platina.uz
Siyosat

Mudofaa sanoatida sunʼiy intellektdan keng foydalaniladi

Shavkat Mirziyoyev Mudofaa sanoati agentligining Innovatsion texnologiyalar markaziga bordi. 

Mudofaa sanoatida sunʼiy intellektdan keng foydalaniladi

Prezident mudofaa sanoatida sunʼiy intellektdan keng foydalanish boʻyicha topshiriq berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 fevral kuni Mudofaa sanoati agentligining Innovatsion texnologiyalar markaziga tashrif buyurdi.

Prezident bu yerdagi ishlab chiqarish quvvatlari, ilgʻor ishlanmalar, harbiy va ikki xil maqsadga moʻljallangan mahsulotlar bilan tanishdi.

Armiya qobiliyatini mustahkamlashda harbiy xizmatchilarning professional tayyorgarligi bilan bir qatorda mudofaa sanoatini rivojlantirish muhim oʻrin tutadi. Prezident tashabbusi bilan Oʻzbekistonda zamonaviy mudofaa sanoatiga asos solingani tarixiy ahamiyatga ega boʻldi. Mudofaa vazirligi huzuridagi agentlik tomonidan qurol-yarogʻlarni modernizatsiya qilish, yangi texnologiyalarni oʻzlashtirish va istiqbolli ishlanmalarni qoʻshinlarda joriy etish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur Innovatsion texnologiyalar markazida 80 ga yaqin harbiy va ikki xil maqsadga moʻljallangan mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, robototexnika va uchuvchisiz apparatlar boʻyicha startap loyihalari qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Tashrif chogʻida harbiy texnikaning yangi namunalari, mudofaa sohasini yanada rivojlantirish boʻyicha istiqbolli loyiha va rejalar taqdimot qilindi.

Davlatimiz rahbari bu birinchi qadamlar boʻlganini aytib, mudofaa tizimining raqobatbardoshligini oshirib borish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Ishlab chiqarishni muntazam takomillashtirib, yangi mahsulotlarni oʻzlashtirish, bunda innovatsion texnologiyalar va sunʼiy intellektdan keng foydalanish muhimligi taʼkidlandi.

Shu bilan birga, buyurtma asosida sohaga xususiy sektorni kengroq jalb etib, harbiy va ikki xil maqsadga moʻljallangan mahsulot turlarini koʻpaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi. Yangi ish oʻrinlari yaratish, mutaxassislarni tizimli tayyorlash, yangi texnikalar boʻyicha ilmiy laboratoriyalar tashkil etish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston mudofaa sanoati korxonalari xalqaro ixtisoslashtirilgan koʻrgazmalarda faol ishtirok etmoqda. Xususan, joriy yilning 17-21 fevral kunlari Abu-Dabi shahrida (BAA) boʻlib oʻtayotgan "IDEX-2025" koʻrgazmasida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan 100 dan ortiq harbiy texnika va mahsulotlar namunalari namoyish etilmoqda.

Xorijiy hamkorlarda katta qiziqish uygʻotgan "Arslon 8×8" va "Arslon 6×6" zirhli transportyorlar, "Toʻfon" oʻziyurar gaubitsasi shular jumlasdan.

Tashrif yakunida Prezident mudofaa sanoatini yanada rivojlantirishning strategik yoʻnalishlarini koʻrsatib, mutasaddilar oldiga mahsulotlarning yuqori sifatini taʼminlash, ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirish va mahalliy korxonalarning xalqaro bozordagi oʻrnini mustahkamlash yuzasidan aniq vazifalar qoʻydi.

Tavsiya etamiz

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid