Xorazmda byudjetdan 27 mlrd soʻmdan oshiq pul ajratildi
Milliy gvardiyaga qarashli Chavandozlar maktabi hududiga qoʻshimcha bino va inshootlar qurish uchun 4,5 mlrd soʻm beriladi.

Xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashi qarori bilan mahalliy byudjet hisobidan byudjet tashkilotlari va byudjetdan pul oluvchilarga 27 mlrd soʻmdan oshiq pul ajratildi.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshqarmasi mablagʻlarning sarflanishini nazorat qiladi.
Qaror ilovasiga koʻra, Milliy gvardiya Xorazm viloyati boshqarmasi Chavandozlar maktabi hududiga qoʻshimcha bino va inshootlar qurish uchun 4,5 mlrd soʻm taqdim etiladi.
Shovot va Tuproqqalʼa tumanlarida Yoshlar markazini qurish va jihozlash ishlari uchun 5 mlrd soʻm "Yagona buyurtmachi xizmati" injiniring kompaniyasi DUKka ajratiladi.
Viloyatda qurilayotgan "Yangi Oʻzbekiston" massivlari hududlarini obodonlashtirish, chiroqlar oʻrnatish va boshqa xarajatlar uchun 5,1 mlrd soʻm beriladi.
Xalqaro tadbirlarni yuqori saviyada oʻtkazish uchun LED monitor xarid qilish uchun 1,5 mlrd soʻm, viloyat kurash federatsiyasi xodimlari ish haqi uchun 1 mlrd 380 mln beriladi.
Shuningdek, Pahlavon Mahmud haqida film ("Xiva langari") suratga olish xarajatlari uchun 1 mlrd soʻm berilishi koʻzda tutilgan.