Urushlar oʻz yoʻliga, iqlim nima boʻladi?
Bu jarayonlarning geosiyosiy oqibatlari ham bor. Masalan, Donald Tramp maʼmuriyati Arktikada hududiy ekspansiyani rejalashtirmoqda, jumladan, Kanada, Grenlandiya va Arktika arxipelagini AQSh nazoratiga oʻtkazish maqsad qilingan.

Shu kunlarda dunyo hamjamiyati faqat urushlar va iqtisodiy muammolar bilan oʻralashib qolib, sayyoramiz, demakki, insoniyat kelajagiga xavf solayotgan eng dolzarb mavzu – ekologik muammolarni unutib qoʻymoqda. Bugungi foydasi yoʻlida kelajagini qurbon qilayotganini oʻzi ham sezmayapti.
Urushlarning iqlimga zarari
Urush roʻy berayotgan hududlarda ekologik muammolar eng oxirgi oʻringa tushib qoladi. Urush nafaqat odamlar hayotiga, balki tabiat va ekologiyaga ham juda jiddiy zarar yetkazadi. Harbiy mojarolar natijasida tabiiy muhitning buzilishi, havo va suv ifloslanishi, oʻsimlik va hayvonot dunyosining yoʻqolib ketishi kuzatiladi. Bunga misollar juda koʻp.
Masalan, urush paytida tanklar, bomba va snaryadlar tuproqni vayron qiladi, hosildorlikni pasaytiradi va tuproqni metallar va kimyoviy moddalar bilan ifloslaydi. Masalan, Vetnam urushida AQSh tomonidan qoʻllanilgan "Agent Orange" defolianti millionlab gektar oʻrmon va qishloq xoʻjaligi yerlarini zaharladi. Buning oqibatida tuproq zararlandi va bugungi kungacha hosildorlik tiklanmagan.
Harbiy harakatlar natijasida suv manbalari kimyoviy moddalar va yoqilgʻi bilan ifloslanadi. Iroq urushi davomida neft quvurlarining vayron qilinishi va neft konlarining yonishi dengiz va daryolar suvining zaharlanishiga olib kelgan. Ukrainadagi urushda esa zavod va gidroinshootlarning vayron qilinishi suv sifatiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatgan.
Urushda qoʻllaniladigan bomba va snaryadlar atmosferaga katta miqdorda zararli gazlar chiqaradi. Kuvayt urushi (1991) davomida Iroq armiyasi neft quduqlarini yoqib yuborgan, bu esa yuz minglab tonna zararli moddalarning atmosferaga chiqishiga sabab boʻlgan. Bu nafaqat mintaqaviy, balki global iqlimga ham taʼsir koʻrsatgan.
Harbiy harakatlar natijasida oʻrmonlar kesiladi, yongʻinlar avj oladi va hayvonlar yashash joylaridan mahrum boʻladi. Afgʻonistondagi urushlar paytida minglab gektar oʻrmonlar vayron qilingan. Harbiy harakatlar natijasida koʻplab hayvon turlari yoʻq boʻlib ketish xavfi ostida qolgan.
Yadroviy va kimyoviy qurollar tabiatga eng katta zarar yetkazadi. Masalan, Rossiya 2022 yilda Ukrainaga qarshi boshlagan urushda mamlakatda AESlar oʻqqa tutildi, ularning portlab ketish xavfi tugʻildi.
Urushlar neft inshootlari va yirik sanoat obʼektlarining vayron qilinishiga sabab boʻladi, bu esa karbonat angidrid (CO2) va boshqa issiqxona gazlarining chiqarilishini oshiradi. Suriyadagi urush davomida yongʻinlar va portlashlar tufayli millionlab tonna karbonat angidrid atmosferaga chiqdi.
Urush tabiatga chuqur va tiklab boʻlmaydigan zarar yetkazadi. Suv va havo ifloslanishi, tuproqning zararlanishi, oʻsimlik va hayvonot dunyosining yoʻq boʻlishi insoniyat uchun katta xavf tugʻdiradi. Shunday ekan, global miqyosda urushlarning oldini olish nafaqat insonlar, balki butun ekotizim uchun hayotiy ahamiyatga ega.
Hozirgi geosiyosiy vaziyat va iqlim muammolari
Oʻtgan yilning noyabr oyida Boku shahrida Butunjahon iqlim oʻzgarishi boʻyicha BMTning 29-Konferensiyasi (COP29) oʻtkazildi. Biroq uning natijalari umidni oqlamadi. Prezident Donald Tramp esa 2025 yil 20 yanvardagi inauguratsiyasidan soʻng AQShni Parij kelishuvidan chiqardi. Bu voqealar global iqlim dasturi inqirozga yuz tutganini koʻrsatmoqda.
Lekin iqlim muammolarini eʼtiborsiz qoldirib boʻlmaydi, hatto agar jahon hamjamiyati ekologiyani saqlab qolish yoʻlida jiddiy muvaffaqiyatsizlikka uchraganini tan olishga toʻgʻri kelsa ham. Iqlim oʻzgarishi davom etmoqda va jarayon tezlashmoqda. Bugungi kunda yer yuzasining oʻrtacha harorati taxminan 1,5 daraja oshgan. Bu oʻzgarish bir tekisda emas: Arktika va Antarktikada harorat 4 darajaga, boshqa hududlarda esa kamroq darajada koʻtarilgan. Bu esa atmosfera va okeanlardagi oʻzgarish jarayonlarining kuchayishiga olib kelmoqda, shuningdek, oʻraganlar, yogʻingarchilik rejimidagi oʻzgarishlar, namlikning turli hududlar boʻylab qayta taqsimlanishi kabi tabiiy hodisalarni yuzaga keltirmoqda.
Bu hali boshlangʻich oʻzgarishlar, xolos. Iqlim oʻzgarishi boʻyicha hukumatlararo ekspertlar guruhi (IPCC) prognozlariga koʻra, 2032-2035 yillarga kelib harorat 1,5-1,7 darajaga, 2045 yilga kelib esa 2 darajaga oshishi mumkin. Qoʻshimcha ravishda, yangi issiqxona gazlari manbalari paydo boʻlishi xavfi ham bor, masalan, Arktika muzliklarining erishi. Agar bu tahdidlar amalga oshsa, vaziyat yanada jiddiy tus olishi mumkin.
Bu esa yer yuzi butkul oʻzgaradi, deganidir. Inson yashashi va qishloq xoʻjaligi uchun qulay hududlar oʻzgarishi mumkin. Daryolar oqimi, suv zaxiralari va gidroenergetikaga taʼsir koʻrsatishi mumkin. Mutaxassislar hisob-kitobiga koʻra, bu jarayon sekin surʼatda 30-40 yil davom etishi mumkin, lekin eng keskin ssenariy boʻyicha hammasi 15 yil ichida yuz berishi mumkin.
Har qanday inqiroz kabi, iqlim inqirozi ham yangi xavflar va imkoniyatlarni olib keladi. Bu faqat halokatli holat emas: bu global oʻzgarish, kim uchundir yaxshi, kim uchundir yomon. Bu jarayon nafaqat migratsiya oqimlarini oʻzgartirishga, balki mamlakatlarning raqobatbardoshligi va iqtisodiy tuzilishiga ham taʼsir koʻrsatadi.
Sanoatlashuv va urbanizatsiya oqibati: chiqindilar muammosi
Jahon hamjamiyati iqlim muammolariga qarshi kurashni energetik chiqindilarni kamaytirish (dekarbonizatsiya), qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish (QTEM) va yangi texnologiyalarga oʻtish yoʻli bilan hal qilishni rejalashtirgan edi. Bu jarayon juda katta biznesga aylandi – har yili 3-4 trillion dollar iqlim siyosatini qoʻllab-quvvatlash uchun qayta taqsimlanmoqda. Biroq natija kutilganidek emas, balki vindturbinalar va quyosh panellari ishlab chiqarish, ekspluatatsiya va utilizatsiya qilish uchun ketgan energiya xarajatlari samaradorlikka taʼsir qilmoqda.
Shuningdek, rivojlanayotgan mamlakatlar iqlim siyosatini moliyalashtirish majburiyatidan xalos boʻlishni kutgan edi, chunki rivojlangan davlatlar tomonidan 300 milliard dollar yordam vaʼda qilingan edi. Lekin bu mablagʻlar asosan Gʻarb texnologiyalarini sotib olish sharti bilan berilgan, bu esa Global Janub davlatlarining texnologiyaviy qaramlikni davom ettirishiga sabab boʻldi.
Yevropa Ittifoqi iqlim dasturining asosiy yetakchisi sifatida yirik investitsiyalar kiritdi, ammo oʻz raqobatbardoshligini taʼminlay olmadi. Gʻoya shunda ediki, yevropalik kompaniyalar QTEM va yangi texnologiyalarda yetakchilikni qoʻlga kiritishi kerak edi. Ammo bu bozorni Xitoy oʻz nazoratiga olib, hukumat resurslarini safarbar qila oldi. Bu esa davlat kapitalizmi xususiy korporatsiyalardan kuchliroq ekanini koʻrsatdi.
AQSh iqlim siyosatining evolyutsiyasi ham qiziqarli. Demokratlar davrida bu siyosat energetik xavfsizlik konsepsiyasining bir qismi boʻlgan. Biroq slanets inqilobi AQShni energiya yetkazib beruvchi yetakchi davlatga aylantirdi. Donald Tramp prezidentligi davrida Amerika energiya eksportini oshirishni oʻz oldiga maqsad qildi.
Ukraina mojarosi ham iqlim siyosatiga taʼsir koʻrsatdi. Yevropa Ittifoqi yashil dasturini toʻxtatib, amerikaliklardan suyultirilgan gaz sotib olishga majbur boʻldi. Shu bilan birga, AQSh iqtisodiy ustunlikka ega boʻldi – bu jarayon Jo Bayden tomonidan 2022 yilda qabul qilingan Inflyatsiyaga qarshi kurash toʻgʻrisidagi qonun bilan mustahkamlandi.
Bu jarayonlarning geosiyosiy oqibatlari ham bor. Masalan, Donald Tramp maʼmuriyati Arktikada hududiy ekspansiyani rejalashtirmoqda, jumladan, Kanada, Grenlandiya va Arktika arxipelagini AQSh nazoratiga oʻtkazish maqsad qilingan. Agar bu rejalar amalga oshsa, Vashington Arktikada Rossiya bilan tenglashgan katta imkoniyatlarga ega boʻladi.
Shuningdek, iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq holda AQSh qishloq xoʻjaligi hududlari shimoliga, Kanada tomonga siljishi mumkin. Bu Vashingtonning uzoq muddatli strategiyasini tasdiqlaydi. Bu oʻzgarishlar yangi global tartibni shakllantirishi mumkin, Yevropadagi noaniqlik esa katta ehtimol bilan yangi emigratsiya toʻlqinini AQShga yoʻnaltirishi mumkin.
Shunday qilib, iqlim oʻzgarishi nafaqat ekologik, balki geosiyosiy jarayonlarni ham qayta shakllantirmoqda. Bunday vaziyatdan chiqariladigan eng asosiy xulosa – milliy manfaatlarga tayangan iqlim siyosati yuritish va xalqaro manfaatlar muvozanatini topishdir. Biz isteʼmolchi emas, tashabbuskor sifatida harakat qilishimiz kerak. Barqaror rivojlanish talablarini unutmasligimiz lozim.
Abulfayz Sayidasqarov