Aholi energiyani tejash boʻyicha oʻqitiladi
Bunda Yaponiya tajribasi asos qilib olinishi rejalashtirilgan.

Isteʼmolchilar Yaponiya tajribasi asosida energiya tejash savodxonligi boʻyicha oʻqitiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevga energiya samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar taqdimotida soʻz boradi.
Shuningdek, energiyani tejash maqsadida issiqlikni yaxshi saqlash uchun koʻp qavatli uylarni izolyatsiyalash kengaytiriladi, xonadonlarda geliokollektor va quyosh paneli oʻrnatishga arzon kreditlar beriladi.
Tahlillarga koʻra, Oʻzbekistonda 1 dollarlik yalpi ichki mahsulot yaratish uchun dunyodagi oʻrtacha koʻrsatkichdan 2,5 barobar koʻp energiya sarflanyapti. Elektr tarmoqlaridagi yoʻqotishlar 14 foiz, tabiiy gazda esa 7 foizdan yuqori.
Shu bois olimlar jalb qilinib, joylarda energiyani tejash imkoniyatlari ilmiy asosda oʻrganilmoqda. Hozirgacha 7 ta viloyatda 4,6 milliard kilovatt-soat elektr va 1 milliard kub metr gazni iqtisod qilish imkoniyatlari aniqlangan.
Taqdimotda shu kabi oʻrganishlar asosida ishlab chiqilgan takliflar muhokama qilindi.
Misol uchun, suv xoʻjaligidagi eski nasoslarni zamonaviysiga almashtirib, yiliga 1 milliard kilovatt-soat elektrni tejash mumkin. Ijtimoiy muassasalarda qozonxonalarni yangilash, “yashil” energiyadan foydalanish orqali bu yil 5 million kub metr gaz, 15 million kilovatt-soat elektrni iqtisod qilsa boʻladi.
Umuman, bu yil 1,6 milliard kub metr gaz va 3,5 milliard kilovatt-soat elektrni tejash moʻljallangan. Buning uchun har bir korxona va tashkilotga ilmiy asoslangan chora-tadbirlar yetkaziladi.
Jumladan, yirik sanoat korxonalarida bir mahsulot birligi ishlab chiqarishga ketadigan energiya meʼyori belgilanadi. Shuning oʻzidan energiya sarfi 5-10 foiz qisqartiradi. Ijtimoiy obʼektlarda energiya tejamkor uskunalarni oʻrnatish boʻyicha manzilli dastur tasdiqlanadi.
Davlat rahbari hudud va tarmoqlar kesimida energiya isrofini kamaytirish, talon-torojliklarning oldini olish boʻyicha qatʼiy koʻrsatmalar berdi.