Sifatsiz qishki kiyim uchun toʻlangan pul qaytarib berildi
Tailandga parvoz qilgan yoʻlovchining esa 4 oy davomida bagaji yetkazib berilmagan.

Narxi sifatiga nomunosib boʻlgan tovar puli qaytarildi.
Raqobat qoʻmitasi tomonidan Toshkent shahridagi Samarqand darvoza savdo kompleksidan sotib olingan ustki kiyim sifatsiz chiqqanligi yuzasidan fuqarodan tushgan murojaat oʻrganib chiqildi.
Oʻrganishlar davomida fuqaro 3 mln 500 ming soʻmga xarid qilgan qishki kiyimi yomgʻirli havoda suvni va sovuqni oʻtkazib yuborgani, savdo shoxobchasidan sotilgan sifatsiz tovarga toʻlagan pulini qaytarib berilmayotganligi maʼlum boʻldi.
Qoʻmitaning tegishli soʻrov xatiga javoban savdo kompleksi tomonidan narxi sifatiga nomunosib boʻlgan kurtka uchun toʻlangan 3 500 000 soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari qaytarilishi taʼminlandi.
Yoʻqolgan bagaj uchun fuqaroga kompensatsiya toʻlandi.
Raqobat qoʻmitasi Toshkent viloyatida yashovchi fuqaro K.Gʻ.ning “Qanot Sharq” MChJ aviakompaniyasi xizmatidan noroziligi bildirilgan murojaatni koʻrib chiqdi.
Oʻrganishlar davomida uchishga tegishli hujjatlar, ariza, chipta va talonlar fuqaroning “Puket-Toshkent” yoʻnalishida uchib kelganini tasdiqladi. Ammo oradan 4 oydan ortiq vaqt oʻtishiga qaramay, bagaji yetkazib berilmagan.
Xizmat koʻrsatuvchi ikkita aviakompaniya xulosalari bagajni yoʻqolganini tasdiqladi va “Qanot Sharq” MChJ 15 kg bagaj uchun kompensatsiya tariqasida 4 300 000 soʻmdan ortiq mablagʻni toʻlab berilishi taʼminlandi.
Nuqsonli televizor sifatlisiga almashtirildi.
Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida yashovchi fuqaro N.O. “IDEA” savdo doʻkonidan 4 500 000 soʻmga televizor sotib olgan, uyga keltirilganda nuqsoni borligi uchun umuman koʻrsatmagan. Isteʼmolchi mazkur masala boʻyicha doʻkon xodimlariga bir necha bor murojaat yoʻllashiga qaramasdan muammo ijobiy hal qilib berilmagan.
Raqobat qoʻmitasi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasiga fuqaro qoldirgan murojaat oʻrganib chiqilganida savdo shoxobchasi fuqaroga sotish jarayonida mazkur televizorni oldindan ishlatib, tekshirib bermaganligi maʼlum boʻldi.
Natijada savdo doʻkonidan olingan nuqsonli televizor mahsuloti xuddi shu narxdagi va rusumdagi yangi televizorga almashtirib berilishi taʼminlandi.
“Uzum market” fuqaroga tovar pulini qaytarishi taʼminlandi.
Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro K.D. “Uzum market” savdo platformasi orqali 860 ming soʻmga payvandlash uskunasiga buyurtma qilib, toʻlovni oldindan amalga oshiradi. Mahsulot reklamasida oʻzgaruvchan va oʻzgarmas tokda ishlashi koʻrsatilgan boʻlsa-da, amalda esa oʻzgarmas tokda payvandlash imkoni yoʻqligi maʼlum boʻlgan.
Mahsulotni qaytarish va toʻlangan mablagʻlarni olish yuzasidan qoldirilgan murojaatni Raqobat qoʻmitasi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan oʻrganib chiqildi va natijada payvandlash uskunasi uchun toʻlangan mablagʻ toʻliqligicha “Uzum market” MChJ XK tomonidan qaytarilishi taʼminlandi.