Eksportchilarni moliyalashtirishda “Mikrokreditbank” faollik koʻrsatmoqda
Joriy yilda qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasida faoliyat yuritayotgan 330 dan ortiq tadbirkorlik subʼektlarining 1,2 trln soʻmlik loyihalarini moliyalashtirish rejalashtirilgan.

Yurtimizda eksportchi korxonalarni moliyaviy va tashkiliy qoʻllab-quvvatlash maqsadida bir qator imtiyozlar joriy qilingan. Misol uchun, transport xarajatlarining 50 foizgacha boʻlgan qismi, xalqaro standart sertifikatlari joriy etilganda, ularning toʻlovlari ham davlat tomonidan qoplanadi. Xalqaro koʻrgazmalar, yarmarkalarda tadbirkorlar ishtirokini taʼminlashda ham xarajatlarning maʼlum bir qismi toʻlab beriladi.
Bundan tashqari, eksportchi korxonalar eksportga chiqayotgan mahsulotlar uchun yagona soliq va foyda soligʻidan ozod etilgan. Deylik, bir korxona ishlab chiqarayotgan mahsulotining 30 foizini eksport qilsa, oʻsha 30 foiz mahsulot uchun foyda va yagona soliqdan ozod etiladi. Eksportchi korxonalar uchun yana bir soliq imtiyozi bor. Ularga qoʻshilgan qiymat soligʻini (QQS) qaytarib olish imkoniyati yaratilgan.
“Mikrokreditbank” ATB tomonidan ham eksportchi korxonalarni jumladan, Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subʼektlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularning loyihalari moliyalashtirilib kelinmoqda.
Birgina 2024 yilda 150 ta qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subʼektlarining 804,7 mlrd soʻmlik loyihalari moliyalashtirilib, 1,97 mln. AQSh dollari miqdorida eksport tushumi amalga oshirildi.
Joriy yilda esa qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sohasida faoliyat yuritayotgan 330 dan ortiq tadbirkorlik subʼektlarining 1,2 trln soʻmlik loyihalarini moliyalashtirish rejalashtirilgan.
Misol uchun, 2024 yilda Qoraqalpogʻistondagi “Xojeli un mahsulotlari” korxonasiga aylanma mablagʻni toʻldirish va bugʻdoy sotib olish uchun 12 oy muddatga 600 000 AQSh dollari miqdorida kredit ajratildi. Buning natijasida 2024 yil davomida 1,8 mln AQSh dollari miqdorida un mahsulotlari eksportini amalga oshirdi. Quvonarlisi, ushbu korxonada doimiy ishchilar soni 65 nafarni tashkil etadi.

Maʼlumot uchun, “Xojeli un mahsulotlari” korxonasi bankning moliyaviy koʻmagida tashkil qiligan boʻlib, 2022-2024 yillarda 2,2 mln AQSh dollari miqdorida kreditlar ajratilgan. Ayni paytda korxonada Qozogʻiston Respublikasidan olib kelingan bugʻdoy qayta ishlanib, yuqori navli un mahsuloti nafaqat xalqimiz dasturxoniga, balki xorijga ham eksport qilinmoqda. Korxona kuniga 200 tonna un mahsulotini ishlab chiqarish quvvatiga ega.
“Mikrokreditbank” tomonidan eksport bilan shugʻullananib, milliy mahsulotlarimizni jahonga olib chiqayotgan, bu orqali davlatimizning iqtisodiy salohiyati ortishiga munosib hissasini qoʻshib kelayotgan tadbirkorlarni imtiyozli shartlarda moliyaviy qoʻllab-quvvatlash davom ettiriladi.
Bank Axborot xizmati