Ishchi guruh yordamida salkam 2 ming fuqaro ish bilan taʼminlandi
Toshkent shahri, Namangan va Buxoro viloyatlarining eng olis hududlaridagi muammolar oʻrganilgan.

Prezident topshirigʻiga asosan tuzilgan Respublika ishchi guruhi aʼzolari besh kun davomida Toshkent shahri, Namangan va Buxoro viloyatlarining eng oli va chekka hududlarida oʻz faoliyatini davom ettirishdi.
Ishchi guruh tomonidan biriktirilgan hududlardagi mahallalarda sayyor qabullar oʻtkazildi. Aholi muammolarini oʻrganish va hal etish, bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, migratsiyadagi fuqarolar bilan ishlash shuningdek, belgilangan boshqa masalalar boʻyicha manzilli ishlar olib borildi.
Ishchi guruhlarga Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonasi masʼul xodimlari, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Mudofaa, Davlat xavfsizlik xizmati, Adliya, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi, Bandlik, Sogʻliqni saqlash vazirliklari kabi qator idoralardan masʼul rahbar va xodimlar jalb etildi.
Aholi kayfiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi omillarni bartaraf etish hamda ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida Respublika Ishchi guruhi tomonidan sayyor qabullar oʻtkazildi. Ularda 4 mingga yaqin murojaatlar kelib tushib, 1,2 mingdan ziyodi joyida hal etildi. Qolgan qismi qoʻshimcha oʻrganish va mablagʻ talab etganligi sababli ijro uchun nazoratga olindi.

Qabullarda fuqarolarning sud-huquq, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, bandlik, moddiy yordam, kommunal va infrastruktura bilan bogʻliq masalalari yuzasidan murojaatlari tegishli soha masʼullari tomonidan oʻrganilib, amaliy yordamlar koʻrsatildi.
Bunda tashqari, Prezident Virtual va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar, aholi muammolarini mahallabay oʻrganishlar natijasida joylarda 11 km yoʻl asfaltlashtirildi, 26,4 km yoʻl shagʻallashtirildi, 225 dona temir-beton ustun oʻrnatilib, yangi 40,6 km uzunlikdagi elektr tarmogʻi tortildi, 224 ta transformator, 2 mingdan ziyod gaz taqsimlash punktlari kapital taʼmirlandi, 118 mingta qoʻshimcha suyultirilgan gaz ballonlari aholiga yetkazildi.
Aholi orasida ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirish maqsadida ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan ogʻir, chegara va olis hududlarda joylashgan jami 395 ta mahallada mehnat yarmarkalari oʻtkazildi va 2 mingga yaqin ishsiz fuqarolar boʻsh ish oʻrinlariga joylashtirildi.
Joylarda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida Respublika ishchi guruhi aʼzolari yordami bilan “Gʻijduvon tajribasi” asosida 6 ta yirik loyihalar ishga tushirildi va 2 mingdan ziyod yangi ish oʻrinlari yaratildi. “Sayxunobod tajribasi” asosida esa 4 mingga yaqin mikroloyihalar amalga oshirilib, 8 mingdan ziyod aholining bandligi taʼminlanishi kutilmoqda. “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish” dasturi doirasida 2 mingga yaqin fuqarolarga jami 27,1 mlrd soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi. “Uychi tajribasi” asosida “mijozbay” ishlash orqali 6 mingta ta doimiy ish oʻrni yaratilishi kutilmoqda.
Respublika ishchi guruhining faoliyati davom etmoqda. Navbatdagi manzil Navoiy viloyati.