platina.uz
Siyosat

Prezident harbiy xavfsizlik va mudofaa boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi

Qoʻshinlarda dronlar va ularga qarshi kurashish, sunʼiy intellekt bilan ishlaydigan kibertuzilmalar, robotlashgan texnikalarni qoʻllashni rivojlantirish zarurligi aytib oʻtildi. 

Prezident harbiy xavfsizlik va mudofaa boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi

Oʻzbekiston Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev 21 fevral kuni harbiy xavfsizlik va davlat mudofaasini mustahkamlash masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Majlisda Xavfsizlik kengashi aʼzolari, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiradigan vazirlik va idoralar rahbarlari, okruglar qoʻmondonlari hamda joylardagi studiyalardan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi Raislari, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari, shuningdek, mahalliy xokimiyat organlari masʼullari ishtirok etdi.

Yigʻilish avvalida mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasida qilingan ishlar va ularning natijalari hamda yoʻl qoʻyilgan ayrim kamchiliklar koʻrsatib oʻtildi.

Milliy armiyamiz zamonaviy qurol-yarogʻ va texnika bilan taʼminlanayotgani, harbiy xizmatchilarning jangovar va maʼnaviy tayyorgarligi sezilarli darajada oshgani qayd etildi.

Jahon tajribasi va tahlillardan kelib chiqib, ichki va tashqi xatarlarning oldini olish va bartaraf etish boʻyicha yangi jangovar boʻlinmalar tuzildi, qoʻshinlar tarkibi optimallashtirildi.

Armiyani modernizatsiya qilish va zamonaviy qurollantirishning yangi tizimi – mudofaa sanoati yanada rivojlantirilgani, qoʻshimcha korxonalar tashkil qilingani qayd etildi. Qurolli Kuchlar tomonidan 20 dan ziyod mamlakat bilan ikki tomonlama harbiy hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, 400 dan ortiq qoʻshma mashgʻulotlarda yuqori koʻrsatkichlarga erishilganligi aytib oʻtildi.

Qurolli Kuchlar tarkibidagi harbiy oliygohlarning infratuzilmasi toʻliq modernizatsiya qilindi, oʻquv dasturi va metodikasi bugungi kun talablariga moslashtirildi.

Harbiylar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish ham kuchaydi. Jumladan, 30 mingga yaqin oila uy-joy bilan taʼminlandi, oʻtgan yil davomida 2 mingdan ortiq harbiy xizmatchilarning farzandlariga oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun imtiyozlar berildi.

Vatan himoyachilariga sharoit yaratishda harbiy-maʼmuriy sektorlar, davlat va jamoat tashkilotlari ham ishtirok etmoqda. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, maktablarda ularni chaqiruvga qadar boshlangʻich harbiy tayyorlashga eʼtibor kuchaytirilmoqda.

Yigʻilishda 2025 yil va kelgusi yillar uchun ustuvor vazifalar belgilandi.

Milliy armiyani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilashda zamonaviy qurolli mojarolar, xavfsizligimizga mavjud tahdidlar va harbiy harakatlar teatri xususiyatlarini hisobga olish zarurligi taʼkidlandi.

Hozirgi kunda turli mintaqaviy mojarolarda sunʼiy intellekt, robot, raketa, dron va ularga qarshi vositalar keng qoʻllanmoqda. Shundan kelib chiqib, qoʻshinlarda dronlar va ularga qarshi kurashish, sunʼiy intellekt bilan ishlaydigan kibertuzilmalar, robotlashgan texnikalarni qoʻllash va havo hujumidan mudofaa boʻyicha yangi boʻlinmalarni tashkil etish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni tomonidan Qurolli Kuchlarimizning jangovar shayligini taʼminlash, jangovar tayyorgarlik koʻrsatkichlarini yanada takomillashtirish, sunʼiy intellektga asoslangan qoʻshinlarni avtomatlashtirilgan yagona boshqarish tizimini yaratish, harbiy taʼlim va harbiy kadrlarni tayyorlashda dual taʼlimdan foydalanish lozimligi taʼkidlandi.

Armiyaning ustuni boʻlmish “Bosh serjantlar korpusi” faoliyatini takomillashtirish, mudofaa sanoatini yanada rivojlantirish, harbiy xizmatchilarni va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvatlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va harbiy sport sohasiga yoʻnaltirish kabi muhim vazifalar belgilandi.

Yigʻilishda mudofaa vaziri, harbiy okrug qoʻmondonlari va boshqa maʼsullarning hisobot hamda takliflari eshitildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid