platina.uz

"Mikrokreditbank" yoshlar tadbirkorligida koʻprik boʻlmoqda

Bu tashabbus bank sohasida ishlashni maqsad qilgan yoshlar uchun tajriba maktabi, oʻz biznesini yoʻlga qoʻyishni istaganlar uchun esa mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladi.

Biznes
22-fevral, 9:24
"Mikrokreditbank" yoshlar tadbirkorligida koʻprik boʻlmoqda

Nukus shahrida “Talaba, bank va biznes” mavzusida yoshlar bilan uchrashuv oʻtkazildi.

Tadbirda "Mikrokreditbank" ATB boshqaruvi raisi oʻrinbosari Shahlo Ibragimova va Berdaq nomidagi qoraqalpoq davlat universitetining iqtisodiyot yoʻnalishi talabalari oʻzaro samimiy muloqot qildilar. Uchrashuv yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, ishbilarmonlik muhitiga tayyorlash hamda bank sohasi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etildi.

Maʼlumki, 14 fevral kuni Prezident yoshlar bilan uchrashuvida yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, ular uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish va yoshlarning gʻoyalarini startaplarga aylantirish masalalari muhokama qilindi. "Mikrokreditbank" mazkur tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlagan holda, yoshlar uchun ishbilarmonlik muhitini shakllantirish va ularni tadbirkorlikka jalb qilish borasida amaliy ishlarga kirishdi.

3 (13).png

Uchrashuv davomida talabalar nafaqat bank va biznes haqida maʼlumot oldilar, balki amaldagi yirik loyihalar bilan ham tanishdilar.

Uchrashuv ishtirokchilari dastlab Nukus shahridagi bugʻdoyni qayta ishlash zavodiga tashrif buyurdilar. Loyiha qiymati 16 milliard soʻmni tashkil etib, uni ishga tushirish uchun "Mikrokreditbank" tomonidan 10 milliard soʻm kredit mablagʻlari ajratilgan. Natijada 50 ta yangi ishchi oʻrni yaratildi. Korxona yiliga 12 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish hajmiga ega boʻlib, ichki bozor va eksport uchun mahsulot yetkazib bermoqda.

Shuningdek, talabalarni qiziqtirgan yana bir yirik loyiha – PRIME MEDICAL GROUP tibbiy xizmatlar markazi boʻldi. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun "Mikrokreditbank" tomonidan 21 milliard soʻm kredit mablagʻi ajratilgan boʻlib, uning umumiy qiymati 30 milliard soʻmni tashkil etadi. Bu markaz ishga tushishi natijasida 45 ta doimiy ish oʻrni yaratilgan.

Loyihalar bilan tanishish jarayonida yoshlar bank tizimi faqatgina moliyaviy operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilot emas, balki iqtisodiy rivojlanish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashda muhim vosita ekanini angladilar.

Uchrashuv doirasida faol talabalar bank amaliyotiga jalb qilindi. Ular "Mikrokreditbank"ning ichki jarayonlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻldilar. Bu tashabbus bank sohasida ishlashni maqsad qilgan yoshlar uchun tajriba maktabi, oʻz biznesini yoʻlga qoʻyishni istaganlar uchun esa mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladi.

Bank Axborort xizmati

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+