Buxoroda gaz narxini oshirgan zapravkalarga chora koʻrildi
Ushbu inshootlarda 2024 yilning 7-9 dekabr kunlari 1 m³ gaz uchun chakana narx 4 150 soʻmgacha, yaʼni 8 foizgacha oshgani qayd etilgan.

Buxoroda gaz narxini oshirgan zapravkalarga chora koʻrildi.
Raqobat qoʻmitasi Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan monitoringlar oʻtkazilgan.
Jarayon davomida avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalarida 2024 yilning 6 dekabriga qadar 1 m³ siqilgan gaz uchun chakana narx 3 850 soʻmdan 3 950 soʻmgachani tashkil etgan boʻlsa-da, 2024 yilning 7-9 dekabr kunlari 1 m³ gaz uchun chakana narx 4 150 soʻmgacha yaʼni 8 foizgacha oshgani qayd etildi.
Hududiy boshqarma tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 256-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari asosida raqobatlashayotgan xoʻjalik yurituvchi subʼektlar bilan bir vaqtda yoki ketma-ketlikda siqilgan gaz narxini chakana savdoda sunʼiy tarzda oshirish orqali raqobatga qarshi kelishuvlar yoki muvofiqlashtirilgan harakatlarga ishtirok etganlik alomatlari boʻyicha 85 ta avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalarida tegishli tartibda oʻrganish ishlari oʻtkazildi.
Olib borilgan oʻrganishlar davomida Buxoro viloyatidagi 47 ta avtomobillarga gaz toʻldirish shoxobchalarida faoliyat yuritayotgan 44 ta xoʻjalik yurituvchi subʼektlar tomonidan narxni sunʼiy tarzda oshirish uchun individual iqtisodiy sabablar, umumiy tashqi omillar mavjud boʻlmagan holatda, xarajatlarga zarurat boʻlmasa-da, narxlarni bir vaqtda yoki ketma-ketlikda oshirib (narxlarni oshirish davri: 2024 yil 5 dekabrdan - 13 dekabrga qadar) isteʼmolchilarga sotish orqasidan asossiz daromad olish holatlari aniqlandi.
Yuqoridagi aniqlangan holatlarga muvofiq, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan 44 ta xoʻjalik yurituvchi subʼektlarga nisbatan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 19-moddasi va Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlarining talablari buzilish alomatlari bilan ishlar qoʻzgʻatilgan.
Ish natijasi yuzasidan belgilangan tartibda moliyaviy jarimalar qoʻllash haqida qarorlar qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berildi.