platina.uz
Siyosat

Abdulla Aripov Afgʻoniston bosh vaziri oʻrinbosari bilan uchrashdi

Uchrashuvda oʻzaro aloqalarni yanada kengaytirish, savdo-iqtisodiy, energetika, transport va boshqa sohalarda hamkorlik muhokama qilindi. 

Abdulla Aripov Afgʻoniston bosh vaziri oʻrinbosari bilan uchrashdi

Joriy yilning 22-23 fevral kunlari Afgʻoniston Bosh vazirining oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi Mullo Abdul Gʻani Barodar boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekistonda boʻladi.

22 fevral kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respulikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Afgʻoniston Bosh vazirining oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi Mullo Abdul Gʻani Barodar bilan ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazdi.

Uchrashuvda davlatlar va xalqlar oʻrtasidagi aloqalar doʻstlik, hamkorlik va yaxshi qoʻshnichilik tamoyillariga asoslangani, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afgʻoniston bilan barcha sohalarda konstruktiv va oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratayotganliklari taʼkidlandi.

Oxirgi yillarda mamlakatlar oʻrtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar izchil rivojlanib bormoqda.

Oʻtgan yili “Termiz xalqaro savdo markazi” ochilgani ikki tomonlama savdoni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Uchrashuvda oʻzaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish, savdo-iqtisodiy, energetika, transport va boshqa sohalarda hamkorlikni izchil rivojlantirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Afgʻoniston delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi dasturidan Toshkent shahridagi bir qator ishlab chiqarish obektlari faoliyati bilan yaqindan tanishish ham oʻrin olgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid