Oilaning iqtisodiy-ijtimoiy holati farzand taʼlimiga qanday taʼsir etishi oʻrganildi
Mutaxassislarning tadqiqoti Oʻzbekiston maktablaridagi bepul tushlik davomatni 8 foizga oshirishini koʻrsatgan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati mazkur oila farzandlarining akademik natijalariga qanday taʼsir qilishi oʻrganildi.
Taʼlim va uning sifati iqtisodiy rivojlanish bilan chambarchas bogʻliq. Inson kapitali nazariyasiga muvofiq, bilim, qobiliyat va taʼlim darajasi inson kapitalidagi muhim omillar boʻlib, oʻz navbatida iqtisodiy rivojlanishga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Tadqiqotchilar iqtisodiy rivojlanishda taʼlim olish uchun sarflangan yillar emas, balki taʼlimning sifati muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlaydi. Bu esa oʻz navbatida, taʼlim sifatidagi tafovutlarni kamaytirish orqali uzoq muddatli rivojlanishga erishish mumkinligini koʻrsatadi.
Tadqiqotda Oʻzbekistonda PISA-2022 soʻrovi orqali olingan natijalardan foydalanildi.
Soʻrov mamlakatimizning turli hududlari boʻyicha 15 yoshli oʻquvchilarning javoblarini mujassam etgan boʻlib, uning asosida yaratilgan maʼlumotlar bazasi 202 ta maktab va 7293 nafar oʻquvchini qamrab oladi.

MHTI mutaxassislari tadqiqot davomida quyidagi natijalarni oldi:
1. Uy-xoʻjaliklari oilaning ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishiga qarab oʻsish tartibida guruhlanganda, yuqori oʻnlikda joylashgan oilalarning farzandlari quyi oʻnlikdagi oilalarning farzandlariga nisbatan matematika fanidan 43,7 ball, oʻqish fanidan 39,8 ball va tabiiy fanlardan 36,7 ball yuqori natija koʻrsatdi.
Repest moduli asosida qilingan tadqiqot natijalariga koʻra, ijtimoiy-iqtisodiy holat indeksining 1 birlikka yaxshilanishi ballarni matematika fanidan 9,5 ballga, oʻqish fanidan 9,2 ballga va tabiiy fanlardan 7,9 ballga yaxshilaydi.

2. Uy vazifalarini bajarmaydigan oʻquvchilar ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishiga koʻra, quyi oʻnlikdagi oilalar farzandlarining 6,7 foizini, yuqori oʻnlikdagi oilalar farzandlarining esa 3,3 foizini tashkil etadi.
Oʻquv haftasi davomida haq evaziga mehnat qiladigan 15 yoshli oʻquvchilar ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishiga koʻra, quyi oʻnlikda joylashgan oilalar farzandlarining taxminan har uch nafaridan birini, yuqori oʻnlikda joylashgan oilalar farzandlarining esa har toʻrt nafaridan birini tashkil etadi.

Tahlil natijalariga koʻra, oʻquvchilarning uy vazifalarini bajarmasligi PISA test sinovi natijalarini oʻrtacha 16 ballga, haq evaziga mehnat qilish esa 37 ballga kamaytiradi.
3. Oʻquv haftasi davomida darsdan avval nonushta qilmaydigan oʻquvchilar ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishiga koʻra quyi oʻnlikda joylashgan oilalar farzandlarining 13,6 foizini, yuqori oʻnlikda joylashgan oilalar farzandlarining esa 9,5 foizini tashkil etadi.
Tahlil davomida oʻquvchilarning darsdan oldin nonushta qilmasligi PISA test sinovi natijalarini oʻrtacha 20 ballga kamaytirishi aniqlandi. Nonushta qilmaslik koʻproq kambagʻal oilalarning farzandlariga taʼsir qiladi va ular nonushta qilmaydigan yuqori daromadli oilalarning farzandlariga nisbatan 34 ball kamroq oladi.
Takliflar:
Davlat taʼlim qonunchiligida maqsadli koʻrsatkichlarni xalqaro test sinovlari natijalari orqali aniq hamda bir vaqtning oʻzida guruhlar kesimida (yuqori-quyi daromadli oila farzandlari, shahar-qishloq va hokazo) belgilash lozim. Barcha uchun umumiy boʻlgan koʻrsatkichlar maʼlum bir guruhning yuqori natijasi hisobiga shakllanadi va oʻrtacha qiymatning oshishi taʼlimdagi tafovutning oshishiga olib keladi.
MHTI mutaxassislarining tadqiqoti Oʻzbekistonda maktablardagi bepul tushlik davomatni 8 foizga oshirishini koʻrsatgandi. Ushbu dalil va yuqoridagi tahlil natijalarini inobatga olgan holda, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar yashaydigan hududlardagi maktablarda sinov tariqasida bepul tushlik hamda nonushta berish tizimini joriy etish hamda ularning samaradorligini aniqlash lozim.