platina.uz
Jamiyat

Tomorqasini qarovsiz qoldirganlar uch karra yuqori soliq toʻlaydi

Ular imtiyozli kreditlar va moddiy yordamdan ham mahrum etiladi. Bu haqda prezident farmoni eʼlon qilindi.  

Tomorqasini qarovsiz qoldirganlar uch karra yuqori soliq toʻlaydi

Endi tomorqasini qarovsiz qoldirgan xonadon egalari uch karra yuqori soliq toʻlaydi.

Bu haqda prezidentning tomorqa va dehqon xoʻjaliklari zamonaviy tizimni joriy etish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha farmonida aytiladi.

Aholi tomorqasi va ijaraga berilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish boʻyicha hokim yordamchisi tomonidan har chorakda oʻrganish olib boriladi.

Oʻrganish davomida xonadondagi tomorqa va ijara yerlarida ekin ekilmagan va qarovsiz qoldirilgan boʻlsa quyidagi choralar qoʻllaniladi.

1. Imtiyozli kreditlar ajratilmaydi.

2. Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan fuqarolar uchun yordamlar (moddiy yordam yoki bola puli kabi) toʻxtatiladi.

3. Yer soligʻi uch karra yuqori miqdorda hisoblanadi.

Farmonga koʻra, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Oʻzbekiston fermerlari kengashi etib qayta nomlandi.

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqalarini rivojlantirish bilan bogʻliq quyidagi qoʻshimcha vazifa va funksiyalar yuklandi, jumladan:

-aholi tomorqalari va dehqon xoʻjaliklaridagi yer maydonlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazish va ularda yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hisobini yuritish hamda “Online mahalla” platformasida aniq va batafsil maʼlumotlar bazasini shakllantirish;

-tuman va mahallalarning ixtisoslashuv boʻyicha salohiyat va imkoniyatlaridan kelib chiqib, tomorqalarda yuqori daromadli mahsulotlar yetishtirishni yashil va innovatsion yondashuvlar asosida tashkil etish orqali aholining yuqori daromadli mehnat bilan bandligini taʼminlash va ularni kambagʻallikdan chiqarish.

Tomorqa yer egalari va dehqon xoʻjaliklari faoliyatini rivojlantirish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish boʻyicha kengash tuzildi.

Fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hamda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzurida Dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid