Prezident kuvaytlik ishbilarmonlar bilan uchrashuvlar oʻtkazdi
"Action Group Holdings" kompaniyasining Oʻzbekistonda gidroelektr stansiyalari va ijtimoiy uy-joylar qurish, mineral resurslarni qayta ishlash boʻyicha rejalarini maʼqullandi.

Tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Fouad Alghanim & Sons" kompaniyasi rahbari Fadi Xaddadni qabul qildi.
1965 yilda tashkil etilgan xolding avtomobilsozlik, qurilish, energetika, neft-gaz, savdo, kema qurilishi, aviatsiya, telekommunikatsiya, turizm va koʻchmas mulk sohalarida faoliyat yuritmoqda.
"Fouad Alghanim & Sons" kompaniyasining davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida sogʻliqni saqlash va taʼlim obʼektlarini qurish rejalari qoʻllab-quvvatlandi.
Shavkat Mirziyoyev Al-Kuvayt shahrida "Agility Logistics" kompaniyasi raisi Xenadi al-Solih bilan uchrashuv oʻtkazdi.

1979 yilda tashkil etilgan transmilliy logistika kompaniyasi bu sohada dunyoning eng yirik korxonalaridan boʻlib, 70 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritmoqda. Aviatsiya xizmatlari, sanoat omborlari, logistika parklari, xizmatlarni raqamlashtirish kabi yoʻnalishlarda ish olib bormoqda.
Uchrashuvda Koʻrfaz mamlakatlariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini samarali yetkazib berish uchun Oʻzbekistonda qoʻshma logistika markazini tashkil etish boʻyicha istiqbolli loyihaga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Al-Kuvayt shahrida "Action Group Holdings" kompaniyasi rahbari Shayx Muborak as-Sabohni qabul qildi.
1998 yilda tashkil etilgan xolding faoliyati koʻchmas mulk, neft sanoati, axborot texnologiyalari, logistika, qurilish, taʼlim, konsalting va savdo sohalarini qamrab oladi.
Davlatimiz rahbari "Action Group Holdings" kompaniyasining Oʻzbekistonda gidroelektr stansiyalari va ijtimoiy uy-joylar qurish, mineral resurslarni qayta ishlash boʻyicha rejalarini maʼqulladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Kamco Invest" kompaniyasi rahbari Abdulloh al-Sharix bilan uchrashdi.
1998 yilda tashkil etilgan "Kamco Invest" moliyaviy kompaniyasi aktivlarni boshqarish, investitsion banking va brokerlik sohasida xizmatlar koʻrsatadi. BAA, Saudiya Arabistoni, Iordaniya va Buyuk Britaniyada vakolatxonalari mavjud.
"Kamco Invest" rahbariyati bilan xususiy kompaniyalarning korporativ faoliyati samaradorligini oshirish loyihasini amalga oshirish hamda Qoʻshma investitsiya platformasini yaratish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Kuvaytga rasmiy tashrifi ishbilarmonlik dasturi davomida "Al Imtiaz Investment Group" kompaniyasi boshqaruvi aʼzosi va ijrochi direktori Fuzi Xolid bin Essa bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

"Al Imtiaz Investment Group" guruhi 2005 yilda tashkil etilgan boʻlib, aktivlarni boshqarish, koʻchmas mulk, sogʻliqni saqlash, sanoat va moliya sohalariga sarmoya kiritishga ixtisoslashgan.
Kuvayt kompaniyasining oziq-ovqat yetishtirish, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek, koʻchmas mulk obʼektlarini qurish boʻyicha tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.
Shavkat Mirziyoyev oʻziga ajratilgan qarorgohda "Gulf Care General Trading" kompaniyasi rahbari doktor Iyad as-Solihni qabul qildi.
2001 yilda tashkil etilgan kompaniya Koʻrfaz mintaqasida tibbiy uskunalarning eng yirik yetkazib beruvchilaridan biri boʻlib, Kuvaytdagi xususiy tibbiyot muassasalarining keng tarmogʻi egasidir.

Mamlakat yetakchisi kasalliklarni barvaqt aniqlash sohasidagi sheriklik rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Kompaniyaning mamlakatimiz hududlarida tibbiy xizmat koʻrsatish va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish borasidagi rejalari qoʻllab-quvvatlandi.