Oʻzbekiston oʻz fuqarolarini xavfsiz deportatsiya qilishda AQSh bilan hamkorlik qilmoqda
Ushbu fuqarolar vatanga Nyu-York-Toshkent yoʻnalishi orqali qaytadi, deya bildirdi TIV matbuot kotibi Ahror Burhonov.

AQSh hukumati tomonidan deportatsiya qilinayotgan Oʻzbekiston fuqarolari vatanga Nyu-York-Toshkent yoʻnalishi orqali qaytadi. Bu haqda tashqi ishlar vazirining matbuot kotibi Ahror Burhonov maʼlum qildi.
Burhonovning “Dunyo” axborot agentligiga maʼlum qilishicha, Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi uzoq yillardan buyon Oʻzbekiston fuqarolarining oʻz vatanlariga xavfsiz deportatsiyasini taʼminlash maqsadida AQShning tegishli huquq-tartibot idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.
"Bizning kelishuvlarimizga asosan, Amerika tomoni deportatsiya qilinadigan fuqarolarimizning har bir holati haqida tezkorlik bilan xabardor qiladi. Oʻrnatilgan amaliyotga koʻra, fuqarolarimiz vatanga Nyu-York-Toshkent yoʻnalishi orqali qaytadi”, deydi u.
Diplomatik vakolatxonalar Amerika tomonidan boshqa davlatlarga deportatsiya qilinishi mumkinligi haqida maʼlumot berishni soʻrab murojaat qildi. Bundan tashqari, bu borada Lotin Amerikasi davlatlari bilan diplomatik kanallar orqali ham aloqalar oʻrnatilgan.
"Diplomatik vakolatxonalarimiz Oʻzbekistonning barcha fuqarolariga, ular qayerda boʻlishidan qatʼi nazar, har tomonlama yordam koʻrsatadi", deydi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili.
Avvalroq Oʻzbekiston fuqarolari AQShdan Panamaga deportatsiya qilingani maʼlum boʻlgandi.