Tugatilayotgan banklardan omonatlarni qaytarish muddatlari belgilandi
Omonatlarni kafolatlash agentligi banklardagi omonatlarning himoya qilinishini kafolatlash sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi.

“Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonun (OʻRQ-1031-son, 18.02.2025 y.) qabul qilindi.
Qonun jismoniy shaxslarning, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlarning, shuningdek yuridik shaxslarning banklardagi omonatlarini kafolatlash sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Omonatlarni kafolatlash agentligi banklardagi omonatlarning himoya qilinishini kafolatlash sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi.
Omonatlarni kafolatlash tizimi kafolatlash hodisasi yuzaga kelganda Agentlik tomonidan omonatchilarga kompensatsiyalarni toʻlash orqali omonatchilarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini davlat tomonidan himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidir.
Bank, shu jumladan mikromoliya banki va qonunchilikka muvofiq tashkil etilgan oraliq bank litsenziya berilgan paytdan eʼtiboran kafolatlash tizimining ishtirokchisiga aylanadi.
Bir bankda bir omonatchiga toʻlanadigan kompensatsiya quyidagi miqdorni tashkil etadi:
-kafolatlash obʼekti qoldigʻining toʻliq hajmini, agar uning miqdori 200 million soʻm yoki undan kam boʻlsa;
-200 million soʻmni, agar kafolatlash obʼektining qoldigʻi 200 million soʻmdan koʻp boʻlsa.
Agentlik tugatilayotgan bank omonatchilarining kamida toʻrtdan uch qismiga kompensatsiyalarni olish imkoniyatini quyidagi muddatlarda taʼminlashi shart:
-2025 yil 1 yanvardan boshlab – kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanadan eʼtiboran 20 ish kuni ichida;
-2026 yil 1 yanvardan boshlab – kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanadan eʼtiboran 15 ish kuni ichida;
-2027 yil 1 yanvardan boshlab – kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanadan eʼtiboran 7 ish kunida.
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.