarda qoʻyiladigan, ogʻir hududiy, moliyaviy va siyosiy yonbosishni talab qiluvchi shartlarga rozi qilish uchun bosim koʻrsatmoqda. Nima boʻlganda ham, Tramp uchun hozir Ukraina qiziq emas. U Putinning koʻnglini ovlashga intilyapti. Biroq biznesmen, avtokrat va makkor tadbirkorligi bilan tanilgan Tramp bu yon berishlar ortidan, oʻzi va AQSh uchun 10 baravar katta iqtisodiy va siyosiy foydani koʻzlayotgani aniq. Buni Trampning Putinga yoki Rossiyaga mehr-muhabbati tufayli deb tushunish mantiqqa zid. Zero, AQShning 56-Davlat kotibi Henri Kessenjer aytganidek, “Amerikaning doimiy doʻstlari yoki doimiy dushmanlari yoʻq, uning doimiy manfaatlari bor xolos”. AQShning yangi maʼmuriyati, taxminimizga koʻra, Putinga shunday taklif qilganki, u rad eta olmagan. Hozircha bu taklif, aniqrogʻi shart, oshkor qilinmagan. Putin buni oshkor qilmasligi ham ehtimolga yaqin. Ehtimol Ukraina borasida yonbosish evaziga toʻlanadigan badal Rossiya uchun juda ogʻir boʻlar, ehtimol bu badalni rus xalqi yana koʻp yillar yigʻlab, qiynalib toʻlar, lekin hozir Putin uchun bu narsalar ahamiyatsiz. U oʻzi boshlab qoʻygan gʻalvadan – Ukraina urushidan gʻolib sifatida hamda oʻz fikricha, “yorugʻ yuz” bilan chiqsa kifoya. Hozir Putin, Fransiya qiroli Lyudovik XV va uning favoritkasi markiz de Pompadur Fransiya 1757 yilda yetti yillik urushda magʻlub boʻlganidan keyin aytganidek, “mendan keyin dunyoni suv bosmaydimi” (fransuzcha (Après moi, le déluge) qabilida ish tutyapti. Putinga bugungi shon-shuhrati muhim, undan keyin Rossiya nima qilishi va Rossiyaga nima boʻlishi – Putindan keyin keladigan prezidentning va xalqning muammosi. Putin tili bir, dini bir, tarixi va maslagi bir qoʻshnisiga hujum qilib, uning yerlarini tortib olib, xalqini oʻldirishdan hazar qilmadi. Yuz minglab oʻz fuqarolarining istilochilik urushida oʻlib ketayotganiga befarq qarab, ularning bevalari bilan uyushtirilgan yigʻilishda, televizor ekranlari orqali “ular alkash boʻlib, oʻzaro pichoqlashib befoyda oʻlib ketishar edi baribir, hozir har holda vatan uchun (aslida Putin uchun) oʻlib, Rossiyaga foyda keltirishyapti-ku” deyishga jurʼat qildi. Bunday sovuqqon rahbar uchun oʻz ambitsiyalari ustuvor ekanligi tabiiy hol.
Donald Tramp esa bu oʻyinlari bu orqali yana oʻz niyatiga erishadi. Ehtimol, oʻzi aytganidek, “Amerikani yana buyuk qiladi”.
Aslini olganda, Tramp 2024 yilda saylovoldi kampaniyasidayoq Ukrainaga yordam berishni qayta koʻrib chiqishini aytgan edi. Prezidentlikka qaytganidan keyin bu vaʼda amalga osha boshladi. 2025 yil yanvar oyida AQSh Ukrainaga harbiy yordamni qisqartirish boʻyicha qaror qabul qildi. Vashington Kiyevdan real yon bosishlar kutayotganini aniq bildirdi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bu oʻzgarishlarga javoban ochiq norozilik izhor qildi. AQSh rasmiylari bilan yopiq uchrashuvlarda Zelenskiy Tramp maʼmuriyatini Ukraina taqdiri haqida Moskvaning koʻzqarashiga mos yondashishda aybladi. Bu esa Kiyev va Vashington munosabatlarini yanada sovitdi.
Yevropadagi xavotir va NATOdagi beqarorlik
Tabiiyki, Trampning Rossiyaga yon bosishi Yevropada xavotir uygʻotdi. Germaniya va Fransiya yetakchilari AQShning bugungi siyosati Yevropa xavfsizligini zaiflashtirishi mumkinligidan ogohlantirishdi. Britaniya bosh vaziri ham Tramp maʼmuriyatining NATO boʻyicha bayonotlarini tanqid qildi. Ammo Tramp oʻzining 2016 yildan buyon aytib kelayotgan pozitsiyasini yana takrorladi: AQSh oʻz manfaatlarini birinchi oʻringa qoʻyadi va Yevropa davlatlari oʻz mudofaasi uchun koʻproq masʼuliyat olishi kerak. Yevropa davlatlari oʻz mudofaasi uchun koʻproq sarmoya kiritish kerakligini taʼkidlayotgan Tramp Vashingtonning boshqa davlatlar xavfsizligi uchun bir tomonlama javobgar boʻlishini istamasligini ochiq aytmoqda.
Ikkinchidan, Tramp Xitoyni asosiy raqib deb hisoblaydi va Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilash orqali Pekinning taʼsirini cheklashni rejalashtirmoqda.
Xitoy faktori
Trampning tashqi siyosatidagi yana bir muhim faktor – Xitoyga qarshi kurash. Uning administratsiyasi Xitoyni asosiy raqib deb hisoblaydi va Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilash orqali Pekinning taʼsirini cheklashni rejalashtirmoqda. Tramp Moskva bilan yaqinlashish orqali Xitoy va Rossiya oʻrtasidagi aloqalarni zaiflashtirishga umid qilmoqda. Zero, Rossiya AQSh uchun na harbiy, na iqtisodiy tahdid sola oladi. Uning armiyasining qalbaki qudrati Ukrainaga qarshi urushda fosh boʻldi. Iqtisodiy qudrati esa Gʻarb sanksiyalari ostida ayon boʻldi. SSSR tarqalganidan beri durustroq iqtisodiy tizim yarata olmagani, Gʻarbdan xomashyo va texnologiyalar kelmasa hatto qogʻoz ham ishlab chiqara olmasligi maʼlum boʻlib qoldi. Rossiyaning butun boyligi va qudrati yerdan chiqadigan tayyor xomashyoni, asosan neft va gaz kabi energoresurlarni sotishdan tushadigan daromad ustiga qurilgan.
Shu nuqtai nazardan, ayni sharoitda AQSh manfaatlariga faqat Xitoy xavf sola boshladi. Xitoy oʻz moliyaviy dastaklari bilan butun dunyoni egallab olyapti. Bu ketishda AQSh ham Xitoyga qaram boʻlib qolishi vaqt masalasi. Xitoy bilan iqtisodiy yoki siyosiy kurash olib borish ancha chiqimdor va AQShning tinkasini quritadi. Buning ustiga Gʻarbdan alamzada Rossiya ham Xitoy tarafida turib olishi mumkin. Tramp uzoqni koʻzlagan holda Rossiyani Ukraina tuzogʻi orqali oʻziga qaram qilib olishga intilyapti. Bu oʻyin 2014 yilda Rossiya Qrimni bosib olganida boshlangan edi aslida. Agar Tramp Putinning “tilini qisib qoʻyishga muvaffaq boʻlsa”, avvalo, oʻzining va Isroilning istilochilik ambitsiyalari uchun Rossiya yaratgan pretsedentni mustahkamlaydi.
Bundan tashqari, Tramp oʻz strategik maqsadlariga erishsa, Xitoy xalqaro maydonda yakkalanib qoladi. Geosiyosiy oʻyinlar esa uning iqtisodiy qudratini sindirishga ham qodir. Buning ustiga mintaqadagi yana bir kuchli oʻyinchi – Hindiston ham Xitoyni oʻziga raqib deb biladi. Pokiston esa tarixan Gʻarb bilan hamfikr. Agar Rossiya AQSh tarafida boʻlsa, hech boʻlmasa, Xitoyga yordam berishdan iymanib qolsa, Tramp oʻz maqsadiga yetdi, deb hisoblasak boʻladi.
Dunyoning qolgan chekkalari ham nazorat ostida. Isroilga koʻrsatilayotgan “mehribonlik” ortida AQSh manfaatlari turibdi. Bu AQShning Yaqin Sharq va Sharqiy Afrikadagi, umuman musulmon dunyosidagi taʼsirini mustahkamlaydi. Qanday qilib deysizmi? Tramp taktikasi shundan iboratki, u raqibiga avval shart qoʻyib, oʻldirish bilan qoʻrqitadi. Agar shartimga koʻnsang, shapaloq bilan qutulasan deydi. Tavakkal qilishni istamagan raqibi shartga rozi boʻladi. Aslida Tram oʻldirishni niyat qilmaydi. Isroil kartasi ham arab davlatlarini nazoratda ushlash, aytgan yoʻrigʻiga koʻndirish uchun yaxshi dastak. Falastinliklar oʻlishini istamaysanmi, marhamat, mana bu shartni bajar. Isroildan kaltak yeging kelmayaptimi, marhamat, mana bu shartni bajar. Chunki Isroilga AQShdan boshqasining gapi oʻtmaydi. Gʻazodagi yordami evaziga Isroil ham AQSh shartlariga bajonidil koʻnadi.
Qarabsizki, butun mintaqa oʻzi istamagan holda Tramp musiqasiga oʻynab beradi. Tagʻin buning uchun Trampdan minnatdor boʻlib, rahmat aytadi. Tinchlik boʻyicha Nobel mukofotini-da beradi. Yana kim qahramon – Tramp qahramon. Yana qaysi davlat birinchi – AQSh birinchi.
AQShning Isrolni kuchaytirishi – uning yana bir ashaddiy raqibi – Eronning ham qoʻlini kalta qilib qoʻyadi. Shu bois, Bashar Asadning osonlik bilan agʻdarilgani, Rossiyaning unga yordam berishga urinmagani ortida AQSh qoʻli bor, deyilsa hayron qolmaslik kerak. Vaziyatni tushunmagan bechora qonxoʻr Asad hukmronligining oxirgi kunlarida tavba qilib, Gʻarbga yalinib-yolvordi. Hamma aytganlaringni qilaman, faqat meni qutqaringlar deb yigʻladi. Hatto Isroilga Suriya davlat sirlarini berdi. Lekin Gʻarb ham, Rossiya ham koʻzini koʻr, qulogʻini kar qilib turaverdi. Isroildan kaltak yeb qanoti singan Eron esa yordam qoʻlini uzatishdan choʻchidi. Chunki bu voqealar ulkan bir shaxmat oʻyinining gambit debyuti, Bashar Asad esa qurbon berilayotgan bir piyoda edi xolos.
Ehtimol, bu Ukraina manfaatlarining bir qismini qurbon qilish evaziga, Rossiya toʻlay boshlagan badalning avans qismi boʻlishi ham mumkin. Demakki, Tramp prezidentlikka kelganidayoq Putin bilan ogʻiz-burun oʻpisha boshlaganining sabablari bugun yoki kechagi kunga borib taqalmaydi. Bu omillar 2023 yilda Isroil Gʻazoga bostirib kirib, qoʻrqmasdan qirgʻin boshlaganida, 2024 yilda Bashar Asad rejimi agʻadarilib, Eronning mudofaa hamda geosiyosiy qudratiga kuchli zarba berilganida boshlangan boʻlishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda..
Donald Trampning ikkinchi muddati AQShning tashqi siyosatida tub burilish yasadi. Bu jarayon xalqaro maydonda jiddiy muammolar va bahslar keltirib chiqarayotgan boʻlsa-da, Tramp oʻz saylovchilari oldida bu siyosatni AQSh manfaatlari uchun zarur deb asoslashga harakat qilmoqda. Boshqa davlatlar esa bu pozitsiyaning uzoq muddatli oqibatlarini baholashdan boshqa narsaga yaramayapti hozircha. Ammo bir taxmin tobora aniqlashib boryapti: Tramp gambit debyutini boshlagan. U ahamiyatsiz piyodalarni yoki boshqa donalarni qurbon berish orqali haqiqiy va yakuniy gʻalabaga erishmoqchi. Lekin shaxmatdagi gambit oʻyinida shaxmatchi oʻz donalarini qurbon qiladi. Tramp esa boshqalarning donalarini qurbon qilmoqda. Kam yoʻqotishlar evaziga AQShning geosiyosiy gʻalabasini taʼminlashga intilmoqda. “Amerikani yana buyuk qilishga urinmoqda”.
Abulfayz Sayidasqarov