Aholini doimiy daromadli qilish uchun 7,7 trln soʻmlik kredit ajratiladi
“Mikrokreditbank” oʻtgan yilni sarhisob qildi va bu yilgi rejalarini ochiqladi.

24 fevral kuni Milliy matbuot markazida “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar natijadorligi hamda 2025 yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda bank rahbariyati, OAV vakillari, blogerlar va iqtisodiy tahlilchilar ishtirok etdi.
Bank tomonidan oʻtgan 2024 yilda 7 trln soʻmdan ziyod kreditlar ajratildi. Shundan, 1,9 trln soʻmlik investitsiya loyihalari amalga oshirildi, 2,4 trln soʻmlik kreditlar oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturidan moliyalashtirildi, 2 trln soʻm kichik biznes subʼektlarini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirildi hamda 1,5 trln soʻmlik mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatildi.
Natijada bankka biriktirilgan 1230 ta mahallada ularning rivojlanish drayverlariga asosan jami 232,7 ming nafar aholi bandligi taʼminlandi, ularning 113,7 ming nafari doimiy ishga joylashtirildi.

Xususan, “Sayxunobod” tajribasi asosida xonadonbay ishlash orqali 7273 ta xonadonga 136,5 mlrd soʻmlik “moliyaviy paket”lar joylashtirildi.
Shu bilan birga, 1,2 trln soʻm bank krediti hisobiga 42 048 ta mikroloyihalar amalga oshirilib, 73,1 mingta ish oʻrni yaratildi.
“Uychi” tajribasi asosida 996 ta uchrashuvlarda koʻtarilgan 8,3 mingta murojaat hal qilinishi natijasida 31,4 mingta ish oʻrinlari yaratildi.
2024 yilda bank tomonidan xalqaro moliya institutlaridan 124 mln doll. resurs olib kelindi, aholi va tadbirkorlardan 1,1 trln soʻm depozit, 609 mlrd soʻm omonat jalb qilindi.
Shuningdek, xotin-qizlar tadbirkorligini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash borasida 2024 yilda bank tomonidan 89 592 nafar xotin-qizlarning aynan biznesini moliyalashtirish uchun 1 trln 604 mlrd soʻm imtiyozli kreditlar yoʻnaltirildi va 92 200 nafar ayol bandligi taʼminlandi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida aholini tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini taʼminlash uchun jami 2 trln 397 mlrd soʻm kreditlar ajratildi.
Mazkur kreditlarning 1 trln 196 mlrd soʻmi yoki 50 foizi 78 836 nafar xotin-qizning tashabbuslarini imtiyozli shartlarda moliyalashtirishga yoʻnaltirildi.
Shu bilan birga, PQ-122-sonli qaror asosida 19 370 nafar xotin-qizlarga 2024 yilda 253,2 mlrd soʻm kreditlar ajratib berildi.

Bank 2025 yilgi vazifalarini Prezidentimizning 2024 yil 16 dekabr kuni videoselektor yigʻilishida tijorat banklari oldiga qoʻygan ustuvor vazifalar va topshiriqlari doirasida tashkil qilmoqda.
Jumladan, Bosh bankda mahallabay ishlash boʻyicha alohida departament, hududiy boshqarmalarda boʻlinmalar va BXO, BXMlarda mahalla sektorlari tashkil qilindi. Bankka biriktirilgan 1121 ta mahallaga yangi tizim asosida 332 ta “mahalla bankiri” shtati ochilib, malakali va tashabbuskor xodimlar bilan butlandi.
Mahalla sektorlari, mahalla bankirlari va yordamchi agentlari tomonidan joriy yilda kichik va oʻrta biznesga 5,4 trln soʻm va dasturlar doirasida 2,9 tlrn soʻm kredit ajratish belgilangan.
Shundan, PQ-312 sonli qaror doirasida 1 trln soʻm, “Biznesga birinchi qadam” doirasida 315 mlrd soʻm, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida 1,5 trln soʻm, hamroh dasturi doirasida 57 mlrd soʻm mablagʻ ajratiladi.
Bank tomonidan 2025 yilda barcha imkoniyatlarni ishga solish orqali 320 ming kishining bandligi taʼminlanadi, ularning 131 ming nafari doimiy daromadli ishga joylashtirilsa, 189 ming nafari tadbirkorlikka jalb etiladi.
Buning uchun barcha manbalar hisobidan 7,7 trillion soʻmlik kreditlar ajratiladi.
Kredit mablagʻlarining asosiy qismi, yaʼni kamida 50 foizi kichik biznes subʼektlariga yoʻnaltiriladi. Bu maqsadga erishish uchun joriy yilda xalqaro moliya institutlaridan 260 million dollar mablagʻ jalb qilish rejalashtirilgan. Mazkur mablagʻlarning 50 million dollari “moliyaviy ommaboplik” dasturi doirasida mikroloyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.
Aholiga ijaraga berilgan 1756 gektar yer maydonlarida “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida 160 ta namunali loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu maqsadda 160 ta agregator tanlab olindi.
Dastlabki ekin sifatida 5400 nafar aholi kooperativlarga aʼzo boʻlgan poliz va sabzavotlar yetishtirish uchun agregatorlarning 3,8 mlrd soʻm kreditga talabi aniqlandi.

“Super loyiha” doirasida “yetishtirish – qayta ishlash – sotish” zanjirini yaratish uchun 105 gektar yer maydonida 7 ta namunaviy loyiha shakllantirildi.
Misol uchun, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Chimboy tumani, “Tazgʻara” OFYda yoshlarga 15 gektar yer maydoni ijaraga berildi. Birinchi ekinda – pomidor, ikkinchi ekinda – koʻkatlar ekilishi rejalashtirilgan.
Yanvar-fevral oylarida “Uychi” tajribasi asosida bank mijozlari bilan oʻtkazilgan uchrashuvlar natijasida 5857 nafar tadbirkorlar bilan 482 marotaba uchrashuv oʻtkazilib, unda koʻtarilgan 2 118 ta murojaat ijobiy hal qilinishi natijasida 2 188 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
Jumladan, 1 823 tasiga 63 mlrd soʻm kredit ajratildi, 8 tasini 20 mlrd soʻmlik kredit qarzdorligi muddati uzaytirildi, 287 ta boshqa masalalar hal etildi.
“Mikrokreditbank” jamoasi yurtimizda kichik biznes, xususiy va yakka tartibdagi tadbirkorlikni rivojlantirish, hunarmandchilik hamda kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash yoʻli bilan yangi ish oʻrinlarini yaratish, ayniqsa, qishloq joylarda mikromoliyaviy xizmatlarni kengaytirish borasidagi faoliyatini davom ettiradi.
Bank Axborot xizmati